Kirish Ro'yxatdan o'tish
21/11 18:00 Paxtakor 0-2 OKMK
22/11 16:00 Neftchi - Nasaf
22/11 18:15 Qizilqum - Navbahor
23/11 01:00 Xetafe - Valyadolid
23/11 15:00 Olimpik - Bunyodkor
23/11 17:15 Andijon - Dinamo
23/11 17:30 Lester - Chelsi
23/11 18:00 Valensiya - Betis
23/11 19:00 Verona - Inter
23/11 20:00 Bornmut - Brayton
23/11 20:00 Arsenal - Nottingem Forest
23/11 20:00 Aston Villa - Kristal Pelas
23/11 20:00 Everton - Brentford
23/11 20:00 Fulhem - Vulverhempton
23/11 20:15 Atletiko - Alaves
23/11 22:00 Milan - Yuventus
23/11 22:30 Manchester Siti - Tottenhem
23/11 22:30 Las-Palmas - Malyorka
23/11 22:30 Jirona - Espanyol

Slavisha Stoyanovich: «O‘zbekiston Superligasining saviyasi yuqoriligi meni juda hayron qoldirdi»

Slavisha Stoyanovich: «O‘zbekiston Superligasining saviyasi yuqoriligi meni juda hayron qoldirdi»

Baho:
+1 | -

“Navbahor” safida bir qator legionerlar to‘p tepishadi. Ulardan biri serbiyalik hujumchi Slavisha Stoyanovich. Jamoamizning ortda qolgan o‘yinlarida Slavisha 8 ta o‘yinda maydonga tushib, 415 daqiqa o‘ynadi va 2 ta golga (bittasi penaltidan) mualliflik qildi. Ushbu forvardni muxlislarga yaqinroq tanishtirish maqsadida, Stoyanovich bilan klub rasmiy sayti uchun intervyu uyushtirdik.

–  Slavisha, suhbatimizni Coca Cola Superliganing bu yilgi bahslari borasidagi fikrlaringiz bilan boshlasak. Umuman olganda, O‘zbekiston chempionati sizda qanday taassurot qoldirmoqda?
– To‘g‘risini aytsam, O‘zbekiston Superligasining saviyasi yuqoriligi meni juda hayron qoldirdi. Superligada kuchli jamoalar juda ko‘p ekan. Menda O‘zbekiston chempionati juda yaxshi taassurot qoldirmoqda.

– “Navbahor”ning joriy mavsumda namoyish etayotgan o‘yinlari haqidagi fikringiz...
– Bu yilgi mavsumning dastlabki turlarida, aniqrog‘i, ilk 5 ta turda jamoamiz kuchli klublarga qarshi maydonga tushdi. O‘zingizga ma’lum, ular orasida o‘tgan yilgi mavsum sovrindorlari – “Paxtakor”, “Nasaf” va AGMK ham bor edi. Shu bois, o‘sha bahslarda jamoamizga qiyin bo‘ldi. Keyinchalik sekin-asta o‘z o‘yinimizni topib oldik. Endi keyingi o‘yinlarda g‘alaba qozonib,  klub rahbariyati, murabbiylar shtabi va muxlislarni xursand qilish, ishonchni oqlashga harakat qilamiz.

– Ortda qolgan bahslarda “Navbahor”ning eng yorqin bahsi sifatida qaysi uchrashuvni e’tirof etasiz?
– Menimcha, jamoamiz barcha o‘yinlarni hujumkor tarzda o‘tkazmoqda. Faqatgina omadimiz kelmayapti, xolos. Bunga misol sifatida o‘z maydonimizda “So‘g‘diyona” (Jizzax, 1-tur, 0:1) va “Paxtakor” (Toshkent, 5-tur, 1:2) klublariga qarshi kechgan  bahslarni keltirish mumkin. Garchi o‘sha o‘yinlarda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsakda, jizzaxliklar bilan bo‘lgan bahsda to‘liq - 90 daqiqa hujumkor o‘yin namoyish etdik.Ammo gol urishning uddasidan chiqa olmadik. Mehmonlar esa yuzaga kelgan birgina vaziyatdan samarali tarzda foydalangan holda, g‘alabani ilib ketishdi.

Yurtingizning eng kuchli klublaridan biri, amaldagi mamlakat chempioni “Paxtakor”ga munosib qarshilik ko‘rsatib, tengma-teng o‘yin namoyish etdik. Biroq uchrashuv yakunida jamoamiz darvozasiga belgilangan penalti uchrashuv taqdirini hal qildi.

Umuman olganda, joriy mavsumda “Navbahor” barcha bahslarni juda yaxshi o‘tkazmoqda.

 – O‘z o‘yiningiz borasida nima deya olasiz? Saviyangiz darajasida to‘p tepa olyapsizmi?
– To‘g‘risini aytsam, hozircha o‘z saviyam darajasida o‘ynay olmadim. Boisi, yurtingizga birinchi marta tashrif buyurdim. Shu bois, yangi mamlakat, yangi jamoaga moslashish, yangi jamoadoshlarim bilan maydonda til topishib ketish, o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun biroz vaqt talab etildi. Endi keyingi o‘yinlarda menga bildirilgan ishonchni oqlab, ko‘proq gol urishga harakat qilaman. Axir, hujumchining vazifasi gol urish-ku!

– Jamoadagi do‘stingiz kim? Qaysi futbolchilar bilan munosabatingiz yaxshi?
– Vatandoshim bo‘lganligi uchun Marko Putinchanin jamoadagi do‘stim edi. Ammo o‘zingizga ma’lum, u oilaviy sabablarga ko‘ra, jamoani tark etdi.  Umuman olganda, barcha jamoadoshlarim bilan yaxshi munosabatdaman. Jamoamiz ahil-inoq. Mahalliy futbolchilardan ayniqsa, Azimjon Ahmedov, O‘tkir Yusupov, Rahimjon Davronov, Davron Hoshimov va Sardor Telyakov bilan munosabatlarimiz a’lo darajada.

– Rossiyalik legionerlar bilan ham munosabatingiz yaxshimi?
– Albatta, ular bilan ham munosabatim yaxshi. Umuman olganda, klub rahbariyati, murabbiylar shtabi, jamoadoshlarim, barcha bilan munosabatim a’lo darajada.

– Zabihillo O‘rinboyev borasida nima deya olasiz?
– Zabihillo bilan “Navbahor”ning Turkiyadagi o‘rtoqlik uchrashuvlarida hujumda birga tandem hosil qilgandik. Ammo rasmiy o‘yinlarda hali maydonda birga to‘p tepganimiz yo‘q. Ko‘proq bir-birimizning o‘rnimizga zaxiradan maydonga tushyapmiz (kuladi).

O‘rinboyev yuqori saviyali, mahoratli futbolchi. U mashg‘ulotlarda ham astoydil shug‘ullanadi. Zabihillo keyingi bahslarda o‘z gollari bilan jamoamizning g‘alabalariga munosib hissasini qo‘shadi, degan umiddaman. U kelajagi porloq hujumchi.

– Maydonda qaysi futbolchilar bilan bir-birlaringni yaxshi tushunasizlar?
– Mirzohid G‘ofurov, Sardor Telyakov hamda Ehsoni Panshanbe bilan bir-birimizni maydonda yaxshi tushunamiz.  

- “Navbahor”ning  shu kungacha o‘yin o‘tkazgan raqiblaridan eng kuchlisi qaysi jamoa ekan?
– Menga “Nasaf”ning o‘yini yoqdi. Ushbu jamoa tarkibidan ko‘plab yosh futbolchilar o‘rin olishgan va ular hujumkor futbol namoyish etisharkan. Garchi qarshiliklar bilan bo‘lgan o‘yinda nursiz durangga erishgan bo‘lsakda, (3-tur, 0:0), uchrashuv juda og‘ir kechdi.

– Til borasida muammo yo‘qmi? Rus va o‘zbek tillarini o‘rganyapsizmi?
– Har kuni oz-ozdan rus va o‘zbek tilidagi so‘zlarni o‘rganyapman. Rus tili ham slavyan tillari oilasiga kirganligi bois, ona tilim bo‘lgan serbchaga juda yaqin. Rus tilini tushunaman, ammo so‘zlashishda qiynalaman. O‘zbek tilini o‘rganish esa biroz qiyin bo‘lyapti. Lekin kerakli so‘zlarni o‘rganishga intilyapman. Har holda, ustozimiz Viktor Jalilovning ko‘rsatmalarini juda yaxshi tushunyapman (kuladi).

– Viktor Jalilovning mashg‘ulotlar jarayoni va o‘yin taktikasi borasida nima deya olasiz?
– Viktor Romanovich ancha tajribali va “Navbahor” bilan ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritib, jamoa tarixida yorqin iz qoldirgan murabbiy hisoblanadi. Albatta, uning mashg‘ulotlar jarayoni rang-barang hamda qiziqarli. O‘yin uslubini ham raqibning kuchidan kelib chiqib, tanlaydi. Shunday ajoyib mutaxassis qo‘l ostida o‘ynayotganimdan xursandman.

– Bolaligingizda qaysi futbolchi kumiringiz bo‘lgan va hozirgi o‘yinchilardan kimning o‘yiniga havas qilasiz?
– Bolaligimda braziliyalik hujumchi Ronaldo kumirim bo‘lgan. Keyinchalik ispaniyalik mahoratli hujumchi Fernando Torresning o‘yinlariga havas qilganman. Hozirgi futbolchilardan esa portugaliyalik mashhur hujumchi Krishtianu Ronalduning o‘yinlaridan zavq olaman.

– Faoliyatingizda yorqin taassurot qoldirgan murabbiy kim bo‘lgan va qaysi jamoadan yaxshi xotiralar qolgan?
– Murabbiylardan angliyalik sobiq darvozabon, faoliyati davomida Angliyaning “Liverpul”, “Manchester Siti” kabi kuchli klublari  darvozasini qo‘riqlagan Devid Jeyms yorqin taassurot qoldirgan. Hindistonning “Kerala Blasters” jamoasida o‘ynaganimda, aynan Jeyms bizga ustozlik qilgan va undan ko‘p narsa o‘rgandim.

Klublardan esa Nishaning “Radnichki Nish” jamoasidan ijobiy xotiralar qolgan. Bu ajoyib jamoa edi.

– Futbolchilik faoliyatingiz davomida ko‘plab mamlakat klublarida o‘ynagansiz. Jumladan, Serbiya, Isroil, Hindiston. Mana endi O‘zbekistondasiz. Ushbu davlatlar futboli saviyasini bir-biriga taqqoslay olasizmi?
– Har bir yurtning futboli o‘zgacha va o‘z saviyasiga ega. Masalan, yurtingiz futboli ayrim jihatlari bilan Serbiya futboliga ham o‘xshab ketadi. Shu bois, futbol saviyasini bir-biriga taqqoslash qiyin. Hindistonda ham so‘nggi yillarda futbol saviyasi ancha ko‘tarilganligini ta’kidlashim joiz.

– Yurtimizga kelguningizcha, o‘zbek futboli haqida ma’lumotga egamidingiz?
– Yo‘q, unchalik ma’lumotga ega emasdim. Vikipediya orqali “Navbahor” jamoasi, uning muxlislari borasida ma’lumot yig‘dim. Namanganga kelgach, haqiqatdan ham jamoa muxlislari O‘zbekistonda yagona ekanligiga guvoh bo‘ldim. Hattoki, “Navbahor” mashg‘ulotlariga ham ko‘plab muxlislar tashrif buyurishadi.

– Sizni jamoaga kim taklif etgandi?
– Agentim “Navbahor”ni tavsiya etdi. Shundan so‘ng, Namanganga tashrif buyurib, ko‘rikdan o‘tdim va mening harakatlarim murabbiylar shtabida yaxshi taassurot qoldirgandan so‘ng, klub bilan shartnoma imzoladim.

– “Navbahor” bilan qancha muddatga shartnoma imzolagansiz?
– Joriy mavsum yakuniga qadar.

– Mabodo shartnoma muddatingizni uzaytirish taklif etilsa, kelasi mavsumni ham “Navbahor”da o‘tkazasizmi?
– Klub rahbariyati tomonidan futbolchilarga barcha sharoitlar yaratilib berilmoqda va bu meni qoniqtirmoqda.Fursatdan foydalanib, ularga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Mabodo klub rahbarlari menga shunday taklif bilan chiqishsa, bajonidil shartnoma muddatini uzaytiraman.  

– Joriy mavsumda “Navbahor”ning oldiga OCHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgan. Sizningcha, jamoada mazkur vazifani amalga oshirish imkoniyati bormi?
– Albatta, bor. Hali oldinda 1-davraning 4 ta o‘yini va butun boshli 2-davra bahslari turibdi. O‘sha o‘yinlarda ijobiy natijaga erishsak, sovrindorlar  bemalol sovrindorlar safidan o‘rin olishimiz mumkin. Shuningdek, O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritish imkoniyati ham mavjud.

– Muxlislarga tilaklaringiz...
– Ishqibozlar baxtimizga doimo sog‘-salomat bo‘lishsin. “Navbahor” muxlislari O‘zbekistondagi birinchi raqamli ishqibozlar sanalishadi va jamoaning 12-o‘yinchisi hisoblanishadi. Muxlislar biz - futbolchilarni doimo qo‘llab-quvvatlab turishsin. Biz esa ularning ishonchlarini oqlashga harakat qilamiz.

Bizning ma’lumot

Slavisha Stoyanovich – 1989 yil, 27 yanvarda sobiq Yugoslaviya (hozirgi Serbiya)ning Smederevo shahrida tug‘ilgan.
Futbol bilan 7 yoshidan shug‘ullanishni boshlagan.
Birinchi murabbiyi: Rakich Voykan.
Ampluasi: hujumchi.

O‘ynagan jamoalari: “Smederevo” (Smederevo,Serbiya, 2007 - 2012 yillar), “Yagodina” (Yagodina, Serbiya, 2012 yilning 2-davrasi – 2013 yil),  “Boras - Chachak” (Boras, Serbiya, 2014-2015 yilning 1-davrasi), “Radnik” (Surdulisa, Serbiya, 2015 yilning 2-davrasi – 2016 yilning 1-davrasi), “Xapoel Kfar-Saba” (Kfar-Saba, Isroil, 2016 yilning 2-davrasi – 2017 yilning 1-davrasi), “Xapoel Petax-Tikva” ( Petax –Tikva, Isroil, 2017 yilning 2-davrasi), “Radnichki Nish” (Nisha, Serbiya, 2018 yilning 1-davrasi), “Kerala Blasters” (Kerala, Hindiston, 2018 yilning 2-davrasi – 2019 yil), “Bachka” (Bachka-Palanka, Serbiya, 2020 yil).

2013 yili “Yagodina” tarkibida Serbiya kubogini qo‘lga kiritgan.
2021 yildan “Navbahor”da.
Oilali.
Muxlislik qiladigan jamoalari: “Real” (Madrid, Ispaniya), “Manchester Yunayted” (Angliya).

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Manba: pfcnavbahor.uz
Kiritildi: 11:12, 13.06.2021.
O'qildi: 4355 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.