Kirish Ro'yxatdan o'tish
01/06 19:30 Bunyodkor 0-3 Neftchi
02/06 00:00 Borussiya D 0-2 Real Madrid
02/06 19:00 Andijon 1-2 Paxtakor
02/06 19:30 Nasaf 1-0 Lokomotiv
02/06 21:00 Atalanta - Fiorentina

Ana, xolos! Atigi 8 kishiga ruxsat…

Ana, xolos! Atigi 8 kishiga ruxsat…

Baho:
+ | -
Bo'lim: YEVROPA
Rukn: Yangiliklar

Shvesiya futbolida antiqa cheklov - futbol o‘yinini stadionda atigi 8 (ha, sakkiz!) nafar muxlis tomosha qilishi mumkin. Fanatlar bu qarorga nisbatan savdo markazida katta norozilik namoyishi o‘tkazishdi. Ma’lumot uchun, «bahor-kuz» tizimi amal qilinadigan Shvesiya chempionatining yangi mavsumi aprel oyida start oldi. Shvesiya hukumati o‘yinlarni muxlislar guvohligida tashkillashga ruxsat berdi, ammo belgilangan cheklov juda ajib, kulguli. Diqqat qiling, stadion tribunalaridagi fanatlar soni 8 nafardan oshmasligi kerak. Buni qanday tushunish mumkin?

Tabiiy savol tug‘iladi - nega aynan 8 nafar? Bu ajib son qayerdan olingan va uning mohiyati nima? Oldinroq Shvesiya hukumatining koronovirus pandemiya­si bo‘yicha tuzilgan maxsus komissiyasi turli yig‘ilish va tadbirlarda qatnashchilar soni 8 nafardan oshmasligi xususida qaror chiqargandi. Bunda sport tadbirlari uchun alohida band yo‘q. Xullas, komissiya qarori hammaga teng, xususan, futbol o‘yinlarida ham stadionda tomoshabinlar soni belgilangan miqdordan oshmasligi zarur. «8» raqamining mohiyati shu. Endilikda har bir o‘yinga 8ta chipta chiqarilmoqda va u lotereya o‘yini vositasida tarqatilyapti.

Norozilik mohiyati. AIK klubi fanatlari ham bu qarorga nisbatan antiqa usul bilan e’tiroz bildirishdi. Ular stadion yaqinidagi savdo markazini turli hajmdagi bannerlarga to‘ldirib tashlashdi, yana jo‘r bo‘lib qo‘shiq ijro etdilar. Bannerlardan biridagi yozuv ma’nosi: «Bizning milliy sport 8 nafar muxlisdan ko‘prog‘iga loyiq. Iltimos, ushbu telbavor qarordan tezroq xalos eting».Namoyish uchun aynan savdo markazining tanlanganligi bejiz emas. Muxlislar bu hududdagi gavjumlikka e’tibor qaratishdi: «Nahotki, savdo markazlarida koronovirusga chalinishdan qochish imkoniyati ancha ko‘proq bo‘lsa...?»

Aytish joiz, Shvesiyada odamlar yanvar - sentyabr oralig‘ida turli cheklovlarga amal qilishlari shart. Masalan, savdo markazlari va katta univermaglar bir paytning o‘zida 500 nafardan ko‘p mijozni qabul qilolmaydi, sport zallari, kichik do‘konlarda esa, 10 kvadrat|metr atrofida bir kishi bo‘lishiga ruxsat bor, xolos.

Shvesiya elit ligalari assosia­siya bosh kotibi Mats Enkvist cheklov yuzasidan muloyimgina e’tiroz bildirdi: «Hozirgi muammoni to‘g‘ri tushunib turibmiz - virus tarqalishi oldini olish uchun cheklovlar zarur. Lekin shunday tasavvur ham yo‘q emaski, futbol holatini jiddiy qabul qilishmayapti. Ana, savdo markazlari, bar va kafelarga yengillik berildi, futbolni esa hech kim o‘ylayotgani yo‘q. Bilmayman, nega bunday yo‘l tutilyapti?»

Shvesiya hukumati mart oyi oxirlarida turli cheklovlar muddatini uzaytirdi. Chunki mamlakatda virusga chalinish foizi oshib ketdi. Vaholanki, pandemiya boshlangan vaqtda Shvesiya cheklov va karantindan mutlaqo voz kechgandi. Bunda koronavirusga qarshi jamoaviy immunitet hosil qilish va mamlakat iqtisodiga putur yetkazmaslik ko‘zda tutildi. Hukumat joriy yil iyungacha 5 million kishini emlashni rejalashtirgandi, ammo o‘xshamayapti - yetarli miqdorda vaksina bilan ta’minlashning iloji yo‘q. Bu vaqtda virus yuqtirganlar soni ortib bormoqda. Deylik, 10 million aholisi bor mamlakatda kasallanganlar soni 1 millionga yaqinlashib qoldi.

O.TURSUNXO‘JAYEV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 14:07, 21.05.2021.
O'qildi: 3541 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.