«Arsenal»ning yangi tarixida mana uch yildirki, Mikel Arteta hukmronlik qilmoqda. Unga rahbariyat yetarlichi vaqt berdi va jamoani qayta shakllantirish vazifasini qo‘ydi. Ayni damda esa ushbu jarayon (loyiha) o‘zining qizg‘in pallasiga kirib bormoqda. So‘nggi xabarlarda, jamoa kelayotgan yozda ko‘plab futbolchilarini sotishi haqida aytiladi. Albatta, bunda jamoadan ketadiganlar o‘rnini to‘ldirish ham kerak bo‘ladi. Shu boisdan, «Arsenal»ni yozda katta o‘zgarishlar kutmoqda, deyishimiz mumkin. Klub yangi mavsum oldidan oltitagacha futbolchi xarid qilishni ko‘zlab turibdi. Ular ichida ikkita nominal hujumchi hamda kamida bitta yarim himoyachi bo‘ladi. Xarholda, Mikel Arteta ushbu maqsadni «ustuvor vazifa» deb atadi.
«To‘pchilar» joriy mavsumni o‘ta yomon boshlaganiga qaramay, ayni damga kelib, YECHL uchun asosiy da’vogar sifatida e’tirof etilmoqda. Jamoa beshinchi o‘rindagi «MYU» bilan bir ochko farqqa ega va zaxirada uchta o‘yini mavjud. Bu yo‘lda Mikel Arteta juda ko‘p to‘siqlardan o‘tishiga to‘g‘ri keldi. Klub o‘tgan yozda 6 ta futbolchi xarid qilib, ularga jami 150 million funt sarflagan edi. Shu bilan bir paytda, o‘sha davrning o‘zida yuqori maoshga ega futbolchilarga javob berilgan. Ushbu yozda esa klub yana oltita yangi futbolchiga ehtiyoj sezmoqda. Shuningdek, «Arsenal» Bukayo Saka, Emil Smit-Rou, Gabriel Martinelli kabi muhim futbolchilar bilan yangi bitim tuzishi talab etiladi.
Ketgan va ketishi kutilayotgan Obameyang hamda Lyakazett o‘rniga ikkita hujumchi, bitta sifatli yarim himoya vakili, vinger, shuningdek, o‘ng qanot hamda chap qanot himoyachilari xaridi jamoa uchun yetarli bo‘ladi. Albatta, ushbu transferlar uchun ancha mablag‘ talab etiladi. Rahbariyatning pul ajratishi esa, YECHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritish bilan ham bog‘liqdir. Klubning rasmiy rahbari Josh Kronke o‘z intervyularidan birida, Artetadan ilgari jamoa YECHL bahslari uchun Yevropa ligasi uchun ajratiladigani kabi kam mablag‘ (ya’ni rejadagidan ancha kam) sarflanganini aytib o‘tgandi. Bu mavsumdan esa YEL budjeti, hatto bonus sifatida taqdim etilishi mumkin!
Hozirgacha klub hujum chizig‘iga Kalvert-Lyuin, Aleksander Isak, Jonatan Devid hamda Darvin Nunyes kabi nomlarni ko‘rib chiqishga ulgurgan. Shuningdek, «Chelsi» tarbiyalanuvchisi Armando Broya uchun ham qiziqishlar yo‘q emas.
Yarim himoya uchun esa Yuri Tilemans, Ruben Nevesh hamda Duglas Luis nomi qayd etiladi. Ushbu futbolchilar APLning eng ko‘zga ko‘ringan vakillari sanaladi. Ayni damda yuqoridagi yarim himoyachilar holati haqida ham ma’lumotlar berilgan. Xususan, Yuri Tilemans «Lester» bilan 2023 yilga qadar mo‘ljallangan bitimini uzaytirishga shoshilmayapti. «Vulverxempton» esa Neveshni 30 million funt atrofidagi taklif uchun sotishini inkor etmagan. Portugaliyalik futbolchi Angliyaga kelishidan ilgari «Portu» bilan YECHLda ishtirok etgan edi (2017). Neveshning o‘zi ham kattaroq klubga ketish niyatini yashirmaydi.
Shunday qilib, «Arsenal» oldida avvaliga YECHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritish, keyin esa xos futbolchilar xarid qilish masalasi turibdi. Ushbu vaziyat Mikel Artetadan aql bilan ish tutishni talab qiladi. Biz esa voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
ISMATOV J.