Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Bobur Yo‘ldoshev: “OCHL guruh bosqichiga chiqishimiz shart...”

Bobur Yo‘ldoshev: “OCHL guruh bosqichiga chiqishimiz shart...”

Baho:
+ | -

Avvalgi mavsum o‘z tarixida ilk marta milliy chempionat sovrindorlari qatoriga kirgan AGMKni oldinda katta imtihon kutib turibdi: olmaliqliklar Qatarda «Al-G‘arafa»ga qarshi o‘yinda OCHL-2021 guruh raundi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishlari kerak. Zero, Mirjalol Qosimov jamoasi oldiga yanada katta vazifalar qo‘yilgan. Jumladan, OCHLning asosiy setkasiga chiqish bosh maqsadlardan biridir. AGMK futbolchilari ham buni tushunib turishibdi - ular xal­qaro arenada o‘ynashni astoydil xohlashmoqda. Olmaliq klubining tajribali himoyachisi Bobur Yo‘ldoshev ham buni biz bilan suhbatda alo­­hida ta’kidladi.

- Suhbatimizni yoqimsizroq mavzuda boshlasak: ko‘pchilik sizlardan «Paxtakor»ga jiddiy raqobat taqdim etishinglarni kutgandi, amalda «sherlar»ga yirik hisobda yutqazib qo‘ydinglar...

- Menimcha, «Paxtakor»ga jiddiy kurash taklif eta oldik, faqat hisob... Asosiysi, o‘yin borasida raqibdan aslo qolishmadik, fikrimcha, ko‘rsatilgan futbol sifati muxlislarga ham ma’qul bo‘ldi. Biroq qator imkoniyatlardan samara chiqarolmadik, bu borada tom ma’noda oqsadik. Ayni shu narsa pand berdi. Deylik, «Paxtakor» hisobni ochishidan oldin ham bizda yaxshigina imkoniyat yuzaga kelgan va undan foydalanganimizda, o‘yin mutlaqo boshqacha tus olardi. Yana nima ham derdim, futbolda ba’zan shunaqa: yaxshi o‘ynagan jamoa yakunda mag‘lubiyatni tan oladi... Bunga zid holatlar ham kuzatilishi hech gap emas - g‘alaba sust to‘p surgan jamoaga nasib etadi. Yo‘q, «Paxtakor» yomon o‘ynab, g‘alaba qozonmadi, shunchaki, o‘sha kuni «sherlar» o‘z imkoniyatlaridan maksimal darajada samara chiqarishdi.

- AGMK ko‘z o‘ngimizda yildan-yilga kuchayib bormoqda, ammo «Paxtakor»ga qarshi o‘yinlarda negadir ko‘pincha yirik hisobda yutqazmoqda. Buning asosiy sababi nima: ruhiyatmi yoki raqib vajohati?

- Ha, jamoamiz yildan-yilga tobora shakllanib boryapti va natija ham shunga monand ravishda yaxshilanmoqda. «Paxtakor» bilan o‘yinlarga kelsak, tan olish kerak, bu jamoa har tomonlama kuchli. Oxirgi o‘yindagi yirik hisob - bu vaziyat taqozosi. Zero, uchrashuvda hisob ochilgach, tavakkalroq o‘ynab, asosiy e’tiborni hujumga qaratdik. Ya’ni muvozanatni tezroq tiklashni o‘ylab, himoyani biroz bo‘sh qo‘ydik, nazarimda. Agar hisobda ortda bora turib ham, himoyani ushlaganimizda, ehtimolki, yirik mag‘lubiyat kuzatilmasdi, ammo bundan ma’no nima? Oddiy aytganda, 0:1 nimayu, 0:3 nima? «Paxtakorchi­lar»ga ham qoyil qolish kerak, ular qarshi hujumlardan qanday foydalish kerakligini ko‘rsatib qo‘yishdi. Umuman, o‘yinda biz yaxshiroq harakatlandik va yirik hisobli mag‘lubiyatga loyiq emasdik.

- Mana, Superligada 3ta tur ortda qoldi. Umumiy taassurotlar qanday?

- Albatta, juda yaxshi. Imkon qadar Superliga doirasidagi boshqa o‘yinlarni ham kuzatib boryapman, aksariyat jamoalar chakki taassurot qoldirmadi. Ko‘rinib turibdi, bu yil elitada shunchaki, ochko ulashadigan ishtirokchining o‘zi yo‘q. Har holda, hozircha barcha o‘yinlarda murosasizlik va shiddat chakki bo‘lmadi. Aynan shunday o‘yinlar ko‘paysa, Superliga taraqqiy etaveradi, muxlislarda ham qiziqish ortadi.

- AGMK yangi mavsumni ketma-ket kuchli jamoalarga qarshi o‘yinlar bilan boshladi. Tabiiyki, «Lokomotiv», «Nasaf» va «Paxtakor» bilan bo‘lgan o‘yinlar OCHL saralashi oldidan jiddiy repetisiya hisoblanadi...

- To‘ppa-to‘g‘ri. OCHL saralashidan o‘rin olgan hal qiluvchi o‘yin arafasida shunday raqiblar bilan kuch sinashganimiz ayni muddao. Zero, kamchiliklar yaqqolroq ko‘rindi va bu oldimizda turgan mas’uliyatli uchrashuv oldidan foyda berishi kerak.

- AGMK agar OCHL guruh bos­qichiga chiqolmasa, OFK kubogida ishtirok etadi. Bu holat OCHLga qo‘shilish motivasiyasini pasaytirmaydimi?

- Aslo. Axir OCHL va OFK kubogi o‘rtasida katta farq borligini hammamiz yaxshi bilamiz. Qat’iy ishonch bilan aytaman, hozirda jamoamizdagi barcha yigitlar OCHLda o‘ynashni xohlashmoqda. Hamisha kuchlilar bilan bellashish yoqimli, albatta. To‘g‘ri, futbolda oldindan katta gapirish yaramaydi. Bir narsa aniq - OCHL guruh bosqichiga chiqish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz.

- AGMK 4-turda «Navbahor»ga qarshi maydonga tushadi. Bo‘lajak o‘yin va raqib haqida nima deya olasiz?

- «Navbahor» ham yaxshi jamoa, albatta. O‘ylashimcha, muxlislarni qiziqarli o‘yin kutib turibdi. Hozirda shu uchrashuvga tayyorgarlik boshlandi. Nasib etsa, muxlislarimizni chiroyli futbol va ijobiy natija bilan quvontiramiz.

- Asli farg‘onaliksiz, ommaga esa «Lokomotiv»da tanildingiz. «Temiryo‘lchilar» safidagi uzoq yillik faoliyatingizdan qanday xotiralar qoldi?

- «Loko»ga hozir ham befarq emasman, jamoa o‘yinlari va natijalarini kuzatib boraman. Zero, «Lokomotiv» qalbimdan chuqur joy olgan. Binobarin, shu klubda futbolchi sifatida shakllandim, ozmi-ko‘p tanildim, tajriba orttirdim. Umuman, klubdagi davrdan yaxshi xotiralar qoldi. Albatta, «Loko»dan hamisha minnatdorman.

- Bilamizki, faoliyatingiz davomida turli to‘siqlarga duch kelgansiz. Masalan, sog‘ligingizdagi muammolar tufayli ma’lum muddat futboldan chetda qoldingiz. Qolaversa, Turkiya klubiga yo‘l olishingizga «Lokomotiv»ning turklar bilan kelisholmagani xalaqit berdi. Umuman olganda, millionlar o‘yinida nimalar topdingizu, nimalar yo‘qotdingiz?

- Ha, shu kunga qadar ba’zi qiyinchiliklar ham kuzatildi. Hattoki, futbolni yig‘ishtirib qo‘yishimga ham oz qolgandi. Lekin millionlar o‘yiniga muhabbatim kuchliligidan yana maydonga qaytdim. Bir necha yil oldin shifokorlar sog‘lig‘imda jiddiy muammo borligini aytishgach, Moskva va Germaniyaga borib, chuqur tibbiy tekshiruvdan o‘tishimga to‘g‘ri keldi. Yaxshiki, barcha tekshiruvlar ijobiy natija berdi, ya’ni futbolga qaytishimga to‘sqinlik qiladigan hech narsa topilmadi. To‘g‘risi, bu juda uzun mavzu va barchasi faoliyatimga katta ta’sir qildi. Turkiya klubiga o‘tish variantiga kelsak, o‘zimda chetga chiqish xohishi juda baland edi. Turklar meni aynan o‘z mamlakatlarida o‘tkazilgan yoshlar mundialida kuzatishgan ekan. Afsuski, «Lokomotiv» va Turkiya klubi o‘zaro kelisholmadi va ortga qaytishdan o‘zga choram qolmadi. Muhimi, futbolni tanlab, hech narsa yo‘qotmadim, aksincha, hayotimni aynan shu sport turi bilan bog‘laganimdan xursandman. Zero, futbolda ma’lum muvaffaqiyatlarga erishdim, xalqaro maydonda mamlakatimiz nomidan o‘ynadim. To‘g‘ri, agar vaqtni ortga qaytarish iloji bo‘lganida, ba’zi xatolarni takrorlamasdim. Fursatdan foydalanib, shu darajaga yetishishimda katta yordam bergan insonlar, avvalo, ota-onam, akam va opamga minnatdorchilik bildiraman. Albatta, birinchi murabbiylarim - Oydin Aliyev va Doniyor Ismoilovdan ham qarzdorman.

- Turli yosh toifasidagi terma jamoalarimiz safida xalqaro miqyosda tajriba orttirgan futbolchi sifatida aytingchi, yoshlarimizning so‘nggi yillarda katta natijalar qayd etishlariga nima xalaqit bermoqda?

- Sabablar ko‘p. Nazarimda, hozirgi yoshlarda sabr va xohish kamroqdek. Ular chalg‘ib qolish­yapti. Futbolga kirdingmi, shu bilan yashashing kerak, boringni bag‘ishlamasang, nimadir chiqishi amri-mahol.

- Bobur Yo‘ldoshev mahalliy hujumchilarimiz haqida qanday fikrda va Superligada kimlarni zararsizlantirish nisbatan qiyinroq?

- Qaysidir hujumchini alohida ajratib ko‘rsatmayman. Hammaning o‘ziga yarasha ustun jihatlari bor. G‘alati eshitilishi mumkin, ammo hamisha aynan kuchli hujumchilarga qarshi o‘ynashni yoqtiraman. Zero, shunday raqiblar yanada tajriba to‘plashimga yordam berishadi.

- Xalq e’tiboridagi odamlar uchun erkin hayot nisbatan chegaralangan. Qiziq, shaxsan siz mashhurlik tufayli nimalardan  voz kechgansiz? Futbodan hech zerikkanmisiz?

- Ochig‘i, odamlar orasida o‘zimni o‘ta erkin his qilaman. Tabia­tan qanday bo‘lsam, shunday ko‘rinishga harakat qilaman. Lekin nimadandir voz kechishimga to‘g‘ri kelmagan. Futboldan zerikkanimni aslo eslolmayman. Aksincha, ta’til cho‘zilib ketsa, maydonni sog‘inib qolaman...

X.YUSUPOV suhbatlashdi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 07:00, 05.04.2021.
O'qildi: 4024 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.