Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Sadriddin Abdullayev: «Faoliyatimni Kapadzega o‘xshab yakunlashni istayman»

Sadriddin Abdullayev: «Faoliyatimni Kapadzega o‘xshab yakunlashni istayman»

Baho:
+ | -

«Paxtakor»dagi ikki yillik faoliyatidan so‘ng Sadriddin Abdullayev yana «temiryo‘lchilar» safiga qaytdi. 34 yoshli mohir yarim himoyachi «Lokomotiv» klubi matbuot xizmatiga bergan intervyusida jamoaga qaytishi, yangi murabbiy, mavsum boshidagi omadsiz o‘yinlar, jamoa sardori bo‘lish haqidagi savollarga javob qaytardi. Shuningdek, futbolchilik faoliyatini qanday tugatmoqchi ekanligini ma’lum qildi.

- Chempionat boshidagi to‘rtta tur «Lokomotiv» uchun omadsiz o‘tib, jamoa g‘alaba qozona olmadi. Buni qanday izohlaysiz?

- Ha, to‘g‘ri, mavsum biz uchun oson boshlanmadi. Avvaliga ikkita o‘yinda mag‘lub bo‘lib, so‘ngra ikki bor durang qayd etdik. Bilasiz, yil boshida jamoamizda portugaliyalik murabbiy Mikael Sekeyra ish boshladi. Yangi murabbiyning jamoaga, umuman, o‘zbek futboliga ko‘nikishi uchun biroz muddat kerak edi. Uning biz futbolchilardan nima xohlayotganini to‘liq anglab yetishimiz ham ma’lum vaqtni talab etadi. Menimcha, shu sabab ham chempionat avvalida g‘alaba qozona olmadik. Baribir, Yevropadagi mentalitet bilan bizniki orasida farq bor.

- Hozirgi paytga kelib, murabbiy futbolchilarga va futbolchilar murabbiyga moslashdi, desa bo‘ladimi?

- Ha. Buni oxirgi natijalar ham ko‘rsatib turibdi. Ko‘z tegmasin, safarda «Surxon»ni yutib kelganimizdan so‘ng keyingi o‘yinlarda zafar quchdik (intervyu «Metallurg» bilan o‘yindan (1:3) oldin uyushtirilgan - IF). Chempionatda uch bor, kubok o‘yinlarida ham shuncha marta g‘alabaga erishdik. Hozir ancha o‘z o‘yinimizni topib oldik. Lekin bu hammasi zo‘r ketyapti, degani emas, hali ishlaydigan jihatlarimiz ko‘p.

- Muxlislar yevropalik murabbiyga boshqacha qarashadi. Mana, siz hozir Mikael Sekeyra qo‘l ostida o‘ynayapsiz, «Paxtakor»da esa Shota Arveladze bilan ishlab ko‘rdingiz. Xorijlik murabbiylar nimasi bilan ajralib turadi?

- Baribir, ularda dunyoqarash va futbolga e’tibor boshqacha. Menimcha, Yevropada futbolchilar murabbiy nima xohlayotganini bittada tushunib olishadi, bizning o‘yinchilarga esa vaqt kerak bo‘ladi.

- Bu nima bilan bog‘liq?

- Menimcha, Yevropada futbolchilar yoshlikdan shunga moslashtirib boriladi. Bu o‘rinda bolalar futbolida ham gap ko‘p. Ba’zan mayda detallar ko‘p narsani hal qiladi. Biz ba’zi jihatlar, masalan, qachon pas berish, qachon pressing qilish, qachon kurashga kirishish, qachon to‘pni kutish kabilar bo‘yicha yevropaliklardan orqadamiz. Agar hammasi, avvalo, bolalar futbolidan to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib borilsa, bolalar katta bo‘lgach, qiynalmay o‘ynaydilar.

- «Lokomotiv» Superliga boshidagi to‘rtta o‘yindan birontasida g‘alaba qozonishi mumkinmidi?

- Hamma o‘yinlarda yutishimiz mumkin edi. Lekin futbolchilarda yangi murabbiyga o‘zini ko‘rsatish istagi, ishtiyoq haddan ziyod ortib ketdi. Masalan, safarda «Turon»ni bemalol sovuqqonlik bilan o‘ynab, yutib kelsak bo‘lardi. Lekin tezkor ikkita gol o‘tkazib yuborgach, shoshib qoldik. Keyin hisobni tenglashtirgan bo‘lsak-da, g‘alaba qozonish uchun nimadir yetmadi. Yoki bo‘lmasa, o‘z maydonimizda «Navbahor» bilan bahsni olaylik. Bunda ham shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yildi, buning oqibatida xatolar yuzaga keldi.

- Termizda «Surxon»ning mag‘lub etilgani muhim rol o‘ynadimi?

- Ha. Boz ustiga, safardan uch ochko bilan qaytganimiz ham katta dalda berdi. Kayfiyat birdaniga ko‘tarilib, o‘zimizga bo‘lgan ishonch ortdi. Mana shu ishonch sabab uyda «Bunyodkor»dan ustun keldik. Mana endi, sekin-asta murabbiyimiz berayotgan ko‘rsatmalarga to‘liq amal qilib, g‘alaba qozonishga intilyapmiz.

- Sizningcha, jamoa sardori boshqa futbolchilardan qanchalik farq qiladi?

- Sardor bog‘ichni qo‘liga taqib yurish bilan kifoyalanmasligi kerak. Jamoa sardori, avvalo, murabbiyning maydondagi birinchi yordamchisi hisoblanadi. U jamoani o‘yin payti boshqara olishi, futbolchilarni musht kabi bir joyga yig‘a olishi darkor. Murabbiy har bir futbolchi oldiga kelib, bitta-bitta gapirib o‘tirmaydi, u butun jamoaga murojaat etadi. Shunaqa payt sardor har bir futbolchi bilan o‘zi gaplashib olishi kerak.

- O‘tgan yil shunday gaplar chiqdi: Sadriddin Abdullayev ham endi futbolni tugatsa bo‘laveradi, yoshi ham o‘tyapti. Ammo ko‘ryapmizki, hamon kuchga to‘lasiz. Umuman, bunday gap-so‘zlarga qanday qaraysiz?

- Oddiy qarayman. Futbolda bunday gaplarni eshitish yosh o‘tgani sayin hamma futbolchi bilan yuz beradi. Shu bois, men haqimdagi gap-so‘zlarga ham oddiy munosabatda bo‘laman. Lekin bu ikki qo‘limni ko‘tarib, taslim bo‘ldim degani emas. Toki kuchim bor ekan, to‘p tepishga, futboldan yana zavq olishga harakat qilyapman. Endi yosh bola emasman va buni juda yaxshi tushunib turibman. Qolaversa, o‘tgan yilgi jarohat ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Yil boshida «Lokomotiv»ga qaytgach, o‘zimga-o‘zim so‘z berdim: agar jamoadagi futbolchilar bilan tengma-teng ishlay olsam, futbol o‘ynashda davom etaman, mabodo, raqobatda yoki mehnatda orqada qolayotganimni sezsam, futbolni tugatib, murabbiylikka o‘taman. Xudoga shukur, hozir kuchim yetyapti va oyoqlarim turib berguncha futbol o‘ynashda davom etmoqchiman. Men uchun futbolni tugatish muammo emas, ammo o‘yindan zavq olayotgan bir paytda bunga zarurat yo‘q, deb o‘ylayman.

- Demak, ishtiyoq hali so‘ngani yo‘q.

- Bilasizmi, faoliyatim davomida ko‘p marta jarohatga yo‘liqqanman. Shu bois, sog‘ paytimda o‘ynab qolay, deyman. Baribir, futbol o‘ynash zo‘r narsa, hammaga zavq ulashadi. Ko‘pchilik jamoaga kattalar kerak emas, yoshlarga urg‘uni beraverish kerak, deb aytadi. Lekin mening fikrimcha, chempionatda qatnashadigan har klubda yoshi katta, tajribali futbolchilar bo‘lgani ma’qul. Chunki bu yoshlarni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Sekin-asta biz tengi futbolchilar ham o‘z faoliyatlarini yakunlashmoqda. Vaqti kelib, men ham tugataman.

- Faoliyatingizni qanday yakunlash siz uchun muhimmi?

- Ha, hamma gap shunda. Aslida faoliyatimni qanday yakunlashni o‘ylaganim uchun ham «Lokomotiv»ga qaytdim. «Paxtakor»dan ketib, boshqa jamoada o‘ynasam ham bo‘lardi, lekin bu o‘rinda menga Temur Kapadze tutgan yo‘l ma’qul kelib, unga o‘xshab faoliyatni tugatishni maqsad qildim. Temur aka «Lokomotiv»da o‘ynab, chempion bo‘ldi va juda chiroyli tarzda faoliyatiga yakun yasadi. Nasib qilsa, men ham Kapadzega o‘xshab chempion bo‘lgan holda futbolni chiroyli tugatib, so‘ngra murabbiylik kasbini boshlayman.

«Lokomotiv» PFK matbuot xizmati.

Manba: lokomotiv.uz
Kiritildi: 09:37, 14.05.2021.
O'qildi: 2148 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.