Mavsum-2021/2022ning bosh qahramonlaridan biri Karim Benzema jarohat tufayli bu safargi «El-klasiko»da qatnasholmadi, shunga qaramay, hozir ko‘pchilik aynan fransiyalik hujumchi o‘yinini muhokama qilmoqda. Zero, u «PSJ»ga qarshi kechgan CHL nimchorak finali javob o‘yinida «xet-trik» qayd etish asnosida nafaqat «Real»ni keyingi raundga tortdi, balki gollari soni bo‘yicha afsonaviy Alfredo di Stefanoni ortda qoldirib, «Qirollik klubi» tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatida 3-o‘ringa ko‘tarildi. Faxriy hujumchi yaqinda Realmadrid TV telekanali Real Madrid Conecta dasturi mehmoni bo‘lib, ayni vaqtdagi his-tuyg‘ulari bilan o‘rtoqlashdi.
- Karim, «PSJ» bilan o‘yinda hamma sizdan gol kutgandi, ammo ko‘pchilik «xet-trik» haqida o‘ylamagan bo‘lsa kerak...
- O‘yinni to‘liq qayta ko‘rib chiqqanim yo‘q, faqat vaziyatlar va gollarni ko‘rdim. Stadiondagi muhit, gollar va «kambek» tufayli o‘yin xotiralarga muhrlandi, menimcha. Shunday unutilmas oqshomda CHL chorak finaliga chiqqanimiz - ajoyib. Albatta, birinchi o‘yindan keyin bor e’tiborimni javob jangiga qaratdim, o‘zimni ham ruhan, ham jismonan alohida tayyorladim. Umuman, maydonga tushganimda, g‘alaba qozonishimizga zarracha shubha yo‘q edi. Zero, hafta davomida mashg‘ulotlarni ko‘tarinki ruhda o‘tkazdik va barcha yigitlar yaxshi futbol ko‘rsatish ishqida yonayotgandilar.
- Mana, «Real» libosidagi gollar soni bo‘yicha buyuk di Stefanodan o‘zib ketdingiz.
- Bu - orzuning ushalishi. Axir Alfredo «Madrid»ning chinakam afsonasi. Esimda, «Real» safiga qo‘shilganimda, u klub prezidenti bilan yonimga kelib, meni bag‘riga bosgandi. Di Stefano - afsona. Shunday ekan, goleadorlar ro‘yxatida uning yonida ekanligimdan faxrlanishim mumkin. Ushbu natija meni yanada kuchli ishtiyoq bilan ishlashga undashi tayin. Di Stefano vaqtida ajoyib maslahat bergandi: «Karim, shunday buyuk klubdagi har bir kuningdan zavqlan». Hozir xuddi shunday qilyapman.
- Xo‘sh, «Real» tarixidagi o‘rningizdan qoniqyapsizmi?
- Hozir vujudimni faxr va g‘urur chulg‘ab olgani aniq - g‘oyat baxtiyorman. Lekin unutmaslik kerak, barchasining ortida butun jamoa xizmati, klubga daxldor har bir inson mehnati bor. Jumladan, murabbiylar va muxlislar hissasi ham katta.
- Ehtimol, bu siz uchun «Real» safidagi eng yaxshi o‘yindir...
- Bilmadim... Deylik, «Liverpul»ga qarshi kechgan CHL finali ham xotiramga muhrlangan. Ha, 3ta gol urganimni inobatga olsak, juda muhim o‘yin, darhaqiqat. Haqiqiy «kambek»! Axir ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, 0:2 hisobida ortda qolayotgandik. Umuman, joriy mavsum faoliyatimdagi eng yaxshisi bo‘lar, balki. Lekin tabiatan har mavsum avvalgisidan yaxshiroq o‘ynashga intilaman, hozircha bunga erishyapman ham.
- Anchelotti sizni ko‘p maqtamoqda. Bundan bo‘shashib qolmaysizmi?
- Yo‘q, aksincha, murabbiyning bahosi - qo‘shimcha motivasiya. Don Karlo jamoaga yordam berishim uchun doimo chinakam ishonch bag‘ishlaydi. Anchelotti odatda menga nisbatan ko‘proq ko‘rsatma beradi, buning natijasida ruhan tetiklashaman va katta ishtiyoq bilan harakatlanaman. Murabbiy ishonchi - qo‘shimcha impuls. Jamoada har doim o‘yin borishini o‘zgartirishga mas’ul futbolchi topiladi, biroq hech kim hammasini yolg‘iz uddalolmaydi. Misol uchun, hujumchilar ajoyib uzatmalar bilan ta’minlaydigan futbolchilarsiz hech nima qilolmaydilar. Har doim jamoaviy harakatlarni alohida qadrlayman. Chunki jamoa to‘liq kuch bilan ishlasa, oldinda yetarlicha imkoniyatga ega bo‘lishimni yaxshi bilaman.
- Ayni payt faxriylar qatoridasiz. Aytingchi, kundalik mashg‘ulotlar qiynab qo‘ymayaptimi?
- Yo‘q, vaholanki, hozir har qachongidan ko‘proq shug‘ullanyapman. Kuchni qayerdan olaman? Shaxsiy statistikamdan! Ishoning, ishingiz natija keltirayotganini bilsangiz, o‘z-o‘zidan to‘lqinlanasiz. «Real» bilan birinchi navbatda, sovrinlar yutish maqsadida shartnoma tuzganman. Ha, hech qachon bunchalik ko‘p gol urishni o‘ylamaganman, lekin har doim odamlar qalbidan joy olishga intilganim rost. O‘ylaymanki, hozircha bu ish uddasidan chiqyapman.
- Endi Raul natijasini takrorlashingizga yana 14ta gol kerak...
- Chindan ham, avvalo, sovrinlar yutishni xohlayman, chunki gollar umumiy zafarlar orqali keladi. Raul natijasiga kelsak, bu haqda unga biroz yaqinlashganimdan keyin gaplashganimiz ma’qul. Hozircha ishlashda davom etishim va gol urish imkoniyatidan maksimal darajada foydalanishim kerak.
- O‘yiningiz tobora toblanmoqda. Buning qandaydir siri bormi?
- «Madrid» safiga qo‘shilganimda juda yosh edim va bu jamoa nimani anglatishini to‘liq bilmasdim. «Lion»dan kelgach, shunchaki, hayratlanganim esimda. Muhimi, bu yerda zafar quchishga ishonganman. Mana, endi «Real Madrid» nimani anglatishini juda yaxshi tushunaman va to‘g‘ri yo‘ldan ketyapman. Jamoa ichida o‘zimni uydagidek his qilaman. Umuman, Madridni ham, shahar odamlari va ushbu mamlakatni ham chinakamiga yaxshi ko‘raman. Chunki menga nisbatan ajoyib munosabat shakllangan. Qisqasi, bu yerda har kuni - mashg‘ulotlardan ham, o‘yinlardan ham zavqlanaman. Xuddi buyuk di Stefano aytganidek!
VINICIUS JUNIOR NIMA DEYDI?
Karim Benzemaning hujumdagi sherigi - braziliyalik Vinisius Junior esa Madridista Real nashriga bergan intervyusida joriy mavsumdagi yutuqlariga to‘xtaldi: «Vaqt juda tez o‘tmoqda, Madridda yanada tezroq. Faqat raqobat va o‘yinlarga shaylanish uchun vaqt bor, xolos. Yo‘q, o‘zimni yulduzlar qatoriga qo‘sholmayman. Kiyinish xonasi chempionlar, chinakam g‘oliblar bilan to‘la - Marselo, Kazemiro, Modrich, Nacho, Kroos, Benzema... Ular yonida yulduz emas, shunchaki, qo‘ldan kelganicha o‘rganayotgan futbolchiman».
FAKT
Karim Benzema oxirgi 4 mavsumdan buyon La Ligada 20tadan kam gol urayotgani yo‘q. Uning Ispaniya chempionatidagi rekordi (24ta gol) mavsum-2015|2016da kuzatilgan. 34 yoshli futbolchi joriy mavsum yana 3ta gol ursa, shaxsiy natijasini yangilaydi.
MUHAMMADXON tayyorladi