Rossiya. Rossiya Premyer-ligasi 21-turida qisqa vaqt «o‘zbekcha duel» kuzatildi. «Ufa» - «Nijniy Novgorod» uchrashuvida mezbonlar vakili Oston O‘runov 70-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan bo‘lsa, mehmon jamoa himoyachisi Ibrohimxalil Yo‘ldoshev to‘liq vaqt davomida harakatlandi va sariq kartochka oldi. Natijaga kelsak, kuchlar teng keldi - 0:0.
Qozog‘iston. «Qayrat» Premyer-liga 2-turida «Maxtaaral» mehmoni bo‘lib, penaltidan urilgan yagona gol evaziga 3 ochko oldi. Biroq jamoa bosh murabbiyi Qurbon Berdiyev bu safar ham hamyurtimiz Jasur Jaloliddinovga imkoniyat bermadi. «Tobol» esa Igor Sergeev to‘liq 90 daqiqa to‘p surgan o‘yinda «Kaspiy» darvozasiga yo‘l topolmadi - 0:0. «Taraz» - «Ordabasi» o‘yini taqdirini mezbon jamoaning yagona goli hal qildi. Odil Abdumajidov bu safar ham mehmon jamoa safida to‘liq vaqt harakatlandi. «Ordabasi» 1-turda «Maxtaaral» bilan o‘yinda murosa ko‘chasida to‘xtagandi (1:1).
BAA. Otabek Shukurov to‘liq vaqt to‘p surgan o‘yinda «Sharja» 2:1 hisobida g‘alabaga erishdi. Gap BAA elit ligasi 19-turidan o‘rin olgan «Ajman»ga qarshi uy uchrashuvi haqida ketmoqda. Shukurov jamoasi ayni vaqt turnir jadvalining 3-pog‘onasida bormoqda (36 ochko). Peshqadam - «Al-Ayn»da esa 43 ochko bor. «Shabab Al Ahli» - «Al-Vasl» o‘yini (0:2)da mezbon jamoa yarim himoyachisi Aziz G‘aniyev maydonga tushgani yo‘q.
Saudiya Arabistoni. «Al-Nasr» mamlakat chempionati 24-turida «Al-Ittifoq» mehmoni bo‘ldi. Hamyurtimiz Jaloliddin Masharipov bu o‘yinda nihoyat, «Nasr»ning boshlang‘ich tarkibiga qaytdi, biroq 43-daqiqada zaxiraga olindi. Yakunda 2:2 hisobi qayd etildi. Vaholanki, mehmonlar birinchi bo‘limdan so‘ng 0:2 hisobida ortda borayotgandilar. To‘g‘ri, «Ittifoq»ning o‘yinni 8 nafar futbolchi bilan tugatganini ham aytish kerak. «Al-Nasr» matbuot xizmati keyinroq Masharipov jarohat tufayli almashtirilganini ma’lum qildi. Tibbiy tekshiruvlarda aniqlanishicha, futbolchimizning burun suyagi singan.
Italiya. «Roma» o‘tgan hafta o‘rtasida Konferensiyalar Ligasi 1|8 finali doirasida «Vitess» mehmoni bo‘lib, ortga 1:0 hisobidagi g‘alaba bilan qaytdi. Jamoa hujumchisi Eldor Shomurodov Niderlandiyadagi bahsda maydonga tushmadi. Rim klubi Italiya «A» seriyasi 29-turida esa safarda «Udineze»ga qarshi maydonga tushdi va so‘nggi daqiqalarda penaltidan urilgan gol evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qoldi - 1:1. E’tiborlisi, penaltini 65-daqiqada o‘yinga qo‘shilgan hamyurtimiz ishladi.