Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Stanislav Andreev:“Navbahor” bilan ijobiy natijalarni qayd etish niyatidaman”

Stanislav Andreev:“Navbahor” bilan ijobiy natijalarni qayd etish niyatidaman”

Baho:
+ | -

Xabaringiz bor, “Navbahor” jamoasi a’zolari ayni paytda Samvel Babayan boshchiligidagi murabbiylar shtabi qo‘l ostida Turkiyaning Antaliya shahrida navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib borishmoqda. “Lochinlar”ning Antaliyadagi navbatdagi mashg‘uloti yakunlangach, Turkiya safari oldidan “Navbahor” bilan shartnoma imzolagan tajribali himoyachi Stanislav Andreev bilan bog‘lanib, unga o‘zimizni qiziqtirgan bir necha savollar bilan murojaat qildik.

Quyida futbolchining fikrlari e’tiboringizga havola etilmoqda. 

Turkiyadagi mashg‘ulotlar, “Navbahor”ga o‘tishi, raqobat  

– Turkiyadagi mashg‘ulotlar juda yaxshi o‘tyapti. Murabbiylar mazkur yig‘in davomida asosan jismoniy tayyorgarlikka e’tibor qaratishmoqda.

Barcha futbolchilar birga mashg‘ulotlar o‘tkazib, o‘zaro muloqot qilyapmiz. Turkiyadagi yig‘in yangi mavsumdagi o‘yinlarimiz uchun ancha asqotadi, degan fikrdaman.  

“Navbahor” bilan mazkur jamoani “Paxtakor”da birga faoliyat yuritgan Samvel Vyacheslavovich Babayan boshqarayotgani, jamoaning yangi mavsumda sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borishi, bundan tashqari, namanganlik muxlislarning haqiqiy 12-o‘yinchi ekanliklari, ularning doimo sevimli jamoalarini qo‘llab-quvvatlashlarini bilganligim bois, shartnoma imzoladim. 

To‘g‘risini aytsam, Samvel Vyacheslavovich meni Namangan klubiga o‘tgan mavsumning  shartnoma imzoldaimdavralar oralig‘ida taklif qilgandi. Lekin o‘shanda bekobodliklar bilan amaldagi shartnomam bor edi. Bundan tashqari, davralar oralig‘ida jamoani almashtirish menga to‘g‘ri kelmasdi. Shu bois, mavsum yakunlanishini kutdim va “Metallurg”ning Superligadagi o‘rnini saqlab qolishga qo‘limdan kelganicha yordam berdim.

O‘tgan mavsum o‘zingizga ma’lum, “Metallurg” uchun ayniqsa, 2-davra bahslari ancha qiyin kechdi. Jamoa mavsum yakuniga kelib, Superligada “jon saqlab” qolish uchun kurash olib borishga majbur bo‘ldi, hattoki, Pro liga jamoasiga qarshi “pley-off” o‘yinida qatnashishimizga ham bir bahya qoldi. Xudoga shukr, yakunda barchasi ijobiy tarzda yakunlanib, “Metallurg” elitadagi o‘rini saqlab qoldi. To‘g‘risini aytsam, futbolchilik faoliyatimda bunday holatga birinchi marta tushdim. Endi bunday voqeliklar qaytarilmaydi, degan umiddaman. Aytishadiku, qiyinchilik ketidan yengillik keladi, deb. Endi yangi mavsumda “Navbahor” bilan ijobiy natijalarni qayd etish niyatidaman.        

Xabaringiz bor, 2017-2018 yillarda otam (Vladimir Andreev) “Navbahor” murabbiylar shtabida faoliyat olib borgan. Albatta, namanganliklar safiga qo‘shilishdan oldin dadam bilan ham maslahatlashdim. U murabbiy emas, avvalo ota sifatida o‘z maslahatlarini berib, klub rahbariyatida yaxshi insonlar ishlashi, “Navbahor” ham o‘z nomiga ega klub ekanligi, ushbu jamoa safida o‘ynash foydadan xoli bo‘lmasligini ta’kidlab, bir qarorga kelishni o‘zim mustaqil ravishda hal qilishim lozimligini aytdi. O‘zim ham yuqoridagi omillardan kelib chiqqan holda, jamoa tarkibiga qo‘shilishga qaror qildim. Xudo xohlasa, yangi mavsumda klub rahbariyati va murabbiylar shtabi, shuningdek, muxlislar ishonchini oqlashga intilaman.

Meni “Navbahor”da juda yaxshi, mehmondo‘stlik bilan kutib olishdi. Yangi jamoadoshimlarimdan ayrimlari, jumladan, Azimjon Ahmedov va Davronbek Hoshimov bilan “Paxtakor”da birga o‘ynaganmiz, Shohruh Mahmudhojiyev hamda Ibrohim G‘anixonov ham o‘z faoliyatlarini “sherlar” tarkibida boshlashgan va ularni ham yaxshi taniyman. Turkiyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inidan oldin  Namanganda bo‘lib o‘tgan 9 kunlik mashg‘ulot davomida yangi jamoadoshlarim ancha yaqindan tanishib oldim, jamoa muhitiga moslashdim. Turkiyadagi yig‘inda ular bilan yanada yaxshiroq chiqishib olyapmiz.

Tarkibimiz kuchaymoqda va yangi mavsumda Xudo xohlasa, joriy yil yakunida ijobiy natijaga erishib, sovrindorlar safidan o‘rin olamiz, degan umiddaman.

Oldindan bashorat qilishni yoqtirmayman. “Navbahor”ning oldiga bo‘lajak  mavsumda Osiyo Chempionlar Ligasi (OCHL) yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yildi. Buni amalga oshirish uchun qo‘ldan kelganicha harakat qilamiz.

Albatta, “Navbahor”da mening pozisiyamda raqobat bor. Lekin bunga tayyorman. Raqobat bor joyda esa o‘sish bo‘ladi. Xudo xohlasa, asosiy tarkibdan o‘rin olish uchun qo‘ldan kelganicha harakat qilaman.     

Yetakchilik, universallik

– “Paxtakor”dagi faoliyatim davomida ayrim o‘yinlarda jamoa sardori sifatida maydonda harakat qilgan bo‘lsam, “Metallurg”da ko‘plab o‘yinlarda jamoadoshlarimni sardor sifatida maydonga boshlab tushdim. Ammo o‘zim hech qachon jamoa sardori yoki yetakchisi bo‘lishga qiziqmaganman. “Navbahor”da ham meni yetakchi deb hisoblashsa, yana yaxshi. Men uchun muhimi bu emas, asosiysi, o‘zim bolalikdan qiziqqan kasb, ya’ni, futbolchi sifatida faoliyat yuritayotganim, jamoamizning har bir o‘yinda g‘alaba qozonib, ijobiy natijalarni qayd etishi. Qolgani unchalik muhim emas. 

Murabbiylar meni maydonning qaysi chizig‘iga qo‘yishsa, o‘sha hududda o‘ynayveraman, ya’ni, universal futbolchiman. Garchi chapaqay bo‘lsamda, “Paxtakor”da oldin maydon markazida to‘p tepdim. Keyin esa chap qanot yarim himoyasiga olishdi. O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2 ta o‘yinida murabbiylar chap qanot himoyasida sinab ko‘rishdi. Keyin poytaxtliklar tarkibiga qaytganimdan keyin “Paxtakor” murabbiylari ham shu pozisiyada o‘ynashimni aytishdi. “Metallurg”da esa hattoki, o‘ng qanot himoyachilari jarohat olishgan va diskvalifikasiya sababli, maydonga tusha olishmaganligi bois, hattoki, 2-3 ta bahsda o‘ng qanot himoyasida o‘ynashimga ham to‘g‘ri keldi. Qisqasi, meni murabbiylar maydonning qaysi chizig‘iga qo‘yishsa, o‘sha yerda o‘ynayveraman.

Tajriba, penalti tepish, terma jamoa va “Metallurg”dagi faoliyat  

– Albatta, tajribali futbolchi sifatida yosh futbolchilarga o‘z maslahatlarimni berib turaman. Yoshligimda menga “Paxtakor”da tajribali futbolchilar o‘z maslahatlarini berib turishgan.

O‘z o‘rnida yana shuni ham ta’kidlash joizki, yoshlardan ham nimalarnidir o‘rganish mumkin. Hozirgi yoshlar ancha zamonaviylashib ketgan. Bir so‘z bilan aytganda, yoshlar maslahat so‘rashsa, ularga yordam berishga tayyorman.

“Metallurg”da shtatli penaltichi bo‘lganman va albatta, buning o‘ziga yarasha mas’uliyati yuqori. Ba’zilar o‘ylashi mumkin, 11 metrli nuqtaga kelib, eni 7 metrdan oshiqroq bo‘lgan darvozani aniq nishonga olish nima deb. Lekin bu futbolchidan ruhiy va jismoniy kuch talab etadigan holat. Muxlislar shuni ham inobatga olishsa, yaxshi bo‘lardi.

Terma jamoadan ham ijobiy taassurotlar qolgan. Har safar jahon chempionatiga chiqish uchun biroz omad yetishmagan. Ayrim saralash bosqichida bir ochko, ayrimlarida bitta gol.

Terma jamoa murabbiylari borasida to‘xtaladigan bo‘lsam, ulardan hech kimni alohida ajratib ko‘rsata olmayman. Meni terma jamoaga  ilk marta 2009 yilda Mirjalol Qo‘shoqovich Qosimov taklif qilgan. Keyin esa milliy termada Vadim Karlenovich Abramov, Samvel Vyacheslavovich Babayanning qo‘l ostida o‘ynaganman. Qisqasi, terma jamoada har bir murabbiydan nimadir o‘rganganman.

Milliy jamoamizning 2017 yili eronliklar bilan bo‘lgan o‘yinida jiddiy jarohat oldim.

Kezi kelganida shuni ham ta’kidlash joizki, o‘shanda og‘ir damlarni boshdan kechirdim. Jarohatdan tiklanish ancha vaqt talab qildi, 10 oycha o‘yin amaliyotisiz qoldim. Jarohatimdan endi forig‘ bo‘lganimda, “Paxtakor”da katta o‘zgarishlar yuz berdi, jumladan, murabbiylar shtabi ham yangilanib, Shota Yustinovich Arveladze bosh murabbiy sifatida ish boshladi. Tabiiyki, u endigina jarohatidan forig‘ bo‘lgan futbolchini tavakkal qilib, asosiy tarkibga tushirmasligi mumkin edi. To‘g‘ri, boshlang‘ich tarkibda ham maydonga tushish imkoniyatiga ham ega edim. Ammo ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni xohlardim. Xuddi o‘sha paytda  Andrey Sergeevich Shipilov “Metallurg”ga taklif qildi. Shu bois, 2018 yilning 2-davrasidan keyingi faoliyatimni bekobodliklar tarkibida to‘p tepib, 3,5 yil davomida “Metallurg” safida o‘ynadim va qo‘limdan kelganicha, jamoaning muvaffaqiyatlariga o‘z hissamni qo‘shdim.

Shipilovning murabbiyligida “Metallurg” ikki mavsum davomida 5-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 

Yoqtirgan futbolchilari, muxlislarga tilagi

– Futbolni hech qachon biror bir futbolchining o‘yinini alohida ko‘rish uchun ko‘rmayman. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bolaligimda kumirim bo‘lmagan. Hozirgi futbolchilardan “Yuventus”ning argentinalik hujumchisi Paulo Dibalaning o‘yini yoqadi. Hamyurtlarimizdan esa Eldor Shomurodov, Jaloliddin Masharipov va yangi jamoadoshimga aylangan Jamshid Iskanderov yaxshi o‘yin namoyish etishmoqda.

Muxlislarga tilagim, jamoamizni har qanday holatda ham qo‘llab-quvvatlab turishsin. Axir, aytishadiku, do‘st kulfatdaan bilinadi, deb. Biz esa ularning ishonchlarini oqlashga intilamiz.

 Bizning ma’lumot

Stanislav Andreev – 1988 yil, 6 mayda Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida tug‘ilgan.  

O‘ynagan jamoalari: “To‘palang” (2006 yil, 2 ta o‘yin), “Paxtakor” (2007-2018 yilning 2-davrasi, 210 ta o‘yin, 25 ta gol), “Metallurg” (2018 yilning 2-davrasi – 2021 yil, 90 ta o‘yin, 12 ta gol).  

Oilali. Ikki farzand, ya’ni, bir o‘g‘il va bir qizning otasi.

Muxlislik qiladigan jamoasi: “Manchester Yunayted”.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.  

Kiritildi: 17:20, 18.01.2022.
O'qildi: 1378 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.