Xabaringiz bor, Yevropada futbol mavsumi o‘zining avj pallasiga yetib keldi. Dekabr oyidagi tig‘iz taqvim tufayli muxlislar deyarli har kuni turli uchrashuvlarni tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi. Biroq Italiya tomonlarda vaziyat umuman boshqacha. Ular Rojdestvoga qadar (24 dekabrgacha) barcha o‘yinlarni o‘tkazib olishadi va qisqa tanaffusga chiqib ketishadi. So‘ng Yangi Yilning oltinchi kunidan yana matchlarga start beriladi. Shu muddat davomida qaysi yetakchi jamoalar «dahshatli» dekabrdan unumli foydalana oladi yoki aksincha, kim ko‘proq zarar ko‘radi kabi savollarga hozir batafsil javob berishga harakat qilib ko‘ramiz. Shuningdek, Italiyaning chempionlikka da’vogar klublari haqida ham mushohada qilib ko‘ramiz.
“Inter“
1908 yil 9 martda tashkil etilgan ushbu klub hozirda “mafiyalar yurti“da eng kuchli jamoa bo‘lib turibdi, fikrimizcha. Tarkib, barqarorlik va yangi murabbiyning klubga ijobiy o‘zgarishlar kiritgani “Inter“ni yanada kuchliroq qila oldi. Aslida, hammasi Konte davridayoq shakllanib ulgurgandi. Biroq Indzagi kelib, ayrim ustunliklarni yanada takomillashtirdi. Ayni paytda, “neradzurrilar“ turnir jadvalida eng ko‘p gol urgan va faqat “Napoli“dan keyin eng kam gol o‘tkazib yuborgan jamoa bo‘lib turibdi. Bunday natijalar qayd etilishida murabbiyning hissasi ulkan.
Taqvimga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Rojdestvoga qadar Simone Indzagi shogirdlarini “Kalyari“, “Salernitana“ va “Torino“ singari autsayder klublarga qarshi o‘yinlar kutib turibdi. Orada Chempionlar Ligasi doirasidagi “Real Madrid“ bilan bahs bor. Ko‘rinib turibdiki, “Inter“da dekabrdagi uchrashuvlar borasida umuman muammo yo‘q. Hatto “Qirollik klubi“ga qarshi bahs ham faqat rasmiyatchilik uchun o‘tkaziladi. Amalda ikki jamoa ham pley-off masalasini to‘la hal qilgan.
“Milan“
Ibragimovich yetakchiligidagi mazkur jamoa hozirgi A Seriya jadvalida peshqadamlikni qo‘lga olgan. Ammo ta’qibchilar bilan oradagi tafovut atigi 1 ochkoni tashkil etmoqda. Shunga qaramay, tan olish kerak “Milan“ Stefano Pioli bilan yana yuqori darajaga qaytmoqda. To‘g‘ri, milanliklar avvalgi afsonaviy “rossonerilar“ kabi qudratli bo‘lmasa-da, lekin chempionlik uchun kurashga qaytganining o‘zi katta gap.
“Qizil-qoralar“ni oldinda kutib turgan raqiblar yetarlicha muammo tug‘dira oladiganlar xilidan. Dastlab YECHLda “Liverpul“ bilan hayot-mamot jangi bo‘lib o‘tsa, so‘ngra chempionat doirasida “Udineze“, “Napoli“ va “Empoli“ bilan uchrashuvlar kutib turibdi. Bular orasida “Liverpul“ va “Napoli“ qolganlardan yaqqol ajralib turgani shubhasiz. “Qizillar“ bilan o‘yinda pley-off masalasi hal etilsa, neapolliklarga qarshi o‘yin A Seriya chempionligi uchun o‘ta muhim bahs bo‘lishi aniq.
“Yuventus“
Hech kimga sir emas, oxirgi yillarda turinliklarning A Seriyadagi qudrati keskin pasayib ketdi. Hatto o‘tgan yili sal qolsa, “zebralar“ kuchli to‘rtlikdan ham tushib qolishi mumkin edi. Shunga qaramay, klubdagi tizimning kuchli tuzilgani sabab “Yuventus“ hamon raqobatchilar uchun xavf tug‘dira oladi. Allegri boshchiligidagi yigitlar bu mavsum ham g‘oliblik uchun da’vogar bo‘la oladi, fikrimizcha.
“Keksa Sinyora“ni oldindagi o‘yinlari juda ham murakkab emas. Chempionlar Ligasida “Malmyo“, chempionatda esa “Venesiya“, “Bolonya“, “Kalyari“ singari nisbatan kuchsiz klublarga qarshi o‘yinlar Turin klubi uchun muammo bo‘lmasligi kerak, bizningcha. Ayni damda, mazkur jamoa 5 o‘rinda ketmoqda. Biroq “oq-qoralar“ ketma-ket 3 g‘alaba qo‘lga kiritib, teparoqdagi to‘rtlikka yetib olishi ham ehtimoldan yiroq emas.
“Atalanta“
So‘nggi yillarda “Yuventus“ qudratini tobora yo‘qotib borayotgan bo‘lsa, "Atalanta“ borgan sari kuchayib bormoqda. O‘tgan mavsumni turinliklardan oldinda yakunlagan Bergamo klubi bu mavsumda chempionlik uchun asosiy nomzodlar qatorida bo‘lib turibdi. Bularning hech biri tasodif emas. Klub rostan ham har tomonlama o‘sib bormoqda. Bu yerda har yili kamida bitta sifatli futbolchi yetishib chiqadi. Futbolchilar sotish orqali ham “ko‘k-qoralar“ yetarlicha mablag‘ga ega bo‘lyapti. Ustiga-ustak, Gasperini shogirdlari muntazam ravishda CHLda ishtirok etib kelmoqda. Bu ham moliyaviy tomondan ancha katta yordam bo‘lishi hech kimga sir emas.
Oxirgi 10 o‘yindan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan “Atalanta“ni oldinda yaxshigina sinovlar kutib turibdi. Jumladan, YECHL guruh bosqichining so‘nggi hal qiluvchi uchrashuvida bergamoliklar Ispaniyaning “Vilyareal“ini qabul qiladi. Keyin Italiya chempionati doirasida “Verona“, “Roma“ va “Jenoa“ bilan o‘yinlar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Anglab turganingizdek, Emerining “Vilyarreal“i hamda Mourinyoning (yoki Shomurodovning) “Roma“siga qarshi matchlar oson o‘tmaydi. Ya’ni “ma’budlar“ dekabrdan shunchaki yengil o‘tib ketishiga bu jamoalar yo‘l qo‘yishmasa kerak.
Italiyada kuchli klublarning ko‘payib borayotgani muxlislar bilan bir qatorda mutaxassislarni ham birdek xursand qiladi. Har yili bu o‘lkada chempionlik uchun kurash o‘ta qizg‘in kechmoqda. Bu mavsum ham qaysidir klub “xamirdan qil sug‘urgandek“ zafar quchib ketmasa kerak. Ammo baribir A Seriyaga nimadir yetishmayotgandek tuyulaveradi. Balki top yulduzlarning deyarli qolmagani va balki nomdor xorijiy murabbiylarning kamligidir?! Xo‘sh, siz nima deb o‘ylaysiz, nega Italiyada shuncha kuchli jamoalar bo‘la turib, u hamon APL darajasiga yeta olmaydi? Chempionatning kamchiliklari nimada deb o‘ylaysiz?