"Real Madrid" klubija yozda o‘zgarishi kutilayotgan eng katta o‘zgarishlardan biri bu Zidanning jamoadan ketishi hisoblanadi. Ayni jarohatlar, kichik muvaffaqiyatsizliklar, muxlislarsiz uchrashuvlar kabi holatlar sodir bo‘layotgan bir paytda u Madrid klubini tark etishi mumkin. Shuningdek, klub prezidenti futbolda qandaydir inqiloblar qilish niyatida bo‘lsa, bu holat murabbiyga yana ham ko‘proq vazifa yuklaydi. Zidan charchagan. U ketishi mumkin.
Zidanga har doim ish topiladi
Ayni dam qulay holatda ketayotgan "Atletiko"ning qoqilish holati vujudga kelsa, u ikkinchi bor La Liga sovrinin qo‘lga kiritishi mumkin. Agar, bunday bo‘lmasa va klub ikkinchi o‘rinni band qilsa va YECHL yarim finalida yurishini to‘htatgan bo‘lsa ham, bu holat Zidanning obro‘yiga ta’sir qilmaydi. U Fransiya terma jamoasida biroz g‘oyalari eskirib borayotgan Desham o‘rnini egallab, jahon chempionlariga bosh murabbiy bo‘lishi mumkin. Agar, fransiyalik mutaxassisga yangi loyiha va erkinlik kerak bo‘lsa, uni "Yuventus"da ham ko‘rishimiz mumkin. Sababi, Pirloning Turindagi kunlari tobora o‘z yakuniga yetib bormoqda.
Peres Bartameu uslubini qo‘llashi mumkin
Tajribali funksioner Florentino Peres Superliga mashmashalaridan "Real Madrid" prezidenti fonida biroz kam eslanadigan bo‘lib qoldi. U Zidan jamoani tark etganidan so‘ng "qirollik klubi"ga kimni olib kelishi mumkin? Balki, yana bir jamoa afsonasi bo‘lmish Raulni ko‘rarmiz. Shu holat yuz bersa, u Bartameuning hiylasini qo‘llagan bo‘ladi. Murabbiy sifatida klub afsonasini jamoaga olib kelish va bor ma’suliyatni uning zimmasiga yuklash aynan sobiq "Barselona" prezidenti uslubi edi.
"Real"ni kimlar boshqarishi mumkin
Yoaxim Lyov ayni dam bo‘sh bo‘lsada, uning Madridga kelish ehtimoli biroz past. Allegri esa ingliz tilini bilmasligi tufayli, hamon bo‘sh o‘tiribdi. Nagelsman bilan esa "Bavariya" 30 million yevro evaziga shartnoma imzoladi. Yosh murabbiy ikki marta "Real"ning taklifini rad etib qisman to‘g‘ri ish qildi. Balki, Myunxen klubida yangi jamoa tiklash biroz qiyinroqdir, ammo Madriddagiga qaraganda ancha osonroq.
"Qaymoqranglilar"ning transferlari o‘zini oqlamayapti. Yangi kelganlarga imkoniyat berish borasida "Real" faqatgina "Bernli"dan yaxshiroq. Yangi kelib qo‘shilganlarning o‘yin vaqti atigi 3 foizni tashkil etadi. Zidan eski futbolchilarga tayanishga majbur bo‘lmoqda. Kurtuaning seyvlari, Kazemiro, Modrich va Krossning yorqin harakatlari va Benzemaning sermahsulligi barchasini hal qilib kelmoqda.
"Qaymoqranglilar" faqatgina "Bernli"dan yaxshiroq
Futbolchilarda kelajakga ishonch yo‘q
Madrid klubida shartnomalar masalasida ham muammolar mavjud. Klubning 47% futbolchilarining shartnomalari yaqin vaqt ichida o‘z yakuniga yetadi. Tarixan buyuk gigantlardan faqatgina "Milan"ning natijasi bundan yomonroq. Zidan hammasini noldan qurishda ustasi-farang emas. Unga resurslar taqdim etilsa, yaxshi natijalar qayd etishi mumkin, ammo tarkibda resurslar muammosi borligi hammamizga ayon. Vaskes va Ramosning shartnomasi tugab bormoqda. Benzema, Marselo, Nacho, Varan, Isko kabi futbolchilar bemalol boshqa klublar bilan muzokaralar o‘tkazmoqda. Bu holat ichki vaziyatning yaxshi emasligidan dalolat beradi.
Katta transferlar klubni qutqarib qola oladimi?
Vaziyatni o‘zgartirish oson bo‘lmaydi. Aytaylik Alaba jamoaga keldi va u Ramosga tandem bo‘ldi, ammo ular o‘rta yoshdagi futbolchilar va bu duyet vaqtincha ish berishi mumkin. Hujumda esa Benzema o‘rniga, Xoland yoki Mbappe olib kelingan taqdirda, nayzaning uchi biroz o‘tkirroq bo‘lishi mumkin, ammo ular bilan shartnoma imzolash ancha qiyin bo‘ladi. Yarim himoyada esa o‘rta yoshlilar bandasi asosiy tarkibda joyni hamon o‘zlariniki qilib turibdi. Ayb ularda emas, shunchaki ularning o‘rnini bosa oladigan o‘rinbosarlar kam. Faqatgina Valverde bu uchlikga ba’zan qo‘shilib turmasa, o‘sha futbolchilar hammasini o‘zlari qilishmoqda.
"Real" va "Barsa" o‘rtasidagi farq
Peres unga bo‘ysunmaydigan murabbiyni jamoaga yaqinlashtirmaydi. Klub ayni damda o‘ta og‘ir ahvolda deya olmaymiz, ammo kelajak uchun biror yaxshi g‘oya yo‘q. Birgina super transfer esa barchasini hal qilishiga shaxsan men ishonmayman. "Barselona" va "Real Madrid"ning ayni damdagi darajasi bir-biriga yaqinroq, ammo Kataloniya klubida ancha yosh tarkib bor va ular o‘zgarishlar davrni boshlab yubordi. "Qirollik klubi" esa o‘z "qariyalariga" ishonishda davom etmoqda. Qandaydir yangicha qon, yangicha futbol va kreativ yondashuv jamoa o‘yiniga ta’sir ko‘rsatishi mumkin, ammo birgina katta transferning o‘zi jamoani o‘zgartirishi qiyin. Azar ham katta ishlar uchun kelgan edi, aslida.
Xudayqulov KARIM tayyorladi