“Manchester Yunayted”ga orzuyidagi murabbiyni topishga navbatdagi urinish hech qanday natija bermadi. Ne orzu umidlar bilan jamoaga taklif qilingan Ole Gunnar-Sulsher kecha qoniqarsiz natijalardan so‘ng o‘z lavozimidan ozod etildi. Ayni paytda, MYUning barcha muxlislari yangi Aleks Fergyusonni kutishmoqda. “Stadion.uz” nashri aynan kelajakdagi Fergyuson kim bo‘lishini taxmin qilib ko‘radi.
Sulsherning Fergyuson emasligi boshidayoq aniq edi. Ser Aleks bilan solishtiradigan bo‘lsak, norvegiyalikda, birinchi navbatda, xarakter yetishmasdi. Fergyuson bir so‘zli murabbiy edi. U jamoadagi barcha futbolchilarga o‘z so‘zini o‘tkaza olishi bilanham mashhur bo‘lgan. Fergyuson bilan solishtirganda, Ole shunchaki zararsiz qo‘zichoq. U klub afsonalarining biri sifatida mashhur, lekin u buyuk murabbiy qilgan ishni uddalay olmadi. Jamoani ajoyib tarkib bilan qabul qilgan norvegiyalik, kamtarin natijalar bilan tark etdi.
Lekin savol tug‘iladi. buni kim uddalay oladi? Yillar davomida Fergyuson davom ettirgan an’anani kim davom ettirishga qodir?
Bu shotlandiyalik o‘zining qat’iyatli fe’l-atvoridan tashqari, hayot va futbolchilar haqida ajoyib tushunchaga ega edi. Bu unga optimal tarkibni tanlashga yordam beradi. Bunda u kamdan-kam xato qilardi. Fergyuson futbolchilarga g‘alaba qozonishni qanday o‘rgatish kerakligini bilardi. Uning qo‘l ostida o‘zi hohlagan vaqtda va xohlagan joyda o‘ynashni istaydigan Pol Pogbadek futbolchini tarkibda bo‘lishini tasavvur qilib bo‘lmasdi. Fergyuson qiyin mashg‘ulotlarni o‘tkazar, bu mashg‘ulotlarda u har doim sifat standart vaziyatlarni qanday amalga oshirishga, jamoa bilan bir oz bo‘lsada oldinga qadam tashlashga harakat qilardi. Murabbiyning o‘zi aytganidek: “Yigitlarim, “Manchester Yunayted”da o‘ynash oson ish emasligini tushuninglar”. Ammo, hamma buni baxt deb hisoblardi. chunki Fergining qattiq o‘yin usuli g‘alaba va sovrinlar olib kelardi.
U hamma narsani nazorat qilardi. Barcha qonunbuzarliklarga, o‘z obro‘sini shubha ostiga qo‘yishga bo‘lgan har qanday urinishlarga qattiq munosabatda bo‘ldi. Klub kelajagi u uchun har doim bir shaxsning kelajagidan muhimroq bo‘lgan, hatto ular Roy Kin yoki Rud van Nistelroy kabilar bo‘lsa ham bu o‘zgarmagan.
Fergyuson yaxshi taktika tanlashni bilar, o‘yin davomida kerakli almashtirishlarni qanday amalga oshirardi.
Endi keling, hammasini bir joyga jamlaymiz, yuqoridagi faktlarni diqqat bilan ko‘rib chiqamiz va o‘zimizga bitta oddiy savolni beramiz: kecha ishdan bo‘shatilgan Sulsherda bunday qobiliyatlarni qaysi biri bor edi? Hech bo‘lmaganda taxminan? Umuman olganda, “qizil iblislar” boshqaruviga kelishi taxmin qiligan mutaxassislarning qaysi birida Ser Aleks kabi qobiliyat bor? Ehtimol, Zinedin Zidan nomzodini aytarsiz?! Haqiqatdan ham fransuz taktik sxemalar atrofida futbol qila oladi, shuningdek, ajoyib motivator va g‘alabalarni qo‘lga kirita oladigan mutaxassis. Ko‘pchilik taxmin qilgandek, Zidan ushbu bo‘shliqni to‘ldira olishi mumkin. Ammo, xabarlarga ko‘ra, u “Yunayted” bilan ishlash imkoniyatini rasman rad etdi. U ingliz tilini bilmasligini va Tumanli Albionga ko‘chib o‘tishni xohlamasligi bilan tushuntirdi.
Klub faxriysi Rio Ferdinand “yangi Fergyuson”ni Erik ten Xag sifatida ko‘rishini aytdi: “Men Erik ten Xagni shaxsan bilmayman. U ajoyib murabbiy. “Ayaks” kichik klub emas. Bu katta klub, Gollandiyadagi eng katta klubi. Erik aynan ushbu klub bilan ajoyib natijalar qaydetmoqda. Agar u MYUga kelsa bu ajoyib ish bo‘lardi”.
Hozircha bu gollandiyalik mutaxassis haqida aniq bir narsa deyish qiyin – u “Ayaks”dan boshqa hech qayerda jiddiy ishlamagan. Ammo, uni Fergyuson bilan birlashtirgan eng muhim jihati – istiqbolli qarashlari borligi allaqachon ayon. U xuddi ser Aleks kabi, jamoaga yangi o‘yinchilarni qanday kiritishni va ulardagi bo‘lajak yulduzlar kashf etishni biladi. “Ayaks” uchun bu doimgi narsa bo‘lishi mumkindir, ammo hozirgi “Manchester Yunayted”ga bu juda kerak. Klub har doim o‘ziga xos iste’dodlarga to‘la jamoa edi va Sulsher qo‘l ostida klub tarkibidaiqtidorli yosh futbolchilar ko‘p edi, norvegiyalik mutaxassis....
Ten Xagda jamoa tuzish qobiliyati va xarakter bor. U garchi katta yulduzlar bilan ishlamagan bo‘lsada, buni uddalashini taxmin qilish mumkin.
Yangi Fergyuson roliga mavhum tarzda taxmin qilinib kelayotgan yana bir kishi bor. Bu Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis Enrike. U hali “qizil iblislar” rahbariyati “short listi”ga kirgani yo‘q, ammo Krishtianu Ronaldu Enrike orqali yaxshi natijalarni qo‘lga kiritish mumkinligini taxmin qildi.
“Manchester Yunayted” bosh murabbiyligiga nomzodlar ro‘yxatida Brendan Rojers, Maurisio Pochettino, Xulen Lopetegi, Loran Blan, Ralf Rangnik bor. Ularning har biri ajoyib mutaxassis. Lekin, ular “yangi Fergyuson” bo‘la olarmikan? Taxmin qilish qiyin.
Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.