Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Klublar: Cheksiz, chegarasiz chashma

Klublar: Cheksiz, chegarasiz chashma

Baho:
+ | -

CHL-2018/2019 yarim final javob uchrashuvi. 90+6-daqiqada Lukas Moura mavsumning eng qaynoq o‘yiniga nuqta bosgandi. Ortda qolgan chamasi 3 yil davomida OAV vakillari «Ayaks» bosh murabbiyi Erik ten Xagni tinmay grand klublarga «yuborishdi»: «Ten Xag «Bavariya»ni boshqaradi», «Ten Xag «MYU» rahbariyatiga o‘z strategiyasini taqdim etdi», «Barselona» ten Xag bilan muzokaraga kirishdi»... Amalda murabbiy hamon Niderlandiyada. Bekorga emas, albatta. Mana, u «Ayaks» chashmasining yangi oqi-mini kashf etishga ulgurdi. Qarang, Erikning jamoasi joriy mavsum CHL guruh bosqichida barcha raqiblarini yengdi. Amsterdam drujinasining ichki chempionatdagi ishlari ham zo‘r: dast­labki 22ta turda 69ta gol urib, bor-yo‘g‘i 5ta qo‘yib yubordi!

 

Transfer siyosati bo‘yicha o‘zgarish

2018/2019 yillar mavsumining aksariyat qahramonlari jamoadan ketishdi - kimlardir o‘sha vaqtdayoq, ayrimlar sal keyinroq. Matteys de Ligt, Frenki de Yong, Hakim Ziyesh, Kasper Dolberg va Donni van de Bek transferlaridan klub g‘aznasiga 270,5 mln. yevro tushdi. Yaqinda «Shaxtyor» (Donesk) David Neres uchun 12 mln. yevro to‘ladi. Faxriy Lasse Shyone 2019 yili 1,5 «limon» evaziga «Jenoa»ga yo‘l oldi, Yoel Veltman «Brayton»ni tanladi, Klas Yan-Xuntelar «Shalke»da o‘ynash asnosida nafaqaga chiqdi. Deyli Blind, Nikolas Talyafiko, Dushan Tadich, Nussayr Mazraui va Andre Onana kabi «eski»lar esa hamon safda. «Ayaks» mavsum-2019/2020da CHL «pley-off» bosqichidan chetda qolgandi. O‘shanda guruh bosqichi so‘nggi turida «Valensiya»ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergan jamoa YEL 1/16 finalida «Xetafe» to‘sig‘idan o‘tolmadi. Lekin Eredivizionda muddatidan avval chempionlikka erishdi. Keyingi mavsum ten Xag shogirdlari YEL chorak finaligacha dadil qadam bosishdi, ichki chempionatda 100tadan ortiq gol urib, navbatdagi zafarni nishonlashdi.

Umuman, so‘nggi yillar «Ayaks» transferlar strategiyasida sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. Amsterdam klubi avvallari faqat noyob iqtidorlarga e’tibor qaratib, ularni eksportga tayyorlardi. Endi esa ayrim pozisiyalar uchun yetuk futbolchilarni xarid qilish ham yo‘lga qo‘yildi. Deylik, klub tarixidagi 15ta eng qimmatbaho transferning 13tasi oxirgi 5 yilga to‘g‘ri kelmoqda. Yorqin misol sifatida «Vest Xem»dan 22,5 mln. yevroga xarid qilingan Sebastyan Allerni ko‘rsatish mumkin. «Ayntraxt»dagi sermahsul faoliyatdan keyin 2 yil Angliyada talab darajasida to‘p surolmagan hujumchi «Ayaks» libosini kiygach, qayta «ochildi». Uning CHL guruh bosqichida 10ta gol urgani barchasiga ko‘zgu. Yana bir e’tiborli transfer o‘tgan yozda amalga oshirildi - Stiven Bergyoys «Feyenoord»­dan arzimas 5,5 mln. yevroga xarid qilindi. O‘ta muvaffaqiyatli yurish. Aytish o‘rinli, Stiven «Ayaks»ga «Feyenoord»dan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l olgan atigi 4-futbolchidir. Ha, rotterdamlik muxlislar sobiq sardordan rosa ranjishdi, uning futbolkalarini yoqib yuborishdi. 30 yoshli futbolchi esa Amsterdamda xotirjam: 30ta o‘yinda «Gol+pas» tizimi bo‘yicha 20 ball marrasiga yetdi.

 

Yoshlarga to‘g‘ri yondashuv

«Ayaks» shuning barobarida yosh iqtidorlarga ham befarq emas, baribir. Masalan, klub 2 yilcha oldin 20 yoshli Antoni uchun 15,75 mln. yevrodan voz kechdi. Endi braziliyalik vingerning transferi 35 «limon»ga baholanmoqda. U asosiy tarkib o‘yinchisi, hattoki, Braziliya terma jamoasidan chorlov olmoqda. Yaqinda «Bavariya» Antoni borasida aniq taklifni ilgari surdi. Asosiy tarkibni saviyali ijrochilar bilan ta’minlashda klub akademiyasi ham katta o‘rin tutadi. Ba’zan yosh bitiruvchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuchli ligalarga yo‘l olishadi hatto. Taajjubki, murabbiy bunga ortiqcha e’tiroz bildirmaydi. Masalan, Serj Dest atigi bir mavsumdan keyin «Barselona» safiga qo‘shildi. Asosiy fakt: joriy mavsumgi «Ayaks» - eng shiddatlisi. Qarang, klub CHL guruh bosqichida «Borussiya» D., «Sporting» va «Beshiktosh»ga birorta ochko bermadi. Eredivizionda esa peshqadam bo‘lib turibdi.

 

Ten Xag falsafasi

Erik ten Xagning ish xonasida 3ta portret bor: Rinus Mixels, Yoxan Kroyff va Lui van Gal suratlari. Aynan shu mutaxassislar Niderlandiya futbolida keskin inqilobni amalga oshirishgan, «Ayaks»ni o‘ziga xos uslubi bilan bosh­qalardan yaqqol ajralib turadigan klubga aylantirishgan. Ten Xag shu ustozlar falsafasiga asoslangan holda, shonli an’anani davom ettirmoqda. «Gvardiola nemis futbolini o‘zgartirib yubordi. Uning «Bavariya»dagi mashg‘ulotlarini kuzatish asnosida ko‘p narsa o‘rgandim. Pep o‘z falsafasini ba’zan butun jamoa, gohida muayyan bir shogirdi yordamida o‘yinga tatbiq etadi. Bunda eng mayda ikir-chikirlarni ham nazardan qochirmaydi», - deydi ten Xag «Bavariya»dagi davri haqida. Bugungi «Ayaks» uslubida ham Gvardiola ta’siri sezilib turadi. Blind, Talyafiko va Mazraui hujumga yordam berish jarayonida ko‘pincha soxta fulbek rolida gavdalanishadi. Chiziqlar aro bo‘shliqlarni topish, himoyachilar uzatmalari, markaziy zona o‘yinchilariga xos universallik, yuqori pressing - «Ayaks»­da 3 yil oldin ko‘zga tashlangan mazkur jihatlar hozir ham namoyon. 

 

Bugungi bosh ijrochilar

Erik ten Xag ixtiyorida 2 nafar yuksak saviyali markaziy himoyachi bor - Lisandro Martines va Yurriyen Timber. Ularning asosiy ustunliklari - to‘p bilan muomala. Qanotlarda esa Mazraui, Talyafiko va Blind katta rol bajarishadi. Murabbiy yarim himoya markazida asosan Edson Alvares, Rayan Gravenberx, Davi Klassen va Bergyoysdan foydalanadi. Ularni qanotlarda «uzatmalar mashinasi» - Tadich va Antoni qo‘llab quvvatlashadi. Hujum uchida - Aller. «Ayaks»ning yana bir ustunligi - saviyali zaxira. Perr Sxyurs, Devin Rens, Muhammad Quddus, Muhammad Darami va Brayan Brobbi kabi navqiron yigitlar istalgan pallada maydonga tushib, katta topshiriqlarni uddalay olishlarini isbotlab ulgurishgan. Qisqasi, Niderlandiya futboli «Ayaks» timsolida yana bosh ko‘tarmoqda. Amsterdamliklar ertaga CHL 1/8 finali dastlabki uchrashuvida Portugaliyada «Benfika» mehmoni bo‘ladilar. Ehtimol, bu Erik ten Xag va uning yovqur jamoasining navbatdagi parvozi uchun ajoyib imkoniyatdir...

CHL-2021/2022 guruh bosqichida xG (kutilgan gollar ko‘rsatkichi) bo‘yicha eng yaxshi natija ko‘rsatgan jamoalar

«Ayaks» - 16,3

«Manchester Siti» - 15,1

«Bavariya» - 13,9

«Chelsi» - 12,9

«Inter» - 12,4

«PSJ» - 11,8

«Real» - 11,7

«Liverpul» - 11,6

«RB Leypsig» - 11,2

«Yuventus» - 10,9

Sodiq RAHMONOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:10, 24.02.2022.
O'qildi: 2183 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.