Kirish Ro'yxatdan o'tish

«Pul hayotimda muhim ahamiyat kasb etmaydi» — o‘z faoliyatiga burilish yasagan Villian o‘ylari

«Pul hayotimda muhim ahamiyat kasb etmaydi» — o‘z faoliyatiga burilish yasagan Villian o‘ylari

Baho:
+ | -

«Korintians» vingeri Villian yaqinda FourFourTwo nashriga intervyu berdi. Braziliyalik futbolchi o‘z vataniga qaytishi va «Arsenal»dagi faoliyati haqida gapirib berdi. Quyida ushbu intervyu tarjimasini e’tiboringizga havola etamiz.

- Bunday uzoq tanaffusdan keyin Braziliya futboliga qaytish qanday sodir bo‘ldi?

- To‘g‘risini aytsam, bu yerda hamon moslashish jarayonidaman. O‘n to‘rt yil bu yerda bo‘lmadim. Ko‘p vaqtimni xorijda o‘tkazdim, shuning uchun mahalliy futbolga integrasiyalashuvim uchun biroz vaqt kerak bo‘ldi.

Men uchun eng muhim narsa - oilaviy lahzalarni ko‘proq his qilish. Oilang bilan turli savdo markazlariga borib, kafelarga kirib, shaharni aylanish shunchaki insonga huzur bag‘ishlaydi. Men Harrods (Londondagi eng mashhur savdo markazi. U dunyodagi eng katta va eng zamonaviy savdo markazlaridan biri hisoblanadi) ro‘parasida joylashgan Nightsbridgeda yashardim, u yerda ko‘plab bar va restoranlar bor. Ba’zan uydan chiqib, bir finjon kofe ichish uchun «Coffee Concentro»ga yo‘lni kesib o‘tardim. Bizda shunday oilaviy damlar bo‘lgan, u yerda ko‘proq aylanishimiz mumkin edi. Biroq Braziliyada buni amalga oshirish ancha qiyinroq.

- Braziliyadagi vaziyat 2007 yilda mamlakatni tark etganingizdagidan boshqachami?

- Ko‘p narsa o‘zgardi, ha. Misol tariqasida «Korintians»ni oladigan bo‘lsak, birinchi tashrifim chog‘ida ikki xil joyda mashg‘ulot o‘tkazardik. Ulardan birida kiyinish xonasi konteynerda joylashgan edi va siz bir xil yerda dush qabul qilish va kiyinishga majbur edingiz.

Endi esa unday emas – «Korintians» Yevropa standartlariga mos ajoyib mashg‘ulot majmuasini qurgan.

«Korintians» har doim katta klub bo‘lib kelgan, lekin o‘tmishda ularda aynan infratuzilma - zamonaviy stadion va unga mos qulay sharoit yetishmasdi.

«Arsenal»ning yana bir sobiq futbolchisi, «Korintians» bosh murabbiyi Silvinyo qo‘l ostidagi muhit sizga qanchalik yoqadi?

- Hammasi juda yaxshi. U Braziliya murabbiylar shtabining bir qismi bo‘lgan, shuning uchun biz avvaldan bir birimizni yaxshi taniymiz. Kiyinish xonasida ajoyib muhit bor, hamma bir-biri bilan yaxshi munosabatda. Hech kimda ortiqcha kibr va takabburlik yo‘q.

- David Luis ham bir necha oy oldin «Flamengo» safiga kelib qo‘shilgan edi. Endi u sizga raqib bo‘ladi. Buni qanday qabul qilasiz?

- Ikalamiz bir-birimizni sakkiz yoshligimizdan beri juda yaxshi bilamiz va futbol maktabida birga o‘ynaganmiz. U yerdan men «Korintians»ga o‘tdim, u esa «San-Paulu»ga yo‘l oldi. Biz Yevropada bir necha bor bir-birimizga qarshi o‘ynaganmiz. Braziliya, «Chelsi» va «Arsenal»da shuncha yil birga vaqt o‘tkazganimizni hisobga olsak, bu biz uchun yangilik emas. Unga «Flamengo»da eng yaxshi tilaklarimni tilayman.

- Yozda Yevropada qolishingiz ham mumkin edi, lekin uyga qaytishni tanladingiz. Nega bunday bo‘ldi?

«Korintians» bilan muzokara olib borayotganimda «Lion»dan taklif olgandim. «Milan» ham menga qiziqib ko‘rdi va agentim meni «Roma»ga olib ketmoqchi bo‘lgan Joze Mourinyo bilan gaplashdi. U mening ajoyib do‘stim, lekin «Korintians» bilan ishlar tezroq ketayotgan edi va barchasi deyarli hal edi. Men Braziliyaga qaytishni yaxshi variant deb o‘yladim, hozir esa buning o‘z vaqti. Qolaversa, menga «Korintians»ga qaytishimni so‘rab ko‘plab murojaatlar tushdi – u yerdagi odamlar meni kutishayotgan edi, muxlislarim meni ko‘rishdan xursand bo‘lishlarini bilar edim.

Bu terma jamoaga qaytish uchun ham qulay imkoniyatdir. Shuning uchun men rafiqam va qizlarim bilan bu borada yaxshilab gaplashdim, ularning barchasi ko‘chib o‘tishimga rozi bo‘lishdi, ushbu omillar ham qaror chiqarishimga katta yordam bergan.

- Qatardagi bo‘lajak jahon chempionatida o‘zingizni tasavvur qila olasizmi?

- Kelgusi jahon chempionatida o‘ynash mening jiddiy maqsadlarimdan biri va bunga erisha olishimga ishonaman. Albatta, hammasi chempionatda qanday ishtirok etishimga bog‘liq bo‘ladi. Agar barchasi men kutgandek yaxshi ketadigan bo‘lsa, terma jamoaga qaytish imkoniyatim ortadi, albatta. Men bu yo‘lda chalg‘imayman, bu mening orzuim va bunday turnirda yana o‘z vatanim sha’nini himoya qilish men uchun sharaf bo‘lar edi.

- «Arsenal»dagi vaqtingizni butun professional faoliyatingizdagi eng yomoni deb atagansiz. U yerda siz aytgan aynan nima xato ketgan?

- Hammasi ko‘ngildagidek bo‘lmadi. Nega bu ish bermagani haqida batafsil ma’lumot berishni xohlamayman, lekin, afsuski, shunday. Men u yerda baxtli emasdim, sen xursand bo‘lmagan payting joyning hech qanday ahamiyati yo‘q, qancha harakat qilsang ham odamlar sendan kutgan narsaga erisha olmaysan.

Bizda ajoyib loyiha bor edi va biz katta natijalar amalga oshishiga ishonardik. Afsuski, bunday bo‘lmadi va men ketishga, o‘zim uchun eng yaxshi klubda o‘ynashga qaror qildim.

- «Korintians»dagi taassurotlar...?

- Boshida juda hayajonlangandim - yangi klub, yangi jamoadoshlar, hammasi menga notanish bo‘lgan muhit. Yangi klubga kelgach, barchaga nimalarga qodirligingni ko‘rsatib qo‘yishingga to‘g‘ri keladi. Jumladan, men ham bu yerga o‘zimning eng yaxshi futbolimni namoyish etish istagi bilan keldim. Ammo vaqt o‘tishi bilan hammasi biz rejalashtirgandek ketmayotganini angladim. Men Londonda xursand emasdim. Kayfiyat futbolchi hayotidagi muhim omillardan bittasi. Ishtiyoqingiz past bo‘lsa, afsuski, yaxshi natijalarni ko‘rsata olmaysiz. Hamma narsa xato bo‘lib chiqaveradi.

- Nega «Arsenal» bilan shartnomani bekor qilib, tekinga ketishga qaror qildingiz?

- Hayotda shunday paytlar bo‘ladiki, pul deyarli hech narsani hal qilmaydi. Sizni baxtli qila oladigan jihatlarga e’tibor qaratishingiz kerak. Ishlaganda o‘zingiz zavqlanadigan joyni topishingiz zarur. Menda bunday tuyg‘ular yo‘q edi. Pul hayotimda muhim ahamiyat kasb etmaydi, bundan ustun sabablar ko‘p.

Mikel Arteta bilan birga ishlash qanday kechdi?

- Albatta, yaxshigina tajriba bo‘ldi. U hali katta tajriba orttirganicha yo‘q, hali yosh va buni tushunsa bo‘ladi. Shunga qaramay, uning g‘oyalari ajoyib va Pep Gvardiolaning uslubini targ‘ib etmoqda. Vaqt o‘tishi bilan u ajoyib murabbiyga aylanadi deb o‘ylayman.

- «Arsenal»da «Chelsi»ga qarshi o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lmadingiz. Bu haqida avval o‘ylagan edingizmi?

- (Kuladi) To‘g‘ri - sobiq jamoamga qarshi o‘ynash nasib etmadi! Afsuski, jismoniy holatim bunga to‘sqinlik qildi. «Stemford Brij»da o‘yinni zaxira o‘rindig‘idan turib kuzatdim.

Mening ikkinchi uyimga aylangan arenadan turib ushbu bahsni kuzatish ancha og‘ir edi. «Chelsi» bilan bog‘liq tarixning bir lahzasini ham unutmayman. «Arsenal»ga o‘tish menga oson bo‘lmadi. Agar men «Chelsi»ga qarshi o‘ynay olmagan ekanman, demak, bu narsa bo‘lishi kerak ekan va buni tabiiy qabul qilishga majburman.

- David Luis murabbiylik faoliyatini davom ettirib, kelajakda ham futbolda qolishni istayotganini allaqachon aytgan. Bu yo‘lda top klublardan taklif tushishiga va raqobatbardosh ligaga yo‘l olishga tayyormisiz?

- (Tabassum bilan) Yo‘q, bu men uchun emas. Mening nafaqaga chiqqach, qiladigan boshqa rejalarim ham bor. David Luis murabbiylik faoliyatini boshlaydigan bo‘lsa, men unga iqtidorli o‘yinchilarni topib, jamoasiga yuborishga harakat qilaman.

Yusufbek Saydaliyev tarjimasi

Kiritildi: 06:03, 05.03.2022.
O'qildi: 1915 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.