Kirish Ro'yxatdan o'tish
16/06 18:00 Polsha - Niderlandiya
16/06 20:00 So‘g‘diyona 1-0 Nasaf
16/06 20:00 Paxtakor 0-0 Navbahor
16/06 21:00 Sloveniya 1-1 Daniya
16/06 23:59 Serbiya - Angliya
17/06 18:00 Ruminiya - Ukraina
17/06 20:00 Lokomotiv - Dinamo
17/06 20:00 Olimpik - OKMK
17/06 21:00 Belgiya - Slovakiya
17/06 23:59 Avstriya - Fransiya
18/06 21:00 Turkiya - Gruziya
18/06 23:59 Portugaliya - Chexiya

Pyer Kalulu: «Milan» himoyachisi bo‘lish - bu Ibraga qarshi turish...»

Pyer Kalulu: «Milan» himoyachisi bo‘lish - bu Ibraga qarshi turish...»

Baho:
+ | -

«Milan» joriy mavsum nihoyat, yana skudetto sari dadil qadam tashlamoqda. «Rossonerlar»ning «A» seriya turnir jadvalida peshqadamlik qilayotganlarida tartibli himoyaning hissasi ham katta.

Jumladan, Pyer Kalulu mavsum kashfiyoti bo‘lishga yaqqol da’vogar. 21 yoshli futbolchi oxirgi vaqtlarda Fikayo Tomori bilan markaziy himoya zonasiga javob beryapti. Aytish kerakki, u yoshiga nisbatan olganda, ancha aqlli o‘yin namoyish etmoqda. Professional futbolda ilk shartnomasini 2020 yili «Lion» bilan tuzgan iqtidorni shu paytgacha ko‘pchilik bilmasdi, endi u hammaga tanish. Kalulu xususan, «Napoli»ga qarshi o‘yin (1:0)da dahshatli Viktor Osimxenni sira bo‘sh qo‘ygani yo‘q va g‘alabaga katta hissa qo‘shdi, keyin «Empoli» bilan bahsda g‘alaba goliga mualliflik qildi. Umuman, «Milan»ning qatorasiga 3ta o‘yinda o‘z darvozasini daxlsiz saqlashida Pyer Kalulu - Fikayo Tomori juftligi ulushi katta. Fransiyalik yosh futbolchi L~Equipe nashriga bergan intervyusida turli mavzular haqida gapirdi: Olimpiada o‘yinlari, «Milan», milliy jamoa... Asosiysi, Pyerning ham klub, ham Fransiya termasidagi ambisiyalari juda ulkan.

- Kalulu, futbolda birdaniga porlashning qandaydir siri bormi?

- O‘z tajribamdan kelib chiqib aytsam, to‘g‘risi, U-21 toi­fasidagi Yevropa chempionati umidsizlik uyg‘otdi, hattoki, Olimpiada o‘yinlari ham. Omadsizliklar - og‘riqli. Bunday pallada o‘zingizdan o‘pkalanasiz, jirkanasiz. Muhimi, og‘ir mehnat hamisha yordam beradi. Tan olaman, oldinroq deylik, Farer orollari termasi kabi zaifroq raqiblarga qarshi o‘ynashni xohlardim. Endi esa tanlash ortiqcha: raqib kattami-kichik, kuchlimi-zaif, farqi yo‘q - bir xil shiddat bilan o‘ynash kerak.

- Olimpiada o‘yinlarida qatnashish qanday ekan?

- Men uchun hammasi yangi tajriba. Bu borada «Milan» rahbarlari bilan gaplashganimda, ular o‘z mamlakatim sharafini himoya qilishimdan xursand ekanliklarini yashirishgani yo‘q: «O‘zing shuni xohlayotgan bo‘lsang, mayli, bor! Bu klub uchun ham faxr». Albatta, bunday munosabatdan xursand­man.

- Fransiya U-21 terma jamoasi bosh murabbiyi seni alohida maqtadi. Bunga munosabating qanday?

 - Maqtadimi, demak, barchasini to‘liq tasdiqlash uchun yanada kuchli o‘yin ko‘rsatishim shart. Shubha yo‘q, futbolchi murabbiy ishonchini qozonish orqali yuksaklikka ko‘tariladi. Tabiiyki, har kuni yanada yuqoriroq marralar va katta umidlar bilan oldinga intilishni istayman. «Milan» bosh murabbiyi Stefano Pio­li mendan eng kichik jihatlarga ham e’tibor bilan yondashishni talab qilmoqda. O‘ylaymanki, uning o‘gitlari natijasi bugun ko‘rinib turibdi. Yoshligimda hech qachon umidli futbolchilar qatoriga kirgan emasman. Ya’ni hamma orzu qilgan iqtidor darajasida emasdim. Ko‘pincha o‘zimga poyezd mensiz ketib qoladigandek tuyulardi. Muhimi, bunday holatda tezda ishga sho‘ng‘ish uchun kuch topa olardim.

- «Milan»dek jamoa libosini kiyish payti ham ikkilanish bormidi? Deylik, zaxirada qolib ketishdan cho‘chimadingmi?

- Har doim o‘z ustimda ko‘proq ishlasam, hammasi yaxshi bo‘lishiga ishonganman. Buning uchun ma’lum vaqt ketishini ham bilardim. Shu ma’noda aytsam, «Milan»da muvaffaqiyatsizlikka uchrashdan sira qo‘rqmadim. Aksincha, «Lion»da shunday bo‘lishi va unutilib ketishim hech gap emasdi.

- Nima, Fransiyada senga imkon berishmadimi?

- Aslida aynan «Lion»da porlashni orzu qilardim, lekin o‘xshamadi. Sababini qidirishdan esa ma’no yo‘q. Shunchaki, «Milan» safiga qo‘shilgach, orzu sari harakatni yanada kuchaytirdim. Ha, boshida rosa qiynaldim, chunki yolg‘iz edim. Hozirgi haqiqat shuki, «Milan»da o‘ynash menga katta turtki berdi.

- Italiya hayoti haqida nima deya olasan?

- Milan - go‘zal shahar. Bu yerda avvalo, yo‘nalishni aniqlab olishingiz shart. Kunning ma’lum bir vaqtida shahar markazidan qochishingiz kerak, chunki u yer «qaynaydi». Odamlar esa hamon 90-yillardagi buyuk «Milan» haqida g‘ururlanib gapirishadi.

- Umuman, «Milan»da o‘ynash nimani anglatadi?

- «Milan» himoyasida o‘ynash - har bir mashg‘ulotda Ibragimovichga qarshi turish. O, bu ish seni shu qadar charchatadiki, aytishga til ojiz. Shuning barobarida Zlatanga qarshi turish o‘zing uchun juda foydali. Jiru ham xuddi Ibra kabi g‘alabadan boshqasini tan olmaydi. Ular oldingizga kelishganida, o‘zingizdagi «men»ni ko‘rsata olishingiz va munosib javob berishingiz shart. Mashg‘ulotlarda yelkangizni biroz pastga tushirsangiz yoki yetarlicha qarshilik ko‘rsatmasangiz, baloga qolasiz. Oddiy aytganda, ular oldida hamisha g‘alabaga chanqoq ekanligingizni ko‘rsatishga mahkumsiz. Mashg‘ulotlarimiz shunisi bilan e’tiborga loyiq: bizda doimiy keskinlik, ba’zan yaxshi ma’nodagi janjallar ham kuzatiladi.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 08:42, 02.04.2022.
O'qildi: 1000 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.