Hech kimga sir emaski, hozirda «Barselona» yorqin kelajakka umid bilan yashamoqda. Bugungi kundagi jamoaning o‘yinlari biz xohlagandek yorqin bo‘lmasligi mumkin, lekin Fati, Pedri va Gavi kataloniyaliklarni qutqarib, ertangi kungi kuchli «Barsa»ni shakllantirishlari kerak. Stadion.uz o‘z o‘quvchilari e’tiborini «Real Madrid»da ham futbolda kelajagi buyuk bo‘lishi bashorat qilingan bir guruh yoshlar borligiga qaratadi.
O‘zini amalda ko‘rsatayotganlar
Vinisius Junior (Braziliya, 21 yosh)
Keling, bir qatorda 23 yoshli Eder Militao va Federiko Valverdeni ham eslatib o‘tamiz. Hali yosh, ammo jamoada kerakli fazilatlar va rollarga ega bo‘lgan yetuk futbolchilar. Ko‘zga yaqqol tashlanadigan istiqbolli yigitlar «armiya»wini Vinisius Junior ochib beradi. U Karlo Anchelotti boshqaruvida o‘z ustida yaxshi ishlashni boshladi va asosiy tarkibdagi o‘z o‘rnini aniq qilib qo‘yishga ulgurdi. Braziliyalik «Qirollik klubi» uchun 100 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan va bu mavsum uning faoliyatidagi eng yaxshisi bo‘lishi kerak. Bu mavsumda u «Real» tarkibida 11 o‘yinda7 gol urgan va 5 marta sheriklariga assistentlik qildi. Va u bundan ham yaxshiroq o‘yin ko‘rsata oladiganga o‘xshaydi.
Rodrigo (Braziliya, 20 yosh)
Rodrigo balki Vinisiusdek yorqin va iqtidorli emasdir, qaysidir ma’noda hali potensiali to‘liq ochilmagan yosh futbolchi. Rodrigo allaqachon «Real Madrid» uchun foydali o‘yinlarni o‘tkazishni boshladi, ayniqsa braziliyalik Chempionlar ligasida yaxshi o‘ynaydi, u yerda «Galatasaroy»ga qarshi o‘yinda xet-trik qilgan va «Inter»ga qarshi o‘yinlarda ikki marta g‘alaba keltirgan gollarni kiritgan. Rodrigo ko‘p narsani qodir, lekin yuqorida aytib o‘tganimizdek u o‘zini to‘liq namoyon qilishga ulgurmadi. U bor-yo‘g‘i 20 yoshda, Rodrigoda barqarorlikka erishish uchun hali yetarlicha fursat topiladi.
Eduardo Kamavinga (Fransiya, 18 yosh)
Avgust oyida fransuz vunderkindi «Renn»dan «Real»ga 31 million yevro evaziga o‘tdi va «Qirollik klubi»dagi debyutini maydonga tushganidan 6 daqiqa o‘tib gol bilan nishonladi. Yosh bo‘lishiga qaramay, Kamavinga allaqachon tanilishga ulgurgan. U Fransiya terma jamoasi asosiy tarkibidagi o‘yinlarda maydonga tushishga ulgurdi. Kamavinga «qaymoqranglilar» tarjibida yarim himoyada Luka Modrich yoki Toni Kroosning munosib davomchisi bo‘lishi kerak. Karlo Anchelotti fransuzni nafaqat texnik va jismoniy qobiliyatlari uchun, balki xarakteri va aql-zakovati uchun ham maqtaydi, bu esa Eduardoning sayyoradagi eng buyuk klublardan birida katta persona bo‘lib shakllanishiga yordam berishi kerak.
Porlashi kutilayotganlar
Antonio Blanko (Ispaniya, 21 yosh)
Yarim himoyachi Zinedin Zidanda yaxshi taassurot qoldirgan va o‘tgan mavsumda «Real Madrid»dagi debyutini o‘tkazdi. Antonio kamdan-kam uchraydigan yarim himoyachilar turkumidan: u to‘pni o‘zida yaxshi olib yuradi va o‘z jamoasining yarim himoyasini boshqarishni biladi, tezlikni belgilaydi va hujumlarning rivojlanish yo‘nalishini tanlaydi. Blanko jismoniy harakatlardan ko‘ra ko‘proq texnika va futbol tafakkuriga tayanadi va bunday futbolchilarning kattalar futbolida o‘zini namoyon qilishlari uchun biroz ko‘proq vaqt talab qilinishi odatiy hol.
Marvin Park (Ispaniya, 21 yosh)
«Kastilya»ning ushbu kashfiyoti Zidanning ham e’tiborini tortgan va Anchelotti buni hozircha e’tiborsiz qoldirayotgan bo‘lsada, Marvin «Real Madrid»da baribir o‘z imkoniyatini qo‘lga kiritishi kerak. Mallorkada tug‘ilgan nigeriyalik otaning va janubiy koreyalik onaning farzandi o‘zining ko‘p qirraliligi bilan mashhur: Marvin har qanday qanot pozisiyasida, hujumda yoki himoyada o‘ynashi mumkin. U yaxshi tezlikka ega, bu raqobatbardosh ustunlikdir va Marvinning murabbiylari yigitning mehnatsevarligini qayd etishgan.
Migel Gutiyerres (Ispaniya, 20 yosh)
Gutiyerres ko‘p vaqtdan beri muammoli hisoblangan chap qanot himoyachisi pozisiyasiga da’vo qilmoqda, garchi Ferlan Mendi va Marselo tuzalib ketgan bo‘lsada, unga o‘yin daqiqalarini murabbiy ajratib berishi kerak.
Migel allaqachon asosiy jamoa uchun yaxshi o‘yinlar va golli uzatmalarga ega va keyingi mavsumda muvaffaqiyatga erishishi kutilmoqda. Chunki Marselo jamoada o‘zining so‘nggi mavsumini o‘tkazayotgan bo‘lishi mumkin. 20 yoshli Gutiyerres Ispaniya yoshlar terma jamoasining asosiy o‘yinchisidir va ertami-kechmi o‘z imkoniyatini topadi.
Serxio Santos (Ispaniya, 20 yosh)
Bu yigit yangi Nachoga aylanishi mumkin, chunki u himoyaning istalgan pozisiyasida ham o‘ynay oladi, bu mavsumda u vaqti-vaqti bilan maydonga tushdi: «Malyorka»ga qarshi o‘yinda (6:1) 11 daqiqa o‘ynadi va yakunda Lukas Vaskesni almashtirdi. Serxio Santos o‘zini himoyada o‘ng tomonda ko‘radi va uni Karvaxalning vorisi deb atashga hali erta bo‘lsada, umidli himoyachi allaqachon kuchli jismoniy holatga ega. Ba’zida bu muvaffaqiyatli himoyachi bo‘lish uchun yetarli jihatdir.
Serxio Arribas (Ispaniya, 20 yosh)
O‘tgan mavsumda Zidan ispaniyalik futbolchini 8 marta maydonga tushirdi va epchil vinger unga ajratilgan daqiqalarda juda dadil harakat qildi. Serxio mavsum oldi o‘yinlarida o‘zini yaxshi ko‘rsatdi, lekin rasmiy uchrashuvlarda Anchelotti uni hali maydonga qo‘yib tushirmadi. Serxio tezkor, jismoniy baquvvat, chap oyoq futbolchi «Real» uchun qiziqarli hujum varianti bo‘lishi mumkin, chunki u o‘ngdan chap qanotga yaxshi moslashishi bilan ajralib turadi.
So‘nggi so‘z o‘rnida
«Real»ning tarkibida bir qator yoshi katta futbolchilar borligini bilar edingiz. Bugun siz Madridning istiqbolli futbolchilari bilan tanishdingiz.
Futbolni seving! Zero u barchamizni birlashtirish qobilyatiga ega!
Ruslan Maksimov tayyorladi.