Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Olimpiadada «oltin» olgan oltilik

Olimpiadada «oltin» olgan oltilik

Baho:
+ | -

Olis 1896 va 1932 yillardagi o‘yinlarni inobatga olmaganda, futbol yozgi Olimpiada o‘yinlarining doimiy ishtirokchisi bo‘lib kelmoqda. Hozirgacha ko‘plab afsonaviy o‘yinchilar ushbu musobaqada qatnashib, nufuzli oltin medallarni qo‘lga kiritishga ulgurishdi. Quyidagi materialda shunday omadlilardan ayrimlari haqida hikoya qiladi.

Samuel Eto~O (Kamerun, 2000)

Keyinchalik futbol olamining buyuk afsonalari qatoriga ko‘tarilgan afrikalik hujumchining 4 marta «qora qit’a»ning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilgani bejiz emas - 1997 yilda Kamerun termasida debyutini nishonlaganida, u endigina 15 yoshga chiqqandi. 2000 yilda Avstraliya mezbonligida o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida Samuel «asov sherlar» tarkibida shohsupaga ko‘tarildi.

Neymar (Braziliya, 2016)

Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida tashkil etilgan Olimpiya o‘yinlarida Neymar terma jamoadagi katta yoshli futbolchilardan biri sifatida maydonga tushgandi. Mamlakatning birinchi raqamli hujumchisi o‘ziga bildirilgan ishonchni to‘la oqladi - maydon egalari Olimpiada chempionligini qo‘lga kiritishdi. Mazkur turnirda Neymar 4ta gol urdi. Jumladan, Gondurasga qarshi yarim final bahsida 2ta va Germaniya bilan bo‘lgan, 1:1 hisobida nihoyasiga yetgan hal qiluvchi bellashuvda bitta. Shuningdek, penaltilar seriyasida g‘alaba keltiruvchi so‘nggi zarbani ham aynan u amalga oshirgandi.

Dani Alvesh (Braziliya, 2021)

Braziliya terma jamoasining yana bir vakili. 38 yoshu 93 kunlik bo‘lganida shohsupaga ko‘tarilgan himoyachi Olimpiada oltin medaliga sazovor bo‘lgan eng keksa futbolchidir. U musobaqaning barcha o‘yinlarida to‘liq to‘p surdi, bitta assistni amalga oshirdi va yakunda faoliyatidagi 43-sovrinni (rekord) rasmiylashtirdi.

Lev Yashin (SSSR, 1956)

Futbol tarixida eng buyuk darvozabon maqomida e’tirof etilgan Lev Yashin terma jamoaga 1954 yilda taklif etilgandi. Atigi ikki yildan keyin Sobiq ittifoq terma jamoasi Olimpiya o‘yinlari oltin medallarini qo‘lga kiritgach, darvozabon butun dunyoga dong taratdi. Keyinchalik Lev Ivanovich maydondagi mislsiz jasorati evaziga XX asrning eng yaxshi darvozaboni sifatida tan olindi. 1963 yilda berilgan «Oltin to‘p» sovrini esa, Yashinning tengsiz ekanligini tasdiqladi.

Ferens Pushkash (Vengriya, 1952)

Shak-shubhasiz, eng yorqin afsonalardan biri. Yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgan Ferens Pushkashning sermahsulligini shu paytgacha biror-bir snayper takrorlay olmagan - Vengriya terma jamoasi tarkibidagi 85ta uchrashuvda 84ta gol! 1952 yildagi Olimpiya o‘yinlari aynan venger futbolining «Oltin jamoa» davriga to‘g‘ri kelgandi. Pushkashning Vengriyasi yo‘lida duch kelgan barcha raqiblarini, jumladan, chorak finalda Turkiyani 7:1, yarim finalda Shvesiyani 6:0 hisoblarida taslim etgandi. Hal qiluvchi bahsda esa Yugos­laviya ham ishonchli tarzda (2:0) mahv etildi. Pushkashning o‘zi o‘sha turnirda 4ta - Turkiya darvozasiga 2ta, Shvesiya hamda Yugoslaviya darvozalariga bittadan gol urgandi.

Lionel Messi (Argentina, 2008)

Argentinalik dahoning ro‘yxatdan joy olishiga shubha bo‘lganmidi? Albatta, yo‘q. 21 yoshli vunderkind milliy jamoaning qatorasiga ikkinchi marta Olimpiada oltin medallarini qo‘lga kiritishiga sezilarli hissa qo‘shgandi. Argentina 6 uchrashuvning barchasini o‘z foydasiga hal qildi, darvozasidan o‘tkazib yuborgan 2ta golga 11ta gol bilan javob qaytardi. Nav-qiron Leo esa guruh bosqichi doirasida Kot-D`Ivuar va chorak finalda Niderlandiya terma jamoalari darvozalarini ishg‘ol etdi. Yakunda Messi Olimpiada turnirining eng yaxshi futbolchisi unvoniga sazovor bo‘ldi, uning jamoasi esa nufuzli musobaqada qatorasiga 12ta uchrashuvda (2004 yilda ham 6ta o‘yinda g‘alabaga erishgandi) zafar quchgan rekordchiga aylandi.

S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:50, 09.03.2022.
O'qildi: 3766 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.