Kirish Ro'yxatdan o'tish
04/01 01:00 Valensiya - Real Madrid
04/01 17:30 Tottenhem - Nyukasl
04/01 19:00 Venetsiya - Empoli
04/01 20:00 Bornmut - Everton
04/01 20:00 Aston Villa - Lester
04/01 20:00 Kristal Pelas - Chelsi
04/01 20:00 Sautgempton - Brentford
04/01 20:00 Manchester Siti - Vest Xem
04/01 22:00 Fiorentina - Napoli
04/01 22:30 Brayton - Arsenal
05/01 00:45 Verona - Udineze
05/01 16:30 Monsa - Kalyari
05/01 19:00 Fulhem - Ipsvich
05/01 19:00 Lechche - Jenoa
05/01 21:30 Liverpul - Man. Yunayted
05/01 22:00 Torino - Parma

Erling Xoland: «O‘zimni kim bilandir taqqoslashim noo‘rin»

Erling Xoland: «O‘zimni kim bilandir taqqoslashim noo‘rin»

Baho:
+ | -

Dortmundning «Borussiya» klubi va Norvegiya terma jamoasi hujumchisi Erling Xoland hozirning o‘zida katta yulduz darajasiga chiqib ulgurdi. Lekin bu holat uning tabiatiga uncha ta’sir ko‘rsatayotgani yo‘q. Qizig‘i, Erling futboldan ketgach, shaxsiy ferma ochmoqchi. Yosh goleador Skysports kanaliga bergan intervyusida yana Jeymi Vardi o‘yinidan ilhomlanganiyu, Flow Kingz rep-guruhiga qanday qo‘shilgani haqida ham gapirib berdi.

- Avvalo, o‘zingizga baho bersangiz - Erling qanday inson?

- Dortmundga ko‘chib kelishimdan oldin bryunelik oddiy yigit edim, hozir ham shunday. To‘g‘ri, CHLdagi debyut ta’siri yo‘q emas. Qisqasi, hamon bryunelik bosiq-vazmin yigitman, ehtimolki, biroz aqldan ozgandirman... Iloji boricha o‘zligimni yo‘qotmaslikka harakat qilaman, har holda, atrofingni kameralar o‘rab olgan pallada biroz ehtiyotkorroq bo‘lishing kerak. Maydonda esa osonroq - hamisha ma’lum uslubda harakatlanaman va ba’zan o‘z ustimdan kulaman ham.

- Qaysi futbolchilardan o‘rganyapsiz?

- Ko‘plab ijrochilar o‘yinlarini kuzatganman. Misol uchun, «10-raqam» pozisiyada o‘ynaydigan futbolchining markaziy himoyachiga qarshi borishini olaylik. Bu borada ayni payt Jeymi Vardi oldiga tushadigani topilmasa kerak. Uning ayni shunday jihatlarini ko‘p kuzataman. Umuman, futbol o‘yinlarini tomosha qilish - doimiy mashg‘ulotim. Hozir ham. Deylik, o‘z o‘yinimiz shanba kuni o‘tkazilsa, ertasiga kun bo‘yi uydan chiqmay, futbol ko‘raman. Shuningdek, van Persini ham ko‘p kuzatganman, chunki chapaqay edi, xuddi men kabi.

- Sizni Zlatan Ibragimovich bilan qiyoslashadi. Bunga qanday qaraysiz?

- O, Ibra betakror ijrochi, maydonda o‘zini 100 foiz namoyon etadi. U g‘alaba uchun bor kuchini sarflaydi.

- Norvegiyada rep-guruh tarkibidagi chiqishingiz bilan ham mashhursiz.

- Guruhimizning nomi Flow Kingz edi. Adashmasam, 2015 yoki 2016 yil tuzilgandi.

- Guruhning qolgan ikki a’zosi ham - Norvegiyaning eng yaxshi futbolchilari. Rep-guruh tuzish g‘oyasi qanday tug‘ilgandi?

- Biz U-16 yoki U-17 termasida o‘ynardik va qalin do‘st­lar edik. Mashg‘ulotlardan so‘ng zerikkanimizdan tasodifiy ishlarga qo‘l urardik. Xullas, bir kuni o‘ylab qoldik: «Balki klip suratga olarmiz, nega urinib ko‘rmaymiz?» Chunki Erik Tobias Sandberg qofiyalashni bilardi, menda esa katta she’r bor edi. Muhimi, qo‘shiq yaxshi chiqdi, tomoshabinlar munosib baho berishdi.

- Endi sizlardan qachondir rasmiy chiqish-konsert kutsak bo‘ladimi?

- Bilmayman. Ehtimol, loaqal bir marta sahnaga chiqishimiz kerakdir. Norvegiya xitlar ro‘yxatiga kirish haqida gaplashganmiz. Lekin hammasini vaqt ko‘rsatadi.

- Maydonda sizni yana nimalar ilhomlantiradi?

- Birinchi navbatda, g‘alaba ishtiyoqi. Futbolda eng dahshatlisi - mag‘lubiyat. Yana mazmunli o‘yin va chiroyli gollardan ham ilhomlanaman. Har holda, hujumchiman va ko‘p gol urishim shart.

- O‘zi bolalikda futbolchi bo‘lishni orzu qilganmisiz? Bunda otangiz ta’siri ham bormi?

- Yashirmayman, hamisha otamdan yaxshiroq o‘ynash haqida o‘ylardim. Shuningdek, futbol hayoti bilan yashash orzusi bor edi. Barcha statistik ko‘rsatkichlar bo‘yicha otamdan o‘zib ketishim kerak, shundan keyingina undan yaxshiroq o‘ynaganimni ayta olaman. Asosiysi, hozir bu borada mutlaqo xotirjamman.

- Futbolsiz ideal kun qanday?

- Soat qo‘ng‘irog‘isiz uyg‘onish. Agar ob-havo yaxshi bo‘lsa, ishtaha bilan nonushta qilaman, keyin kun bo‘yi quyosh nuri ostida dam olaman. Hayotni boricha qabul qilish lozim. Atrofdagi odamlar bilan miriqib suhbatlashishni xush ko‘raman.

- Fermerchilikka ixtisoslashgan Bryune shahrida ulg‘aygansiz. O‘sha davrni bir eslang...

- Futboldan bezib qolmaslik uchun boshqa yumushlar bilan shug‘ullanib turish kerak. Zero, futbolda bir maromni ushlab qolish oson emas. Ulkan bosimdan charchagan payt to‘g‘ri dam olish talab etiladi. Shaxsan men xo‘jalik ishlari - traktor haydash, sigir boqish va hokazo mashg‘ulotlar bilan miyamni bo‘shatishga harakat qilaman. Hozir shaxsiy fermam yo‘q, lekin kelajakda bo‘ladi, albatta. Ha, nafaqaga chiqqach, kichik fermer xo‘jaligi ochaman. Qayerda ochishimni bilmayman, ammo hayvon boqishga ishonchim komil. 1-2ta echki olishni ham o‘ylayapman, yana ko‘ramiz.

- Odatda o‘zingizni kim bilan taqqoslaysiz?

- Hech kim bilan. Bunga xohish yo‘q. O‘ylaymanki, gavda tuzilishiga ko‘ra, biroz o‘zgachaman. Onam ham, otam ham va hattoki, buvim ham juda chaqqon bo‘lishgan, lekin men boshqacharoqman.

- Agentingiz Mino Rayola bilan tez-tez gaplashib turasizmi?

- Oxirgi oylar ko‘p gaplashmadik. U bilan asosan otam muloqot qiladi. Men esa bor e’tiborni futbolga qarataman.

- Jud Bellingem bilan bir jamoada o‘ynash qanday?

- Jud - yaxshi yigit va fenomenal iste’dod egasi. O‘tgan yili Jeydon bilan yaxshi chiqishgandim, endi uning o‘rnini Jud egalladi. O‘zaro hazillashib turamiz, bir-birimiz bilan juda yaxshi munosabatdamiz.

- Sizga qarshi turgan himoyachilardan kimni alohida e’tirof etasiz?

- Virjil van Deykni. U chindan ham, o‘ta kuchli. Bo‘yi rosa balandligiga qaramay, o‘ta tezkor. Virjilga qarshi yakkakurashlarda biror marta ustun kelmaganman. Shuningdek, Serxio Ramos ham aqlli va kuchli.

- Siz qarshi o‘ynagan jamoalardan qaysi biri eng kuchlisi?

- Hozirgacha «Bavariya»ni yengish nasib etmadi, shunday ekan, Myunxen klubini ta’kidlashim joiz.

- Bu yil YECHLda qaysi klub g‘olib chiqadi, sizningcha?

- 3ta asosiy favoritni aytishim mumkin: «Manchester Siti», «PSJ» va «Real». Kubok shulardan biriga nasib etsa kerak.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 07:40, 10.02.2022.
O'qildi: 1717 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.