Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Dushan Vlaxovich: «Dunyo bo‘yicha eng zo‘ri bo‘lmoqchiman»

Dushan Vlaxovich: «Dunyo bo‘yicha eng zo‘ri bo‘lmoqchiman»

Baho:
+ | -

Transfer qiymati kun sayin oshib borayotgan serbiyalik hujumchi Dushan Vlaxovich ayni payt Italiya «A» seriyasining asosiy yulduzlari qatorida. Yevropaning eng boy klublari bu yigit ishqida yonayotgani ham ayni haqiqat. Hozirda transfer huquqi bahosi deyarli 100 million yevroga yetgan futbolchining o‘zi esa mutlaqo xotirjam. «Fiorentina» goleadori jumladan, Serbiyaning Politika nashriga bergan intervyusida shon-shuhrat onlari va 2022 yil uchun aniq rejalari haqida ochiq-oshkora gapirdi. Muqarrar savol tug‘iladi: «Fio» grand klublarning shunday «javohir»ni qo‘lga kiritish borasidagi urinishlariga qachongacha qarshi tura olarkin?

- 2021 yili Italiya chempionatida Krishtianu Ronaldu qayd etgan natija- (muayyan yil davomida 33ta gol)ni takrorlagan yosh futbolchi (28 yanvar kuni 22 yoshga to‘ladi) o‘zini qanday his qilmoqda?

- Futboldagi muvaffaqiyatlar har doim aqlga bog‘liq. Tabiiyki, ko‘pincha orzu sari yo‘lda turli to‘siqlar uchraydi, menimcha, bular haqida ortiqcha gapirish o‘rinsiz. Zero, futbolchi aynan shunday sinovlar natijasida o‘zini toblaydi. Umid qilamanki, men uchun eng og‘ir yo‘l ortda qoldi. Rejalarga kelsak, hozirgacha o‘z oldimga qo‘ygan vazifalarni uddalab kelyapman. Lekin muayyan darajadan to‘liq qoniqib, to‘xtab qoladiganlar toifasidan emasman. Ya’ni hamisha yanada ko‘prog‘ini xohlayman, yaxshirog‘ini qidiraman. Tabia­tim shunday. Ehtimol, kelajakda bundan ham yuqoriroq natija ko‘rsatarman, lekin yil davomida gol urish bobida kimsan Ronalduga tenglashganim o‘zim uchun juda muhim. Axir shunday buyuk futbolchi bilan bir qatorda turish - katta sharaf.

- Sizningcha, futbolda gol vaziyatini his etish qobiliya­tini mashg‘ulotlar vositasida oshirish mumkinmi yoki hammasi tug‘ma iste’dodga bog‘liq?

- Shaxsan men uchun eng muhimi - mehnat. Nafaqat futbol, balki hayotda ham shunday. O‘ylaymanki, har qanday harakat ertami-kech o‘z samarasini beradi. Ha, tug‘ma iqtidor muhim, lekin u ham mehnat orqali yuzaga chiqishini unutmaslik kerak. Misol uchun, ayni holatda tiklanish va rivojlanish uchun oldingidan uch baravar ko‘p kuch-quvvat sarflashim talab etiladi. Xulosa shuki, ko‘p narsa qanday ishlashingiz, mashg‘ulotlar va maydonda o‘zingizni to‘g‘ri tutishingizga bog‘liq. Yana ruhiy muvozanatni ushlash ham muhim. Shukrki, ruhiyatim ham, ishga yondashuvim ham joyida. Ya’ni aql bilan olg‘a borish zarurligini yaxshi tushunaman.

- Umuman, 21 yoshda Yevropaning eng yaxshi hujumchilaridan biriga aylanishingizda aynan qaysi jihat muhim rol o‘ynadi?

- Bilmadim, bilganim shuki, maydonda katta motivasiyaga ega holda yuguraman. Oddiy aytganda, bor e’tiborni o‘z vazifamga qarataman. Zero, muvaffaqiyatning asosiy sharti - bor e’tiborni ishga qaratish. Bunda hayotning ba’zi xursandchiliklaridan voz kechishga ham to‘g‘ri keladi. Umuman, o‘z maqsadida qat’iy turadigan kishi muvaffaqiyatga erishadi, albatta. Faqat zafar kaliti o‘z qo‘limizda ekanligini teran anglasak, bas.

- Serbiya termasi yil yakunida Qatar mundialiga boradi. Bosh murabbiy Dragan Stoykovich serbiyalik futbolchilarni nimaning evaziga yaxlit kuchga aylantirdi?

- Albatta, JCH-2022 yo‘llanmasi - katta natija. Muhimi, saralash dovonida mamlakatimiz Qatarda ham ajoyib natija ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan jiddiy jamoaga egaligini isbotladik. Janob Dragan yangi uslub va hujumkor futbol bilan yigitlarga o‘zgacha energiya bag‘ishladi. Asosiysi, bizni eng zo‘rlar qatorida ekanligimiz, duch kelgan raqib bilan bemalol o‘ynashimiz va har qanday jamoani yenga olishimizga ishontirdi. Stoykovich bir gapni tez-tez takrorlaydi: «Yigitlar, maydonga tushib, o‘z uslubimizda o‘ynash va g‘alaba qozonishga urininglar. Natijani shunda ko‘ramiz». Otam uni futbol grossmeysteri sifatida maqtaydi. Bejiz emas, albatta. Axir Dragan murakkab guruhda natija keltirdi. Asosiysi, Serbiya termasi uchun yetishmayotgan tartibni ham o‘rniga qo‘ya oldi.

- Florensiyadagi 3,5 yillik faoliyatingizda ko‘plab qiyinchiliklarga yuz tutganingiz ham tayin. O‘sha og‘ir damlarda kim ko‘proq yordam berdi?

- Birinchi navbatda, oilam. Ya’ni ota-onam va opa-singillarim. O‘zi yaqinlarimga qattiq bog‘langanman. Ularning muhabbatlari va qo‘llab-quvvatlashlari juda katta ahamiyatga ega. Ha, aslida ancha qiynalganim rost, hammasi bosh­qacha tus olishi ham hech gap emasdi. Og‘ir damlarda his-tuyg‘ularga berilganimda, aynan yaqin do‘stlarim yonimda turib, yo‘ldan chiqib ketmaslikka undashdi. Buni hech qachon unutmayman. To‘g‘risi, otam Milosh, onam Gordana, singlim Anjela, bobom va buvim zarur dalda berib turishmaganida, hammasi ancha murakkabroq bo‘lardi.

- Faoliyatingizda murabbiy Chezare Prandelli ham katta o‘rin tutadi. Shundaymi?

- Eng ijobiy fazilatlarni jamlagan olijanob inson. Undan naqadar minnatdor ekanligimni so‘z bilan ifodalab berolmayman. Chezarening ruhlantiruvchi so‘zlari hamon men bilan birga. Esimda, dast­labki 5ta o‘yinda gol urolmagach, ruhan ezilgandim. Axir hujumchidan avvalo, gol kutishadi. Prandelli shu omadsiz o‘yinlarga qaramay, penalti tepishni menga ishonib topshirdi. Shu asnoda meni yanada kuchliroq qo‘llab-quvvatladi. Ke­yin «Sassuolo» va «Yuventus» darvozasini nishonga oldim. Hammasi shunday boshlangan edi.

- Ayni payt Yevropadagi eng talabgir yigitlardan birisiz. Yosh futbolchi bunday bosim bilan qanday kurashadi?

- Har bir masalada ota-onam va menejerlarim bilan kelishib ish tutamiz. Ajoyib mavsum, faoliyatimda jiddiy qadam qo‘yganimni yaxshi tushunaman. «Fiorentina» ham kichik klub emas, o‘z an’analari, muxlislariga ega. Hozirgi klubim bilan yevroturnirlarda ishtirok etishni istayman. Umid qilamanki, vaqt o‘tgani sayin takliflar soni oshib boraveradi.

- Futbol yoki sportda kumiringiz bormi?

- Novak Jokovich. U sayyora bo‘yicha eng yaxshi sportchi qanday bo‘lishi kerakligiga yaqqol misoldir.

- Xo‘sh, Florensiyada qolmoqchimisiz yoki boshqa rejalar bor?

- Florensiyada chiroyli futbol hikoyasi yozilmoqda. Bizda yaxshi jamoa, ajoyib futbolchilar, muxlislar bor. Barchasi hurmatga loyiq. Ke­yingi mavsum nima bo‘lishini esa Yaratgan biladi. Hozirgi bosh maqsadim - «Fiorentina»ni yevroturnirga olib chiqish. To‘g‘ri, hammasi bir kechada o‘zgarib ketishi ham hech gap emas. Yana nima bo‘lishini oldindan bilish imkonsiz.

- 2022 yil uchun oldingizga qanday marralar qo‘ydinsiz?

- Dunyo bo‘yicha eng yaxshi bo‘lishni istayman. Yana imkon boricha ko‘proq gol urishni va «Fiorentina» Italiya futbolining eng yuqorisiga chiqishini ham.

- Serbiya prezidentining o‘g‘li shaxsiy menejeringiz ekanligi rostmi?

- Yo‘q, bu qandaydir bema’nilik.

- Shu kungacha eng yaxshi maslahatni qaysi mashhur futbolchidan olgansiz?

- Frank Riberi bilan ko‘p gaplashardim. Uning maslahatlari rosa qo‘l keldi, ayniqsa, qiyin damlarda. Ba’zan soatlab gaplashardik, Frank mashg‘ulotlarda ham turtki berardi. Riberining 3 yil oldin aytgan gaplari hamon yodimda: «Dushan, yaxshi o‘yinchisan, tinimsiz shug‘ullan, hali vaqting keladi, albatta. Axir endi 19 yoshdasan, men esa 37daman. Futbolda vaqt juda tez o‘tadi. Har bir lahzadan foydalan, chunki keyin kech bo‘lishi mumkin». To‘g‘risi, o‘shanda o‘zimdan ikki baravar katta futbolchi harakatini ko‘rib, uyalib ketgandim. Bu - men uchun ajoyib maktab.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 09:20, 20.01.2022.
O'qildi: 3787 marta.
Fikrlar: 25 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.