«Pari Sen-Jermen» futbolchilari yakshanba oqshomida o‘tkazilgan bahsda maydonga o‘ziga xos ko‘rinishda tushib kelishdi. Unda o‘n bir futbolchining barchasi Lionel Messining yettinchi «Oltin to‘p»ini ramzi sifatida raqamlari tilla rangda yozilgan libosda ko‘rinish berdi. «Kichkina sehrgar»ning Maurisio Pochettino jamoasiga tashrifi, klub saviyasini yanada oshishiga yordam bergan. Messi jahonning eng mashhur futbolchilari safiga qo‘shildi va tarkibni yanada «yulduzlashtirdi». Albatta, bu voqea asrimizning eng katta hodisasi sifatida e’tirof etildi. Ammo jarayon ichida ancha murakkabliklar mavjud. Xususan, Messining Parijdagi hayotga ko‘nikishi o‘ta qiyin kechmoqda. Bu narsa bosqichma-bosqich yuz berishini hisobga olsak, hali Messini jamoaga to‘liq moslashib ketdi, deya olmaymiz. Messi o‘z sovrinlar javonini to‘ldirish bilan band bo‘lgan, Neymar esa jarohatlari bilan kurashishni davom etayotgan bir paytda bir yigitcha katta maydonda yulduzlar shousini namoyish etishda davom etayotgandi. Uning ismi Kilian.
Kimga nima bo‘lishidan qat’iy nazar, Kilian Mbappe «PSJ» uchun qutqaruvchi vazifasini bajarib kelmoqda. Uning top o‘yini fonida «PSJ» ichidagi turli xil muammo va kamchiliklar bilinmay ketmoqda. Jumladan, fransuz hujumchisi kecha «Monako» bilan kechgan bahsni ham asosiy figurasiga aylandi. Yakshanba oqshomida bo‘lib o‘tgan murakkab bellashuvda, Kilian sobiq jamoasi, «Monako»ga qarshi super o‘yin ko‘rsatdi. Kechagi kunga qadar bu mavsumda Mbappe hisobida 11 gol hamda 14ta assist mavjud edi. U 22ta uchrashuvda shunday natija qayd etgan. Ushbu o‘yindan keyin esa uning gollari soni 13taga yetdi. Dubl qayd etgan Mbappe, yana bir bor o‘z darajasini ko‘rsatdi va «PSJ» ko‘lidagi eng katta «baliq» ekanini yana bir bor isbotladi. «Monako»ga qarshi kechgan bahs yana shuni ham ko‘rsatib berdiki, keyingi yozda parijliklar juda katta xazinasidan ajralishi mumkin.
Ha, kechagi raqib ancha saviyali va murakkab edi. Shunga qaramay, amaldagi Jahon chempioni «Monako» himoyasi uchun eng katta va chalg‘ituvchi xavf bo‘lib turdi. U shuningdek, jamoasining rang-barang hujumlarida asos bo‘lib xizmat qildi. Aynan Mbappening tezligi va mahorati evaziga «PSJ» hujumlari saviyali va o‘ta xavfli chiqardi. Uning raqibga urgan birinchi goli penaltidan yuz berdi. Unda Anxel Di Mariyaning xizmatlari katta bo‘ldi. Keyingi gol ham ko‘p kuttirmadi. Messining qarshi hujumdagi aqlli harakatlari Mbappega qulay imkoniyat yaratdi va hisob yanada oshdi. Birinchi bo‘limda ikkita gol bilan jazolangan monakoliklar ikkinchisida ham aytarli hech qanday harakatni amalga oshira olmadi. Kilian ikkinchi bo‘limda Messiga assistentlik qilishi mumkin edi. Ammo Leoning zarbasi noaniq yo‘llandi. Shu bilan bahs yakunlandi va «PSJ» turnir jadvalida gegemonlikni davom ettiradigan bo‘ldi.
«PSJ»ning xavfli raqibga qarshi ko‘rsatgan o‘yini Mourisio Pochettino jamoasining o‘yinida yana o‘sish bo‘lganini isbotladi. Ular jamoaviy tarzda har qanday raqibni yenga oladi. Ammo bir narsani ta’kidlash kerak, parijliklar tarkibi o‘ta yulduzli, ammo ular ichida eng porlog‘i Kilian Mbappe bo‘lib qolmoqda. Afsuski, shunday futbolchidan «PSJ» yozda ayriladi. Mbappening Madridga bo‘lgan muhabbati har qanday pul va o‘lchovlardan ustunlik qilmoqda. Shu sabab kelasi yozda uni qaymoqrang libosda ko‘rsak, ajab emas. Yana kim biladi deysiz...
ISMATOV J.