Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Diyor Imomxo‘jayev: Xunuk ishlar haqida

Diyor Imomxo‘jayev: Xunuk ishlar haqida

Baho:
+ | -

Qabih so‘zlarni eshitayotganimizga ikki kun to‘ldi. Jamoam bunga munosib emas. Hakamlik uchun kim javobgar o‘zi demayman, futbol tashkiloti bilan televideniye mashinasi farqiga bormayotganlarga nimani tushuntirish mumkin?

Xunuk ish "Navbahor" — "Paxtakor" o‘yinidagina bo‘lmadi. Hech bir sababsiz Namanganda "So‘g‘diyona", "Nasaf" klublariga qarshi o‘yinlarda ham stadionga narsalar otilgandi. Tezlik uchun jarima oshganida ayuhannos soladigan kishilar bo‘ladi, aslida tezlikni oshirmaganlik uchun jarima yo‘q. Klub ogohlantirilganda ayuhannos solganlarga ham shu gap. Afsuski, yil boshidan buyon bunday xunuk ishlar Namangandan boshqa yerda kuzatilmadi.

Xolislikni, adolatni talab qilayotgan tomon bir necha millisoniyalari yulib olingan videolarni tarqatishga uyalayotgani yo‘q. Biz ma’lum doira kishilar ko‘ngli uchungina ishlamaymiz. Jarima yoki qarorlarni biz o‘ylab topayotganimiz yo‘q. OFK ham, UYEFA ham, FIFA ham shunday ishlaydi. Buni bilish uchun albatta xalqaro maydonda o‘ynash shart emas. Biz istardik "Navbahor" xalqaro arenada O‘zbekiston nomidan ishtirok etishini.

Ma’lum doira telefon raqamlarni qanday tarqatayotgani, odamlarni nimalarga da’vat etayotgani, odamlar bizni bo‘ralab haqorat qilganliklari borasidagi skrinlarni guruhlarga faxr bilan tarqatayotganlariga guvohmiz. Bunday kishilarning xolislik haqidagi iddaolari o‘zlari uchun siylov. Biz bunday tarbiya ko‘rmaganmiz.  

VAR "Lokomotiv" stadionida "Lokomotiv" darvozasiga 2 ta penalti qo‘yganida qachongacha poytaxt klublariga yordam berasan degan hayqiriqlar quloqqa chalinmadi. VAR bo‘lmagunicha hakamlar bizni sindiradi degan fikrlarni eng ko‘p o‘shalar aytishdi va ularning o‘yinlarida VAR eng ko‘p ishladi. Biroq haqiqatga tik boqishga kelganida vaziyat o‘zgarmoqda. Chunki ayrim klublar muxlislari hakam uy uchrashuvlarida ularga yordam berilishiga o‘rganib qolishdi. Biz esa avvalgi ishlar uchun javob berishimizga to‘g‘ri kelyapti. Chunki hisob beryapmiz, odamlarni eshityapmiz, o‘syapmiz. Buni suiste’mol qilayotganlar, katta kanal yoki guruhlarda qasddan provakasiya qilayotganlar qonun oldida vaqti kelib javob beradi. Adolatni nafaqat siz, balki biz ham talab qilishni bilamiz.    

Biz stadion to‘layotganidan albatta xursandmiz. Shuning uchun hech qachon o‘tmagan kubok finallarini Namanganda o‘tkazyapmiz. Termaning xalqaro o‘yinlari Namanganga berildi. Buning javobini ham ko‘ryapmiz. Shundan keyin kim rasmiy o‘yinni sizga ishonadi? Xalqaro hakamni shu ko‘yga solmasligingizga kim kafolat beradi? Agar stadion faqatgina shunday kishilar bilan to‘lsa va siz futbolni kimgadir minnat qilib tomosha qilsangiz, yaxshisi to‘xtating. Bizga insonlar kerak, kim nima desa og‘ib ketadiganlar emas. Baribir to‘la stadion puli to‘liq kassa qilinayotgani yo‘q. Chunki kassaga ishonilsa, Ganaga qarshi o‘yinini ham 20 ming emas, 13 ming kishi kuzatgan, siz haqiqatni shunday masalalarda avval talab qiling.

Namanganlik do‘stlarimiz, namanganlik adekvat insonlarimiz bilan doim birgamiz, ishonamizki, ular bizdan xafa bo‘lishmaydi. Biroq bugun televideniye xodimlari Namanganda futbol uchrashuvlarini olishdan hayiqib qolishdi, ularning ko‘pchiligi Namanganga bormoqchi emas. Aslida esa "Navbahor" muxlislarining asl go‘zalligini ham o‘sha televideniye butun dunyoga ko‘z-ko‘z qilgandi. Futbol hakamlari namanganga bormoqchi emaslar. Chunki ularning ham o‘z oilasi bor, ular ham kimningdir otasi, farzandi. Biz ham o‘z komissarlarimiz hayoti, xavfsizligi uchun javobgarmiz. Yaponiyalik referi butun bir millat jamoasining toza golini inobatga olmagan kunlarda ham hakamni quvlagan yoki unga tosh otgan emasmiz, afsuski bugungilar orasida mana shundaylari ham bor.

Fikrimni haqorat ila ko‘p so‘rashibdi: hakam to‘g‘ri va yaxshi ishladi! "Paxtakor"ning "Metallurg"ga qarshi o‘yinida esa noto‘g‘ri ishladi, buning javobini beryapti. Agar Norsafarov diplomat bo‘lganida, 11 metrlik jarima bermasdi. Biz esa undan diplomat bo‘lishni emas, professional bo‘lishni talab qilyapmiz. Gapim kimgadir yoqishi shart emas. O‘zi hammasini ko‘rib turibdi. Haqoratlar uchun chin dildan xafaman, hayf sizdek tarbiyasiz kishilarga.

Diyor Imomxo‘jayev.

Manba: @diyorimamkhodjaev
Kiritildi: 11:05, 09.04.2021.
O'qildi: 6659 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.