Bugungi kunda butun Yevropa grandlarini birlashtirayotgan nomlardan biri norvegiyalik "mashina" Erling Xoland bo‘lib turibdi. So‘nggi paytlarda uning ismi bilan bog‘langan transfer mish-mishlari shu qadar ko‘payib ketdiki, har kuni Xoland qaysidir grand safiga borib qo‘shiladi. Biz bugungi maqolamizda qaysi jamoa futbolchiga mos va uning narxini kimlar ko‘tara olishi haqida to‘xtalib o‘tishga harakat qilamiz.
"PSJ" varianti
Yozda jamoani tark etishi kutilayotgan Kilian Mbappe o‘rniga boshqa yosh yulduz futbolchini olib kelishni ko‘zlayotgan parijliklar uchun Xoland ayni muddao. Klub u istagan barcha narsani muhayyo qilishi mumkin, kafolatlangan asosiy tarkib, dunyoning eng ko‘p maosh oluvchi futbolchisi va h.k. Ammo Xoland katta ehtimol bilan bu variantni tanlamaydi. Sababi uning rejalarida hozircha "PSJ" yo‘q.
"Liverpul" varianti
Nomzod jamoalar orasida mablag‘ borasida nisbatan pastroq imkoniyatga ega bo‘lgan klub desak menimcha adashmagan bo‘lamiz. Lekin so‘nggi yillarda Klopp jamoasi deyarli katta haridlarsiz transfer bozorida harakat qilayotganini hisobga olsak balki Xoland uchun o‘zining "tishining kavagida" saqlagani bordir balki!?
"Real Madrid" varianti
Nisbatan olib qaraganda tanlovlar ichida eng yaqin variant mana shu fikrimcha. Chunki qirollik klubi ham huddi "Liverpul"dek bir necha mavsumdan buyon transfer bozorida faol emas. Ammo katta ehtimol boshqacha bo‘ladi. Peres "qirollik" klubi muhlislariga kelayotgan yozda biryo‘la ikki "bo‘mba" transfer yani Xoland va Mbappeni tayyorlayotganini bir qator mashhur nashrlar e’tirof etdi. Lekin "bir qozonda ikki qo‘chqor kallasi qaynamaydi" deganlaridek Xoland ham o‘zini yaqqol yetakchi sifatida ko‘radigan klubga o‘tmoqchi.
"Barselona" varianti
Hozirgi davrda juda katta moliyaviy qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazayotgan kataloniyaliklar rahbariyati yozda katta xaridlar uchun pul bo‘ladi deb muhlislarni ishontirishga harakat qilmoqda. Jamoa prezidenti Laportani so‘zlariga ko‘ra klub asosiy e’tiborini nomdor hujumchi sotib olishga qaratadi. Mino Rayola (Xolandning agenti) Laporta bilan qalin do‘stligi inobatga olib va asosiysi hozirda "Barselona"da yaqqol yetakchining yo‘qligi, norvegiyalik esa borgan joyida o‘zini yakka hukumronligini o‘rnatmoqchiligini hisobiga ham bu ro‘yhatda aynan "ko‘k-anorranglilar" mavjud.
Bu variantlar shunchaki taxmin xolos, yani klublarning hozirgi kundagi holatidan kelib chiqib Xolandni sotib olishi mumkin bo‘lganlar ro‘yxati. Yakuniy qarorni esa futbolchining o‘zi qabul qiladi. Biz esa bu mish-mishlar tugashi uchun yana kamida kelasi yozgacha kutishga majburmiz.
Abduburxon Mamajonov tayyorladi