“Manchester Yunayted” Ole-Gunnar Sulsherni istefoga chiqardi va yangi bosh murabbiy qidirmoqda. Klub matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yangi kelgan mutaxassis mavsum oxirigacha klubni boshqaradi. “Stadion.uz” nashri yangi murabbiy jamoaga kelgandan so‘ng nimalarni o‘zgartirishii kerakligi haqida biroz fikr yuritadi.
“Manchester Yunayted” yana bir bor inqirozga uchradi, Ole-Gunnar Sulsher jamoani undan chiqara olmadi. Klub yangi bosh murabbiy izlay boshladi va matbuot xabarlariga ko‘ra, jamoa boshqaruviga kelishi mumkin bo‘lgan asosiy nomzod Zinedin Zidan MYUni boshqarishni rad etdi. Mankunianliklar endi mavsum oxirigacha vaqtinchalik murabbiy kim bo‘lishini aniqlashi kerak. Aftidan, “Manchester Yunayted” shoshqaloqlik qilishning hojati yo‘qligini tushunib yetgan va yangi murabbiy ishni xotirjam rejimda boshqarishini ta’minlamoqchi, chunki u ko‘p muammolarni hal qilishi kerak.
Ko‘pchilik Krishtianu Ronalduni “Manchester Yunayted”ning asosiy muammosi deb ataydi. To‘g‘ri, portugaliyalik gol uradi va ajoyib shaxsiy statistika ko‘rsatadi, lekin uning jamoada ekanligi klub muhitiga salbiy tasir ko‘rsatishi aytilmoqda. Ta’kidlanishicha, Ronaldu pressingda faol tarzda o‘ynay olmayapti.
Nazariy jihatdan, bu muammoni maydonning o‘rtasini o‘ynaydigan kuchli yarimhimoyachilar zonasi bilan hal qilish mumkin. Oldin Kazemiro, Modrich va Kroos birgalikda Ronalduning bu kamchiligini yopishgan. Biroq “Manchester Yunayted”da bunday kuchli yarimhimoyachilar deyarli yo‘q.
Umuman olganda, markaziy chiziq “Manchester Yunayted”ning yangi bosh murabbiyining ikkinchi global muammosidir. Jamoada kuchli tayanch yarimhimoyachi yo‘qligidan tashqari, klubni tark etmoqchi bo‘lgan Pol Pogba MYU o‘yiniga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda. Sababi, Pogbaning ketish istagidan tashqari jamoa o‘yiniga kirishib keta olmasligi, shuningdek, ba’zi paytlarda juda ajoyib o‘yin namoyish etsa, ba’zan uning maydonda borligi ham sezilmaydi.
Qizig‘i shundaki, yangi murabbiy Ronaldu va Pogba muammolarini hal qilish vazifasidan erta xalos bo‘lishi mumkin. Fransiyalik futbolchining shartnomasi yozda tugaydi va u klubni tekinga tark etish ehtimoli katta. Qolaversa, portugaliyalik “Manchester Yunayted” Chempionlar ligasiga chiqa olmasa, jamoadan ketishini aytgan. Ehtimol, ikkita yuqori darajadagi o‘yinchining jamoadan ketishi yangi murabbiyninng yutug‘i bo‘lishi mumkin. Chunki, agar ular jamoada qolsa, jamoada yakka lider bo‘ladi va bu holat murabbiyning uslubiga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin.
Biroq, Pogba va Ronaldu ketgani bilan jamoadagi muammolar tugamaydi. Biz oldinroq maydon markazi haqida gapirgan edik, ammo hujumda ham nimanidir hal qilish kerak bo‘ladi. To‘g‘ri, tarkibda Reshford, Sancho, Grinvud kabi futbolchilar bor, lekin ular qanot futbolchisi hisoblanadi. Yangi murabbiyga markaziy hujumchi va tayanch yarimhimoyachi kerak bo‘ladi. Busiz “Manchester Yunayted” ancha muvozanatsiz jamoa bo‘lib qoladi.
Shu bilan birga, murabbiy Sancho, Reshford va Grinvud bir-birini qanday tushunib o‘ynashi haqida o‘ylashi kerak. Qolavercha, Antoni Marsyal, jamoaning eng yaxshi futbolchisi deb e’tirof etiladigan Brunu Fernandesh, Amad Diallo, shuningdek, bir yarim yildan beri zaxirada o‘tirgan iqtidorli Donni van de Bek muammosi ham bor.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, “Manchester Yunayted” uchun yangi murabbiy hal qilishi kerak bo‘lgan asosiy muammo – jamoadagi muvozanatni topish. Klub tarkibida juda iqtidorli o‘yinchilar bor, lekin ularning barchasi o‘yinlarda yakka holda natija ko‘rsata oladi va jamoaviy o‘yinlarda biroz oqsaydi. Bu esa yangi kelgan mutaxassis prinsiplariga to‘g‘ri kelmasligi mumkin.
Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.