Kirish Ro'yxatdan o'tish
10/10 05:00 Peru - Urugvay
10/10 14:10 Avstraliya - Xitoy
10/10 19:00 O‘zbekiston - Eron
10/10 19:00 Iordaniya - Janubiy Koreya
10/10 21:00 Bahrayn - Indoneziya
10/10 21:00 Qatar - Qirg‘iziston
10/10 21:00 Ummon - Kuvayt
10/10 21:00 BAA - KXDR
10/10 23:00 Iroq - Falastin
10/10 23:00 Saudiya Arabistoni - Yaponiya

Keraksiz "qirollar". Yoxud ushbu mavsumda "Real"ni tark etishi mumkin bo‘lgan futbolchilar

Keraksiz "qirollar". Yoxud ushbu mavsumda "Real"ni tark etishi mumkin bo‘lgan futbolchilar

Baho:
+ | -

Yangi mavsum uchun transferlar oynasi ochilishiga ham oz fursatlar qolmoqda. Ko‘pchilik futbol klublari ushbu kunni intizorlik bilan kutishmoqda. Xususan, Madridning "Real" klubi transfer bozoriga kirishga katta tayyorgarlik ko‘rmoqda. Jamoa Chempionlar Ligasi yarim finalidan chiqarib yuborilgandan so‘ng, Florentino Peres jamoaga o‘zgarish kerakligi haqida bir nechta intervyularida aytib o‘tdi. Madridliklar bir necha oydan beri bir qancha transferlarni amalga oshirish, asosiy pozisiyalarni o‘zgartirish, shuningdek, futbolchilarni sotish bo‘yicha ishlar olib bormoqda. Ularning yordamida ish haqi byudjetini kamaytirish va jiddiy xaridlarga tayyorgarlik ko‘rish mumkinligi haqida aytilmoqda. Shuning uchun ham Madrid klubi ushbu mavsumda ko‘plab futbolchilarini sotishi mumkin. Quyida biz sizlar bilan kelayotgan transferlar mavsumdida "Real"ni tark etish ehtimoli bo‘lgan 10 nafar futbolchilar haqida suhbatlashamiz.

Eden Azar (30 yosh)

Belgiyalikning transferi klub tarixidagi eng qimmat xaridga aylangandi. Ammo, ikki mavsumdan so‘ng bu transfer o‘zini oqlamaganligiga ko‘pchilik mutaxasislar amin bo‘lishdi. Azar Madridda jarahoatlarga o‘ralashib qoldi va juda ko‘p o‘yinlarni o‘tkazib yubordi. Qolaversa, Eden maydonga tushgan uchrashuvlarida ham jamoaga katta yordam bera olmadi. Bundan tashqari, madridliklar Chempionlar Ligasini tark etganidan keyin futbolchi xatti-harakatlari bilan "Real" muxlislarning g‘azabiga uchradi. Hozirda Azar 33,1 million yevroga baholanmoqda. Agar madridliklar belgiyalik bo‘yicha yaxshi taklif olishsa, klub futbolchini boshqa jamoaga qo‘yib yuborishi mumkin.

Rafael Varan (28 yosh)

Varan orqali "Real" yaxshigina pul ishlab olishga umid qilmoqda. Hozirda fransuz futbolchisiga Yevropaning ko‘plab gigant jamoalari qiziqish bildirmoqda. Shuningdek, Rafaelning o‘zi ham boshqa chempionatda to‘p tepishga qarshi emas. Hozirda futbolchini "Manchester Yunayted", "Chelsi" va "PSJ" klublari o‘z safiga qo‘shib olishni xohlamoqda. Madrid klubi himoyachining transferida 70 million yevro atrofida pul ishlab olishni mo‘ljallamoqda. Agarda, ushbu jamoalar Varanni o‘z safiga qo‘shib olishga jiddiy kirishsa, "Real" futbolchini sotib yuborishi mumkin.

Garet Beyl (31 yosh)

Madridning "Real" klubi uelslik futbolchiga katta umid bog‘lamayapti. Jamoa iloji bo‘lsa Beylni sotib yubormoqchi, yoki boshqa biror-bir jamoaga ijaraga berib yuborishni ko‘zlamoqda. Avvaliga, hujumchini icharaga berish yagona imkoniyati bo‘lib tuyulgandi, ammo Garet so‘nggi paytlarda Premyer-ligada yaxshi o‘yin namoyish etmoqda. Shu sababli klub Beyl orqali yaxshigina pul ishlashga umid qilmoqda. Uelsliknin transfer summasi taxminan 10,7 million yevro atrofida baholanmoqda.

Marko Asensio (25 yosh)

Asensioning transfer ishi alohida mavzu. Sababi klub keyingi mavsumda ham unga umid bog‘lashmoqda. Ammo Madrid klubi Markoga Yevropaning gigant jamoalari katta qiziqish bildirayotganini ham unutgani yo‘q. Agar, jiddiyroq taklif tushsa va bunga futbolchining o‘zi rozi bo‘lsa, "qaymoqranglilar" Asensioni sotish haqida ham o‘ylab ko‘rishi mumkin. Ispaniyalik futbolchiga hozirda Turinning "Yuventus" jamoasi jiddiy qiziqish bildirmoqda. Italiyaliklar Asensioning o‘yinlarini anchadan buyon kuzatib kelishadi. Ayni paytda futbolchining transfer narxi taxminan 41,9 million yevroga baholanmoqda.

Luka Yovich (23 yoshda)

Ushbu serb futbolchisining transferi madridliklar rahbariyatining ishonchlarini oqlamadi. Joriy mavsumda klub uni "Ayntraxt"ga ijaraga berishgan edi, lekin Luka u yerda ham o‘zini ko‘rsata olmadi. "Qirollik klubi" uni yozda sotishni va hech bo‘lmasa ikki yil avval sarflagan summasini bir qismini qaytarib olish haqida o‘ylamoqda. 2019 yilda "Real" klubi serbiyalikni 60 million yevroga sotib olgandi. Hozirda esa Yovchning narxi 25,9 million yevroga baholanmoqda.

Isko (29 yosh)

Iskoning Madriddagi safari yakuniga yetgan ko‘rinadi. Futbolchi va klub o‘rtasidagi shartnoma 2013 yilda imzolangandi va ushbu bitim mavsum oxirida o‘z yakuniga yetish ehtimoli juda yuqori. Katta ehtimol bilan futbolchining keyingi manzili "Sevilya" jamoasi bo‘lishi mumkin. Chunki, futbolchi sevilyaliklarning ustozi Xulen Lopetegi bilan yaxshi aloqalarga ega. Sababi murabbiy va futbolchi Ispaniya terma jamoasi va "Real"da bir qancha vaqt birga faoliyat olib borishgan. Hozirgi kunda ispaniyalikning narxi 11,6 million yevro atrofida.

Marselo (32 yosh)

Braziliyalik futbolchining klub bilan shartnomasi 2022 yil yozida tugaydi. Shuning uchun madridliklar kelayotgan yozda Marseloni transferi bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqishga qarshi emas. Sababi, agar klub futbolchini ushbu mavsum oxirida sotib yubormasa, keyingi yil erkin agent sifatida qo‘yib yuborisshiga to‘g‘ri keladi. Tabiiyki, "Real" buni sira xohlamaydi va shuning uchun ham Marseloni sotish bo‘yicha jiddiy harakat qilib ko‘rishadi. Qolaversa, murabbiylar braziliyalikning tarkibda bo‘lishi Ferlan Mendi va Migel Guterres kabi chap qanot himoyachilarining rivojlanishiga xalaqit berishi mumkin deb hisoblashmoqda. Hozirda Marselo 5,4 million yevro atrofida baholanmoqda.

Dani Sebalyos (24 yosh)

Madridliklar jamoasi La Ligaga qaytishni istayotgan Sebalyos o‘yinlarini diqqat bilan kuzatmoqdalar. Lekin, "Real" rahbariyati futbolchini tarkibga qaytarish, yoki yana boshqa jamoalarga ijaraga berishni emas, balki yaxshiroq summaga sotish haqida o‘ylamoqda. Dani hozirda "Arsenal" jamoasida ijara asosida to‘p surmoqda. Unga Yevropaning ko‘pchilik jamoalari, xususan "kanonirlar"ning o‘zi ham sotib olish haqida o‘ylamoqda. Sebalyosning narxi 29,9 million yevro atrofida etib belgilangan.

Mariano Diaz (27 yosh)

Madridliklar Marianoni o‘tgan mavsumda sotmoqchi edi, ammo futbolchining katta maoshi (4 million yevro) muammoga aylandi va bu ish amalga oshmay qoldi. Ushbu vaziyat joriy mavsumda ham takrorlanishi mumkin, lekin rahbariyat hozirda qanday myuammoga duch kelsa ham futbolchini transferini amalga oshirish haqida o‘ylamoqda. Diaz katta ehtimol bilan sobiq jamoasi "Lion" safiga qaytishi mumkin. Chunki, dominikanlik futbolchi bir necha yillar oldin fransuz klubida to‘p tepgan va ushbu jamoa safida o‘zini ajoyib o‘yinlarini namoyish etgandi. Hozirda Marianoning bozor qiymati 6,4 million evroni tashkil etadi.

 

Borxa Mayoral (24 yosh)

Borxa bu ro‘yxatdagi Madrid jamoasiga bog‘liq bo‘lmagan yagona futbolchi. Zidan futbolchiga umid bog‘lamoqda, ammo jamoadagi hujumchilarning yuqori konsentrasiyasi Borxani o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishiga imkon bermayapti. Futbolchi "Roma"da ikki mavsumdan beri ijarada o‘ynamoqda, italiyaliklar bu yozda 15 million yevroga va keyingi yozda 20 million yevroga sotib olish huquqiga ega. Ammo, "bo‘rilar"ning yangi murabbiyi Joze Mourinyo futbolchini o‘zi tuzadigan tarkibga kiritadimi, yoki yo‘qmi bu noma’lum. Borxoning transfer bozoridagi qiymati taxminan 25,8 million yevro atrofida.

 

Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.

Kiritildi: 17:57, 19.05.2021.
O'qildi: 8866 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.