2021 yilning 15 dekabr kuni Denis Korostichenko “Lokomotiv” bosh murabbiyi etib tayinlandi.
Yosh murabbiy klub matbuot xizmatiga bergan intervyusida yangi mavsumga hozirlik qanday ketayotgani, bosh murabbiy bo‘lganidan keyingi hissiyotlar, qaysi murabbiylar ishini kuzatishi, jamoaning bugungi tarkibi hamda bu yilgi maqsadlar haqida gapirib berdi.
– Denis Vladimirovich, Superliga boshlanishiga bir oydan kam vaqt qoldi. Tayyorgarlik qanday ketyapti?
– Mavsumga tayyorgarlik belgilangan reja bo‘yicha ketyapti. Biz tayyorgarlikni bir nechta qismga bo‘lib chiqqanmiz. Fevralda ham ikki bosqich bo‘yicha hozirlik ko‘ramiz. Hozircha hammasi rejaga ko‘ra ketyapti.
– “Lokomotiv” bosh murabbiyi etib tayinlanganingiz ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Ya’ni siz yosh murabbiysiz. O‘zingiz bunga qanday munosabatda bo‘ldingiz?
– Balki bu kim uchundir g‘alati yangilik bo‘lishi mumkin, lekin men uchun emas. Chunki menga qadar ham o‘zbek futbolida yosh murabbiylar ishlagan. Masalan, Bobur Zuhriddinov (“Obod”) bilan Islom Ismoilovni (“Turon”) olaylik. Buni futboldagi holatlardan biri deb hisoblayman va ko‘p ahamiyat berayotganim yo’q. Asosiy e’tiborim jamoamizning yangi mavsumga tayyorgarligiga qaratilgan.
– Siz portugaliyalik mutaxassis Mikayel Sekeyra o‘rniga “Lokomotiv” bosh murabbiyi etib tayinlandingiz va o‘tgan yil chempionatning oxirgi turida, ya’ni birinchi o‘yiningizda “Nasaf” mag‘lub etildi.
– O‘shanda tayyorgarlik uchun oldimizda ko‘p vaqt qolmagandi. Oilaviy sharoit tufayli Sekeyra klubni tark etishga majbur bo‘ldi, shunda Andrey Gennadevich Miklyayev ikkalamiz jamoani “Nasaf” bilan o‘yinga tayyorladik. Bizda faqat ikki kun bor bo‘lib, nimanidir o‘zgartirishga vaqt yo’q edi. Birinchi navbatda taktik sxemani o‘zgartirdik: 4-3-3 bo‘yicha “Nasaf”ga qarshi bahs olib bordik. Menimcha, bu taktika “Nasaf” uchun kutilmagan hol bo‘ldi. Bundan tashqari, “Nasaf” bizga qarshi bahsdan oldin AGMK bilan Kubok yarim finalida maydonga tushgani va o‘yin 120 daqiqa davom etganini ham unutmaslik lozim. Ularda yo’qotish va charqoq alomatlari bor edi, bu ham bizga qo‘l keldi.
– O‘shandayoq “Lokomotiv” bosh murabbiyi bo‘lishingizni bilganmidingiz?
– Yo‘q. Men jamoani “Nasaf” bilan o‘yinda bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi sifatida boshqardim. Faqat oradan vaqt o‘tib, klub rahbariyati bosh murabbiy deb e’lon qildi. Bilishimcha, bosh murabbiylikka bir nechta nomzodlar bor edi, lekin rahbariyat meni ma’qul ko‘rgan ekan bundan juda xursandman. “Lokomotiv”ni yuqori o‘rinlarga ko‘tarish uchun bor kuch-g‘ayratim bilan harakat qilaman.
– Klub bosh direktori o‘rinbosari To‘labek Akramov o‘z intervyusida “Bizdan ham Nagelsmann chiqishini xohlaymiz” deya aytib o‘tdi. Bu borada nima deya olasiz?
– Rahbariyatning men haqimda aytgan har bir gapini hurmat qilaman. To‘g‘ri, hali yoshman, biroq bir necha yildan beri yevropalik murabbiylar ish uslubini kuzatib kelaman. Masalan, Yulian Nagelsman, Yurgen Klopp, Pep Gvardiola, Xans-Diter Flik va boshqalar. Flik “Bavariya” va Germaniya terma jamoasida katta ishlarni amalga oshirdi. Tomas Tuxel “Chelsi”da yaxshi ishlayapti, unga ham havas qilaman. Umuman olganda ko‘p murabbiylarning ish uslubini o‘rganishga harakat qilyapman. Agar ularning ishi bilan yaqindan tanishish imkoni bo‘lganida, bu juda boshqacha bo‘lardi.
– Mahalliy murabbiylardan kimlarning ishini kuzatish sizga ma’qul keladi?
– Har bir murabbiyning futbolga nisbatan o‘z qarashi bor. Men Timur Kapadzening ish uslubini muntazam kuzatib boraman. Shuningdek, Ro‘ziqul Berdiyevdan ham ko‘p narsa o‘rgansa arziydi.
– Ko‘p joylarda yosh mutaxassislarga ishonch bildirish boshlandi: Nagelsman, Tedesko, Gattuzo, Sadriddin Abdullayev… Bu sizga yordam beradimi?
– Albatta, yordam beradi. Shuni aytishim mumkin, har bir murabbiyning o‘z vaqti keladi. Yosh murabbiylar chiqishi kerakmi, vaqt-soati yetganda albatta chiqadi. O‘ylaymanmki, O‘zbekistonda ham yosh mutaxassislar yildan yilga ko‘payib boradi. Futbolda ko‘p narsa baribir natijaga bog‘liq. Ijobiy natijalardan keyin rahbariyatning ham ishonchi ortib boradi.
– “Lokomotiv” murabbiylar shtabi haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
– Bizda juda yaxshi murabbiylar shtabi yig‘ildi. Andrey Miklyayev – katta tajribaga ega mutaxassis. Jamshid Saidov ham yosh bo‘lishiga qaramay, tajribali murabbiy hisoblanadi. O‘z vaqtida “Mash’al”, “Andijon”, “Buxoro” klublarida ishlagan. Yaqinda Akmal Shorahmedov safimizga qo‘shildi. U jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha ishlayapti va ishonamanki, vaqti kelib O‘zbekistondagi eng kuchli murabbiylardan biri bo‘ladi. Darvozabonlarni esa yana bir tajribali mutaxassis Alisher Ahmedov shug‘ullantiryapti. Alisher aka ham o‘z ishini juda yaxshi biladi. Murabbiylar shtabimizda tajriba va yoshlik uyg‘unlashgan desa bo‘ladi.
– Aytgancha, Sadriddin Abdullayev futbolchilik faoliyatini yakunlab, “Lokomotiv” U-18 bosh murabbiyi bo‘ldi. Unga nima maslahat berasiz?
– Avvalo shuni aytishim kerak, Sadriddin Abdullayev juda mehnatkash va har doim o‘zini ko‘rsatishni xohlaydi. U doim g‘alabaga intiladi. Biz tez-tez gaplashib turibmiz. O‘ylaymanki, Sadriddinda kuchli murabbiy bo‘lib yetishish uchun barcha xususiyat mavjud. Men unga nimani maslahat berishim mumkin? Avvalo yangi sohada omad va sabr tilayman. Chunki futbolda omad va sabrsiz nimagadir erishish qiyin.
– 2022 yilda jamoa oldiga qo‘yiladigan vazifalar haqida gapirib bersangiz?
– “Lokomotiv” har doim o‘z oldiga yuksak maqsadlar qo‘yadi. Tarkibimizni yoshartirayotgan bo‘lsak-da, kelajakka umid bilan qarayapmiz. Hozir ham kuchli tarkibga egamiz. Safimizda tajribali futbolchilar bor va ular o‘z tajribasi bilan yoshlarga yordam beryapti. O‘rinbosarlardan bir nechta futbolchini asosiy jamoaga taklif etdik. Ularning ishga bo‘lgan munosabati menga ma’qul kelyapti.
– Agar hisobni saqlab qolish uchun hujumkor o‘yinni himoyaviy uslubga o‘zgartirishga to‘g‘ri kelsa, qanday yo‘l tutasiz?
– Katta futbolda gap ko‘pincha natija haqida boradi. Futbol o‘ynashdan maqsad ham g‘alaba qozonish. Hisobni saqlab qolish uchun himoyaviy futbolni tanlash – men bunda yomon narsani ko‘rmayapman. Chunki har bir murabbiy uchun g‘alaba bu – 3 ochko degani. Muxlislar ham yutuqli o‘yinlarni xohlaydi. Ammo bu biz hujumkor o‘yin ko‘rsatmaymiz degani emas. Negaki hujumkor o‘yin bo‘lmasa, gol bo‘lmaydi, gol bo‘lmasa, g‘alaba bo‘lmaydi.
– Suhbatimiz oxirida muxlislarga qanday tilaklaringiz bor?
– Avvalo barchaga sog‘lik tilayman. O‘yinlarimizga ko‘proq muxlislar kelishini va jamoamiz namoyish etadigan futboldan zavq olishlarini xohlayman. O‘z navbatida biz ham “Lokomotiv” chiroyli o‘yin ko‘rsatishi va ishqibozlarni xursand etishi uchun bor kuchni ishga solamiz.