Kirish Ro'yxatdan o'tish
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter
29/12 00:45 Lasio - Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul

Fekir tarixining «xira» sahifasi

Fekir tarixining «xira» sahifasi

Baho:
+ | -

Rossiya chempioni - «Zenit» CHLning bahorgi bosqichiga o‘tolmadi va endi qur’aga muvofiq, YEL 1|8 finali yo‘lida «Betis»ga qarshi o‘ynaydi. Ispaniyada «chaqilmas yong‘oq» maqomini olgan bu klubning asosiy yulduzi - Nabil Fekir. Fransiyalik futbolchi faoliyatiga daxldor asosiy sir shuki, u 2019 yili hech kim kutmagan holda, «Lion»dan negadir «Betis» safiga o‘tdi va mana, 3 mavsumdan buyon La Liganing o‘rtamiyona jamoasida o‘ynash bilan cheklanmoqda. Gol.ru sayti ayni shu sir bilan qiziqib ko‘rdi.

***

Fekir Ispaniyadagi dastlabki mavsumida «Gol+pas» tizimi bo‘yicha 14 ball yig‘di (7tadan gol va samarali uzatma). Keyingi mavsumda futbolchining bu boradagi statis­tikasi biroz pasaydi: 5ta gol va 5ta samarali uzatma. Muhimi, «Betis»da yaqqol ajralib turdi. Fekirning joriy mavsumdagi ishlari ham chakki emas: 3ta gol urishdan tashqari, yana 3tasiga hammualliflik qildi. Vaholanki, Nabil bunday natijani bosh­qa klub yoki ligada ham qayd etishi mumkin edi. Har holda, u JCH-2018 oldidan faoliyatining yuqori cho‘qqisiga chiqqan va «Lion»dan kuchliroq klubga o‘tishni o‘ylayotgandi.

***

Fekir xizmatiga jumladan, endigina CHL finalida o‘ynagan «Liverpul» qiziqdi. Deylik, jamoa bosh murabbiyi Yurgen Kloppning shaxsan o‘zi uni «Enfild Roud»da ko‘rishni istadi. Umuman olganda, «Liverpul» skautlari Nabilni 2015 yiliyoq kuzatuv ostiga olishgandi. Xullas, «qizillar» 2018 yilning iyunida futbolchi transferi uchun «Lion»ga 60 million yevro taklif etishdi. Ammo transfer yakunda amalga oshmay qoldi. Vaholanki, klub telekanali Fekir ishtirokida rolik tayyorlashga ham ulgurgan edi. Keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda hattoki, Fekirning shartnoma ostiga imzo chekkani aks ettirilgan videolavhalar ham tarqaldi, to‘g‘ri, bu montaj edi.

***

Qiziq, tayyor shartnoma nega barbod bo‘lgandi? Bunga nima sabab? «Shunchaki, «Liverpul»­ning pozisiyasi o‘zgarib qoldi va klub futbolchimizni sotib olishdan voz kechdi», - deya oddiy izoh berdi «Lion» prezidenti Jan-Mishel Olyas o‘sha vaqt. U keyinchalik kelishuv futbolchining tizzasida jiddiy jarohat aniqlangani tufayli buzilganini ham inkor etdi. Ammo «Liverpul»ga yaqin manbalarda klub jarohati bor futbolchi transferiga 60 million yevro to‘lashga jur’at etolmagani haqida yozildi. «Klub vakillari barchasiga tizzam sabab ekanligini ko‘rsatishga urinishdi, lekin bu shunchaki, bahona edi», - dedi Fekirning o‘zi. Oddiy aytganda, u ham jarohat tufayli rad etilganiga ishonmadi. Aksincha, barcha tibbiy ko‘riklardan muammosiz o‘tganini qayta-qayta ta’kidladi. Nabil hattoki, Parij yaqinidagi futbol markaziga borib, alohida tibbiy testlar topshirgani va tizzasida hech qanday muammo aniqlanmaganini ham qo‘shimcha qildi.

***

Fekir joriy yil nihoyat, yorildi - aytishicha, shaxsiy agent aralashuvi tufayli «Liverpul»ga o‘tolmagan ekan. Futbolchi o‘sha vaqt Jan-Pyer Bernes xizmatidan foydalangan edi. Agent o‘z navbatida, Nabilning bayonotiga keskin munosabat bildirdi: «U bunday tomoshani to‘xtatishi kerak, odamlarni ahmoq qilishidan nima ma’no? Axir o‘shanda aslida nima bo‘lganini ko‘pchilik biladi».Xullas, Bernesning aytishicha, kelishuv asosan 2ta sabab tufayli buzilgan. Birinchisi - futbolchining tizzadagi muammolar. Ikkinchi sabab -  kelishuv deyarli rasmiylashtirilgan pallada xorijlik no’malum vositachi o‘rtaga tushib, klubdan muzokara jarayonini qayta davom ettirishni talab qilgan. Bernesning so‘zlaridan yana iqtiboslar keltiramiz: «Liverpul» bilan 4 oy davomida muzokara olib bordik va hammasi tayyor edi. Yakunda Fekirni umumiy qiymati 45 million yevroga teng 5 yillik shart­noma kutayotgandi. Biroq Nabil maxsus uchrashuvda «Liverpul» vakillari bilan salomlashmadi negadir. Shartnomaga imzo chekadigan kuni esa Fekir turmush o‘rtog‘ining akasi bilan keldi. Boz ustiga, hamrohi darhol muzokarani qaytadan boshlash kerakligini talab qildi. Shunda o‘zimni «Disney»ning qandaydir filmiga tushib qolgandek sezdim. 38 yillik faoliyatim davomida bunaqasini biror marta ko‘rgan emasdim».

***

Tayyor shartnoma barbod bo‘lgach, Fekir yana bir mavsum «Lion»da qoldi. Futbolchi ko‘ngilsizlikka qaramay, yomon o‘ynamadi, ammo JCH-2018 arafasidagidek yorqin emas. Shu tariqa uning Angliya­ga yo‘l olish ehtimoli o‘z-o‘zidan pasaydi. Boz ustiga, «Lion» bilan shartnomasi muddati tugayotgan edi. Yakunda «Betis» atigi 20 million yevrodan kamroq to‘lab, Fekirni o‘z safiga qo‘shib oldi. E’tiborli tomoni, futbolchi Ispaniya klubiga ukasi Yosinni ham olib o‘tdi. Ammo u ortda qolgan 2,5 yil davomida faqat «Betis»ning o‘rinbosarlar jamoasi va Segunda V ishtirokchisi «Gixuelo»da o‘ynadi. Nabilning o‘zi «Betis»da baxtiyor ekanligini ko‘p bora takrorlaydi, lekin «Liverpul»ga o‘tishi amalga oshmaganidan xafaligini ham yashirmaydi. To‘g‘ri, Fekir endi CHLga «Betis» bilan chiqish ilinjida - hozircha uning jamoasi chakki emas.

A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 13:13, 26.12.2021.
O'qildi: 2657 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.