Lionel Messi yaqinda sotib olgan «Eldense» klubining o‘yinlarini kuzata boshladi.
Argentinalik futbolchi jamoaning «Ovyedo»ga qarshi uchrashuvini tomosha qildi. Bahs «Eldense»ning 4:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. O‘yindan so‘ng Messi Instagram sahifasida yakuniy hisob, mate ichimligi aks etgan suratni joylab, «Olg‘a, «Eldense»!» deb yozdi.
AS nashri ma’lumotiga ko‘ra, Messi uchrashuvni Rosariodagi uyidan tomosha qilgan. Shu bilan birga, uning bir nechta ishonchli vakillari klubning amaldagi rahbariyati bilan birga stadionda bo‘lgan.
«Eldense» 1 oktyabr kuni klub Messi tomonidan sotib olinganini e’lon qildi. Bitim hali Ispaniya Oliy sport kengashining rasmiy tasdig‘ini olishi kerak.














