"Manchester Yunayted" 2027 yil yozida asosiy e’tiborni himoya chizig‘ini kuchaytirishga qaratadi. ESPN jurnalisti Rob Douson ma’lumotiga ko‘ra, klub rahbariyati tarkibni bosqichma-bosqich qayta qurish strategiyasini davom ettirmoqchi. ESPN bu yondashuvni "building blocks", ya’ni "qurilish bloklari" deb ta’riflamoqda.
Bu strategiyaning mohiyati har bir transfer oynasida eng muammoli chiziqni kuchaytirish va keyin yana o‘sha pozisiyadagi xatolarni tuzatishga mablag‘ sarflashga majbur bo‘lmaslikdan iborat.
2025 yil yozida "Yunayted" hujum chizig‘ini Mateus Kunya, Brayan Mbeumo va Benyamin Sheshko bilan kuchaytirgandi. Joriy yozda esa markaziy yarimhimoya ustuvor yo‘nalish bo‘ldi: Yuri Tilemans, Andrey Santos va Karlos Baleba xarid qilindi. Ularning umumiy qiymati taxminan 155 mln funtni tashkil etdi.
Endi navbat himoyaga keladi. Mankunianliklar yozda chap qanot himoyachisi olishga uringan, ammo bu vazifani bajara olmadi. ESPN'ga ko‘ra, "RB Leypsig"dan David Raumni taxminan 30 mln funtga olish imkoniyati bo‘lgan, biroq klub 28 yoshli futbolchi bilan uzoq muddatli shartnoma tuzishni kelgusi rejalarga xalaqit berishi mumkin deb hisoblagan. "Nyukasl" futbolchisi Lyuis Xoll esa asosiy nishonlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, Lisandro Martines, Xarri Maguayr va Lyuk Shouning amaldagi shartnomalari 2027 yil yozida tugaydi. Bu ham himoyani yangilash zaruratini kuchaytiradi.













