Argentina terma jamoasi navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvida Burkina-Fasoni 7:0 hisobida tor-mor keltirdi. Buenos-Ayresdagi «Monumental» stadionida o‘tkazilgan bahsda argentinaliklar birinchi bo‘limning o‘zidayoq raqib darvozasiga beshta gol urdi.
Hisob 4-daqiqada ochildi. Lautaro Martines Argentinani oldinga olib chiqdi. 8-daqiqada Burkina-Faso himoyachisi Mumuni Diallo o‘z darvozasiga gol kiritib qo‘ydi.
12-daqiqada Janluka Prestianni hisobni 3:0 ko‘rinishiga keltirdi. Birinchi bo‘lim yakuniga qadar Niko Pas va Xulian Alvares yana ikkita gol urdi — 5:0.
Ikkinchi bo‘limda Franko Mastantuono 57-daqiqada Argentinaning oltinchi golini kiritdi. Uchrashuvga qo‘shib berilgan vaqtda esa Juliano Simeone yakuniy hisobni belgiladi — 7:0.
Shu tariqa, uch karra jahon chempioni bo‘lgan Argentina raqibini yirik hisobda mag‘lub etdi. Martines mazkur uchrashuvda bir gol va ikki golli uzatma qayd etgan bo‘lsa, Prestianni va Simeone bir gol va bir assistdan amalga oshirdi.
Argentina navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvini 7 oktyabr kuni Benin terma jamoasiga qarshi o‘z maydonida o‘tkazadi. Burkina-Faso esa ushbu xalqaro tanaffus doirasidagi o‘rtoqlik o‘yinlarini yakunladi. Jamoani keyingi uchrashuvlar noyabr oyida kutib turibdi.
O‘rtoqlik uchrashuvi
4 oktyabr, Buenos-Ayres, «Monumental»
Argentina - Burkina-Faso - 7:0
Gollar: Martines, 4; Diallo, 8 (avtogol); Prestianni, 12; Pas, 35; Alvares, 36; Mastantuono, 57; Simeone, 90+3.













