«Inter» afsonasi - braziliyalik Adriano hozirda hayot zavqini surmoqda. U shohona xonadonda yashaydi. Ikki nafar hurliqo sobiq futbolchi oldida parvona. To‘g‘ri, ular Adriano yoniga navbatma-navbat kelishadi. Demakki, bu masalada qandaydir janjal yo‘q. Oddiy aytganda, Adriano shohona hayot ichida...
Adriano - «Inter» bilan Italiya chempionatida 4 marta chempion bo‘lgan afsona. Braziliyalik hujumchi «neradzurralar» safida jami 123ta o‘yin o‘tkazib, 48ta gol urgan. Braziliyalik yulduz faoliyati davomida «Parma», «Roma», «Fiorentina», «Flamengo» va boshqa klublarda ham o‘ynagan. Butsalarini esa 2016 yili AQSHning «Mayami Yunayted» jamoasida mixga ildi.
***************
Ko‘pchilik braziliyalik yana bir yulduz Ronaldinyoning ayollarga «suyaksiz» ekanligi, vaqtida birdaniga ikki hurliqo bilan oila qurishni rejalashtirgani haqida eshitgan bo‘lsa kerak. To‘g‘ri, uning bu rejasi amalga oshgani yo‘q, shunga qaramay, sobiq futbolchi «qo‘shxotinli» maqomini oldi, baribir. Qolaversa, Ronnining ayollar bilan ko‘ngilxushlik yo‘lida hech narsadan tap tortmasligi yana bir karra isbotlandi. Endi ma’lum bo‘lishicha, Ronaldinyo o‘ylagan ishni braziliyalik boshqa bir afsona Adriano haqiqatga chiqargan ko‘rinadi. Yevropa futbolida asosan «Inter»dagi o‘yinlari bilan dovrug‘ qozongan sobiq hujumchi ayni payt shohona xonada ikki ayol bilan yashamoqda.
***************
Xorij OAVda tarqalgan xabarlarga qaraganda, Adriano ayni payt Rio-de-Janeyro tarkibidagi eng nufuzli tumanlardan biri - Bara-da-Tijuka tumanida joylashgan hashamatli mehmonxonaning prezidentlik majmuasi, ya’ni lyuks toifasiga kiruvchi xonasida yashamoqda. Diqqat qiling, Braziliya terma jamoasi sobiq hujumchisi bu yerda istiqomat uchun oyiga naq 10383 funt sterling (chamasi 1 million 70 ming rubl) to‘laydi. U shuning barobarida o‘ziga doimiy yashash uchun yangi turar-joy qidirmoqda. Darvoqe, Adriano avvalroq qasr misoli uyini bor jihozlari bilan sotib yuborgandi. O‘shanda u faqat butun faoliyati davomida qo‘lga kiritgan medallari va sovrinlarini olib qoldi, xolos.
***************
Tinim bilmas jurnalistlarning aniqlashtirishlaricha, prezidentlik majmuasiga xos xonada hayot gashtini surayotgan braziliyalik afsona oldiga doimiy ravishda ikki ayol tashrif buyuradi. Ulardan birinchisi - tibbiyot universitetida tahsil olayotgan model Viktoriya Moreyra. Ikkinchisi ham model - 23 yoshli Mikaela Meskita. Bunisi Adrianoning sobiq mahbubasi sanaladi. Ular ilk marta 2015 yili uchrashishgan. Mikaela shundan keyin ma’lum muddat sobiq futbolchi bilan birga bo‘ldi. To‘g‘ri, bu oraliqda juftlik o‘zaro munosabatlarni uzishga, keyin yana tiklashga ham ulgurdi. 2019 yilning dekabrida Adriano va Mikaela qayta topishishdi va yana 12 oydan keyin nihoyat, rasman turmush qurishdi. Biroq unashtiruvdan atigi bir hafta o‘tgach, yana ajrashuv va yarashuv kuzatildi. Adriano endilikda Mikaela oldiga qat’iy talab qo‘ygan - u sobiq futbolchi oldiga Vik-toriya yo‘qligida tashrif buyurishi kerak. Qisqasi, talaba-model Riodan chamasi 5,5 soatlik masofa yo‘l uzoqligida joylashgan Itaperun munisipalitetidagi o‘z uyiga qaytganida, navbat Mi-kaelaga keladi...
Darvoqe...
Adriano yaqinda mashhur «Marakana» stadionining «Shuhrat zali»ga kiritildi. Afsonaviy hujumchi bu yangilikni ko‘zida yosh bilan qarshi oldi.
- Futbolchilik faoliyatiga 2016 yili nuqta qo‘ygan Braziliya milliy jamoasining 39 yoshli sobiq hujumchisi ramziy zalda millionlab muxlislar kumirlari - Ronaldinyo, Pele, Ronaldo va Garrincha qatoridan joy oldi. Adriano ushbu ta’sirli voqeaga «Instagram» tarmog‘ida alohida munosabat bildirdi: «Ishoning, hayojondan qaltirayapman. Bu azaliy orzum edi. Hammaga rahmat».
- Adrianoning «Shuhrat zali»dan joy olishiga bag‘ishlangan tadbir keyinroq o‘tkaziladi. Bunga Rio-de-Janeyrodagi koronavirus pandemiyasiga daxldor hozirgi holat sababdir.
- Andiano ulkan «Marakana»da nafaqat Braziliya milliy jamoasi, balki «Flamengo» tarkibida ham bir qator unutilmas o‘yinlarni o‘tkazgan.
A.AHMEDOV tayyorladi