Yevropada qishki transfer oynasi yopilishiga juda oz vaqt qoldi. Klublarda shartnomalarni yakunlash uchun hali biroz vaqt bor va biz ko‘plab transferlarini ko‘rishimiz mumkin. Ayni paytda oldingi kunlarda amalga oshirilgan transferlarga to‘xtalsak.
Dushan Vlaxovich “Fiorentina”dan “Yuventus”ga o‘tdi
Qishki transfer oynasidagi eng qimmat xaridi. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, “Yuventus” goleador hujumchi uchun bonuslar bilan birga qo‘shib hisoblaganda 81,6 million yevro to‘lagan. Vlaxovich bu mavsumda ajoyib statistikaga ega (24 o‘yinda 20 ta gol) va uning ketishi “Fiorentina” muxlislarini g‘azablantirdi. “Yuventus”ga o‘tganiga chiday olmagan Florensiya klubi muxlislari allaqachon Dushanga atab haqoratli bannerlar ko‘tarishdi. Biroq, ularga bunday sotuvlar begona emas. 2017 yilda Federiko Bernardeski Florensiyani Turinga almashtirgan bo‘lsa, 2020 yilda Federiko Kyeza xuddi shunday yo‘ldan bordi. Keyinchalik ikkalasi ham Yevropa chempionatida Italiya terma jamoasi bilan oltin medallarni qo‘lga kiritishdi. Qanday bo‘lmasin, 22 yoshli Vlaxovich bilan “Yuventus”ning hujum chizig‘ida rang-baranglik bo‘lishi tayin.
Antoni Marsyal “Manchester Yunayted”dan “Sevilya”ga
Joriy mavsumning birinchi yarmi 26 yoshli futbolchi uchun yaxshi kechmadi. Antoni MYU bilan barcha musobaqalar doirasida bor-yo‘g‘i 367 daqiqa o‘ynadi va faqatgina bitta gol urdi. Bunday vaziyatda boshqa klubga o‘tish qarori juda mantiqiy ko‘rinadi. “Sevilya” Marsyalni mavsum oxirigacha ijaraga oldi va futbolchining o‘zi nima uchun aynan shu klubni tanlaganini tushuntirib berdi. Antonining so‘zlariga ko‘ra, u “Sevilya”ga bosh murabbiy Xulen Lopetegi va sport direktori Ramon Monchi sabab kelgan. Balki, aynan Ispaniyada Marsyal o‘z karyerasini yo‘lga qo‘ya olar?! Kuzatamiz! Ehtimol, yaqin orada Antoni ortidan MYUning boshqa futbolchilari, xususan, Donni van de Bek va Jessi Lingard ham jamoani tark etishi mumkin.
Robin Gosens “Atalanta”dan “Inter”ga o‘tdi
Italiyaning yana bir top-klubi ichki chempionatdan transfer amalga oshirdi. “Inter” “Atalanta” vingeri Robin Gosensni sotib olish opsiyasi bilan ijaraga oldi. Joriy mavsumda nemis futbolchisi bor yo‘g‘i 8 ta o‘yin o‘tkazdi va jarohat sabab uzoq vaqt o‘tkazib yubordi. Robin tizzasidan olgan jarohati tufayli 2021 yil sentyabr oyi oxiridan beri rasmiy o‘yinlarda ishtirok eta olmayyapti. Ammo, o‘tgan mavsum futbolchi uchun juda sermahsul bo‘ldi: A seriyada 32 ta o‘yin, 11 ta gol, 6 ta golli uzatma. “Atalanta” ham o‘z navbatida Gosensga o‘rinbosar topishga ulgurdi. “Football Italia” nashri xabariga ko‘ra, bergamoliklar “Lasio” vingeri Manuel Lassarini sotib olishni ko‘zlamoqda.
Adama Traore “Vulverxempton”dan “Barselona”ga
“Barselona” o‘z tarkibini bir paytlar La Masiyada to‘p tepgan futbolchi bilan to‘ldirdi. Traore bu mavsumda 23 o‘yinda atigi bitta gol urdi, ammo uning boshqa fazilyati bor. 26 yoshli Adama tezligi evaziga raqiblardan qochishni mohirona tarzda uddalaydi. Traoreni aslo sermahsul futbolchi deb atash mumkin emas: o‘tgan mavsumda u uch marta, o‘tgan yili olti marta gol urgan. Ammo... “Barsa” qishki transfer oynasida APLdan ikkinchi yirik transferini amalga oshirmoqda - avvalroq ular “Man Siti” futbolchisi Ferran Torresni sotib olgandi.
Jeremi Boga “Sassuolo”dan “Atalanta”ga
Kot-d’Ivuarlik futbolchi 2019/2020 yilgi mavsumda ajoyib o‘yin ko‘rsatdi, u “Sassuolo” safida gol+pas tizimi bo‘yicha 35 uchrashuvda safida 15 (11 + 4) ochko to‘pladi. Ammo, bu mavsumda uning statistikasi unchalik yaxshi emas – 12 uchrashuvda atigi 3 ta golli uzatma. Shunga qaramay, “Atalanta” futbolchi uchun 22 million yevro to‘ladi. Boga 25 yoshda va u Bundesligadan tashqari barcha top-chempionatlarda o‘ynagan. Biroq, Premyer-liganing “Chelsi” klubi safida faqat bitta o‘yin maydonga tushgan. Yanvar oyida Jeremi Afrika kubogida qatnashdi. Boga turnirda atigi 48 daqiqa o‘ynadi va uning jamoasi pley-offning birinchi bosqichidayoq musobaqadan chiqib ketdi.
Kot-d’Ivuarlik ko‘pincha chap qanotda o‘ynaydi, shuningdek markazda ham o‘ynay oladi. Shu sabab Gasperini jamoasi hujum chizig‘idan ko‘ngli to‘q.
Artur Kabral “Bazel”dan “Fiorentina”ga
Dushan Vlaxovchi “Yuve”ga o‘tdi va shuning uchun ular yangi hujumchi sotib olishi kerak edi. Shu sabab, ular 23 yoshli Kabralni 14 million yevro evaziga xarid qilishdi. So‘nggi yillarda braziliyalik Shveysariya chempionatida ajoyib mavsum o‘tkazdi. O‘tgan mavsumda Artur 18 ta gol urib, jamoasining eng yaxshi to‘purari bo‘ldi. Bu mavsum ham yutug‘ini takrorlash uchun imkoniyatlar bor edi - 18 ta o‘yinda 14 ta gol. Ammo, “Fiorentina” uning rejalarini buzib qo‘ydi.
Felipe Kaysedo “Jenoa”dan «Inter»ga o‘tdi
Italiyaning amaldagi chempioni uchun kutilmagan tanlov. “Inter” hujumda tarkibni kuchaytirishni xohladi va Kaysedoni ijaraga olishga qaror qildi. Moskvaning “Lokomotiv” jamoasi sobiq hujumchisi “neradzurrilar”ning tanloviga aylandi. U 2017 yildan 2021 yilgacha Felipe “Lasio”ning zaxira futbolchisi hisoblangan. “Inter”da ham aynan o‘sha vazifani bajarishi mumkin. O‘tgan yozda 33 yoshli ekvadorlik katta maqsadlarni chetga surib, Genuyaga ko‘chib o‘tdi. Ammo, Simone Indzagi sobiq shogirdini yana o‘z jamoasiga chaqirdi (Indzagi o‘tgan masum “Lasio”ni boshqargan). Hujumchi Milan klubi safida ushbu mavsumning qolgan qismini ijara asosida o‘tkazadi.
Stefano Sensi “Inter”dan «Sampdoriya»ga o‘tdi
Yana bir “Inter” bilan bog‘liq bitim. Ammo, bu safar ular xaridni emas, balki sotuvni amalga oshirishdi. Yaqinda Sensiga katta umidlar bog‘langan edi (U 30 million yevro evaziga “Sassuolo” xarid qilingan), ammo u milanliklar safida o‘z o‘rnini topa olmadi. Sensi “Sampdoriya” safida joriy mavsum oxirigacha ijara asosida o‘ynaydi. Yarimhimoyachi 26 yoshda, shuning uchun faoliyatini qayta tiklash uchun hali vaqt bor.