Roman Abramovich sanksiyalar girdobida bo‘lishiga qaramay, o‘z klubini sotishi mumkinligi aytildi. Rus oligraxi "aristokratlar" uchun 3 milliard funtlik narx belgilagan edi. Jamoaga birinchi xaridorlardan bo‘lgan "Saudi Media Group" esa 2,7 milliard funtlik taklif bilan chiqdi. Bu voqeadan ko‘p o‘tmay, amerikalik tadbirkor Vudi Jonson "Chelsi" uchun 2 milliard to‘lash istagini bildiradi. Yuqoridagi takliflardan qay biri qabul qilinishidan qat’iy nazar, ushbu voqea sport dunyosi tarixidagi eng qimmat xaridga aylanadi. Quyida, hozirgi kunga qadar sportdagi "oldi-sotdi"larning eng qimmatlari haqida gap boradi.
"Clevelend Browns" – Amerika futboli (754 million funt)
Qo‘shma Shtatlar tadbirkorlari Jimmi hamda Di Xeslem 2012 yilda Ogayo shtati jamoasini 754 million funtga xarid qiladi. "Klivlend"dagi birinchi o‘n yillik davomida ushbu juftlik jamoa uchun sotib olgan narxidan ikki barobar ko‘proq harajat qildi. Shunga qaramay, ularning klubi (1964 yildan buyon) Amerika Milliy chempionatida hali g‘olib bo‘lmadi.
"Toronto" – Xokkey (760 million funt)
"Rogers Communications va "BCE Inc." – Kanadaning eng katta korporasiyalari. Ular 2012 yilda dunyoga mashhur xokkey jamoasining 75 foiz aksiyasini xarid qiladi. Ushbu kompaniyalar 2010 yilda Vankuverda qishki olimpiada o‘yinlarini o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lgan edi. Ularning klubi esa hozirga qadar 13 bor mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan.
"Buffalo Bills" – Amerika futboli (1,07 milliard funt)
Terri Pegula hamda uning rafiqasi Kim Amerika Milliy ligasi jamoasini 2014 yilda xari qilgan. Gaz gigantiga 1 milliarddan ortiqqa tushgan klub, xariddan ilgari Baffalo shahridan ko‘chirilish xavfi ostida qolgan edi. Ammo Terri buni bartaraf etdi. U tez orada barcha sarmoyasini ko‘chmas mulk hamda gaz sanoatidan Sport va ko‘ngilochar sohaga yo‘naltirdi.
"MYU" – Futbol (1,15 milliard funt)
Ushbu ro‘yxatda eng birinchilardan bo‘lib kiritilgan transfer Gleyzerlar oilasi tomonidan amalga oshiriladi. "MYU" hozirga qadar Gleyzerlarning AQSHda bo‘lmagan yagona sport jamoasi bo‘lib qolmoqda. 2005 yilda biznes konglomerati 790 million funtni "qizil iblislar"ni sotib olish uchun sarflagan. Bu esa ayni damdagi o‘lchovlarda 1,15 milliard funtga tengdir. Hozirda "Manchester Yunayted" muxlislari klub egalaridan g‘azabda. Negaki, Gleyzerlar erasida jamoa qarzlari borgan sari ortib bormoqda. To‘g‘ri, ushbu rahbariyat dastlab, Fergyuson davrida beshta APL titulini qo‘lga kiritgan edi. Ammo amerikaliklar bugun, so‘nggi 48 yilda jamoa muxlislari bilan eng yomon munosabatlarga ega bo‘lib turibdi. Xususan, "MYU" besh yildan buyon hech qanday sovrin yutgani yo‘q, 2013 yildan hozirga qadar esa APL chempioni bo‘la olmayapti.
"LA Clippers" – Basketbol (1,53 milliard funt)
Los-Anjeles shahrining sport giganti ro‘yxat yuqorisidan joy olgan. "Microsoft" asoschilaridan biri Stiv Balmer NBA jamoasini 2014 yilda xarid qiladi. Ushbu transmissiya basketbol tarixidagi eng qimmat xariddan biriga aylangan. Balmer jamoaning eski egasi Donald Sterling o‘rniga keladi. Sterling esa jamoada millatchilikni targ‘ib qilgani sabab, "Klipperlar"ni sotishga majbur bo‘ladi.
Balmer hozirgacha o‘z jamoasi o‘yinining barchasida ishtirok etib (tomosh qilib) kelmoqda. U shuningdek, ushbu klubni raqobatchi jamoa – "Leykers" bilan tengma-teng kurasha oladigan kuchga aylantirdi. "Klippers" NBA chempioni bo‘lmagan. Ammo 2021 yilda o‘z tarixida ilk bor G‘arbiy konferensiya finaliga chiqa olgandi.
"Houston Rockets" – Basketbol (1,68 milliard funt)
NBAning yana bir jamoasi bo‘lgan "Xyuston" 2017 yilda biznesmen Tilman Fertitta tomonidan sotib olinadi. Hozirga qadar ushbu hodisa NBA tarixidagi rekord xarid bo‘lib turibdi. 1,68 milliard funtga baholangan jamoa yangi egasining davrida ikki bor G‘arbiy konferensiya yarim finalida, bir marta esa Konferensiyalar finalida qatnashgan. O‘tgan mavsum "raketalar" ichki ligada eng yomon natija qayd etdi. Jamoa mavsum davomida 72 ta o‘yin o‘tkazib, atigi 17 ta o‘yinni g‘alaba bilan tugatgan.
"Carolina Panthers" – Amerika futboli (1,76 milliard funt)
Umumiy, dunyo sport tarixidagi eng qimmat xarid 2018 yilda "Karolina Panterlari"ning sotib olinishi bo‘lib turibdi. Bu ham hozircha, albatta. Klub uchun 1,76 milliardni sarflab yuborgan milliarder Devid Tepper, hali o‘z sarmoyasining mevasini olganicha yo‘q. Xususan, "panteralar" 3 yildan beri NBA muntazam turnirining pley-off bosqichiga chiqa olishgani yo‘q...
"Chelsi" hatto, eng kamida 2 milliardga sotilsa ham yuqoridagi jamoalardan qimmatroq narxga ega bo‘ladi. Abramovich esa bunga ko‘nishi amrimaholdek ko‘rinmoqda. U uchun arablardan kelgan taklifni (2,7 mlrd.) qabul qilish, nisbatan to‘g‘ri qaror bo‘lgan bo‘lar edi.
Jaloliddin ISMATOV tarjimasi