Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Villian: «Pul uchun qolish — men uchun emas»

Villian: «Pul uchun qolish — men uchun emas»

Baho:
+ | -

Yevrofutbolda rosa yayragan braziliyalik hujumkor yarim himoyachi Villian hozir ham «ko‘hna qit’a» maydonlarida javlon urishda davom etishi mumkin edi. Biroq uning o‘zi vataniga qaytishni lozim topdi. Ayni payt «Korintians»da to‘p surayotgan vinger FourFourTwo nash­riga bergan intervyusida aynan shu qaroriga izoh berdi. Vinger shuningdek, «Arsenal»dagi faoliyatini ham esga oldi.

- Uzoq tanaffusdan ke­yin Braziliya futboliga qaytdingiz. Xo‘sh, hozirgi ishlaringiz qanday?

- To‘g‘risi, hamon moslashish jarayonidaman. Har holda, 14 oy emas, 14 yildan keyin qayt­dim. Qisqasi, uzoq vaqt xorijda o‘ynaganim sezilyapti, baribir. Ha, mahalliy futbolga qorishib ketishim biroz vaqt talab etadi, shekilli. Nimani ko‘proq qo‘msayapman? Savdo markazlari bo‘ylab oilaviy sayrlarni. Axir Naytsbrijda, shundoqqina Harrods (Londonning eng mashhur univermagi, dunyodagi eng yirik va zamonaviy savdo markazlaridan biri) ro‘parasida yashaganmiz. U yerda bar va restoranlar ham juda ko‘p edi. Ba’zan uydan chiqib, bir pinjon qahva ichish uchun Caffe Concerto ichiga bosh suqardim. Qisqasi, Londonda tez-tez sayrga chiqardik. Braziliyada esa bunday qilish ancha qiyin, aniqrog‘i, mutlaqo mumkin emas!

- Umuman, Braziliyadagi hozirgi va 2007 yilgi holat o‘rtasida farq kattami?

- Ha, ko‘p narsa o‘zgargan. Misol uchun, «Korintians»ni olsak, birinchi davrda ikki joyda shug‘ullanganmiz - birida konteynerdan kiyinish xonasi sifatida foydalanganimiz esimda. Endi esa «Korintians» Yevropaning uncha-muncha klublari havas qiladigan fantastik mashg‘ulotlar bazasiga ega. Ha, «Korintians» hamisha katta klub sanalgan, lekin yaqin o‘tmishda zamonaviy stadioni yo‘q edi, qulay shart-sharoitlari ham. Shu kabi detallar ham futbolchini jamoa libosida o‘ynash istagini kuchaytirishi turgan gap.

- «Arsenal»ning yana bir sobiq futbolchisi Sil­vinyo boshqaruvidagi «Korintians»da ichki muhit qanday?

- Hammasi ajoyib. Sil­vinyo vaqtida Braziliya termasi murabbiylar shtabida ham ishlagan va yo‘llarimiz tez-tez kesishardi. Ajoyib murabbiy, sog‘lom va yengilroq muhitni shakllantirishga qodir professional. Xullas, kiyinish xonasida muammo yo‘q, yigitlar o‘zaro yaxshi munosabatdalar. Barchasiga aynan Silvinyo mas’ul.

- David Luiz ham Braziliyaga qaytib, «Flamengo» safiga qo‘shildi. Unga raqib bo‘lish g‘alati emasmi?

- David - qadrdon do‘stim. Biz 8 yoshligimizda tanishganmiz, bitta futbol maktabida shug‘ullanganmiz. Keyinchalik men «Korintians»ga o‘tdim, u esa San-Pauluga yo‘l oldi. Umuman, Yevropada ham bir necha marta bir-birimizga qarshi o‘ynab ko‘rganmiz. Shunday ekan, Braziliyada yana to‘qnash kelishimizda muammo ko‘rmayapman, garchi «Chelsi» va «Arsenal»da uzoq vaqt birga o‘ynagan bo‘lsakda. Albatta, Davidga «Flamengo»da omad tilayman.

- O‘tgan yoz oldingizda Yevropada qolish varianti bor edi, biroq vataningizga qaytishni ma’qul ko‘rdingiz...

- Ha, «Korintians» bilan muzokara jarayoniga kirishganimda, «Lion»dan aniq taklif tushdi. Shuningdek, «Milan» qiziqdi, yana agentim meni «Roma»da ko‘rishni istagan Joze Mourinyo bilan gaplashdi. Amalda esa «Korintians» bilan kelishuv tezlashib ketdi. Qolaversa, o‘zim Braziliyaga qaytish vaqti yetganini his qilgandim. Eng muhimi, muxlislardan «Korintians»ga qaytish haqida ko‘plab xabarlar olgandim. Bu Braziliya termasiga yaqinlashish uchun ham imkoniyatdir. Shularni inobatga olib, turmush o‘rtog‘im va qizlarim bilan maslahatlashdim, ularning fikrimni ma’qullashgani ham bir to‘xtamga kelishda katta yordam berdi.

- Navbatdagi jahon chempionati tobora yaqinlashmoqda. Hozir o‘zingizni xayolan Qatar maydonlarida ko‘ryapsizmi?

- Bosh maqsad - bo‘lajak mundialda qatnashish, albatta. Hammasi maydonda qanday ishlashimga bog‘liq. Agar o‘yinim o‘xshasa, tabiiyki, terma jamoaga qaytish imkoniyati ortadi.

- «Arsenal»dagi davrni faoliyatingiz uchun eng yomoni sifatida tilga olgansiz. Londonda nima noto‘g‘ri bo‘ldi?

- Hammasi. Bu haqda batafsil to‘xtalishni xohlamayman. Afsuski, «kanonirlar» safida baxtni tuyganim yo‘q. O‘zi qayerda o‘zingni quvnoq sezmasang, ming urinma, hech narsaga erisholmaysan. Aslida klubda ajoyib loyiha ustida ish boshlangan va hammasi amalga oshishiga ishongandik, lekin amalda aksi bo‘ldi va ketishga qaror qildim.

- Demak, «to‘pchilar» safiga qo‘shilganingizdan afsuslanasiz...

- Boshida rosa hayajonlangandim - yangi klub, yangi jamoa­doshlar, yangi muhit... Albatta, «Arsenal»ga eng yaxshi o‘yinimni ko‘rsatish ishtiyoqida borgandim. Ammo vaqt o‘tishi bilan hammasi rejadagidek ketmayotganini angladim. Qaytaraman, agar o‘zingizni baxtiyor his qilmasangiz, yaxshi natija ko‘rsatolmaysiz, hammasi noto‘g‘ri bo‘lib chiqadi.

- «Arsenal» bilan shartnomangizni muddatidan oldin bekor qilib, tovon pulidan voz kechganingiz boi­si ham shumi?

- Hayotda shunday: ba’zan pul o‘z ahamiyatini butkul yo‘qotadi va siz ish zavq bag‘ishlaydigan joyni qidirib qolasiz. Umuman, pul uchungina qolish tabiatimga zid, men uchun muhimroq boshqa narsalar ko‘p. Agar shartnoma tufayligina qolganimda, mendagi motivasiya, zavq va ma’naviy farovonlik qayoqqa ketardi?

- Mikel Arteta qo‘l ostida o‘ynash yoqqanmidi o‘zi?

- Yaxshi tajriba. Arteta hali yosh murabbiy, shunga qaramay, g‘oyalari zo‘r, Gvardiolanikiga o‘xshash. O‘ylaymanki, Mikel vaqti kelib, kuchli murabbiyga aylanadi.

- «Arsenal» safida «Chelsi»ga qarshi o‘ynamagansiz...

- Ha, nasib etmadi! Afsuski, o‘shanda jismoniy muammolarim bor edi va o‘yinni «Stemford Brij» zaxira o‘rindig‘ida kuzatdim. «Chelsi»ga qarshi o‘ynamadimmi, demak, shunday bo‘lishi kerak ekan...

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:00, 28.02.2022.
O'qildi: 1814 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.