Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Shohruh Abdurahmonov: «Legioner bo‘lish istagi ustunlik qildi»

Shohruh Abdurahmonov: «Legioner bo‘lish istagi ustunlik qildi»

Baho:
+ | -

O‘tgan mavsumni Samarqandning «Dinamo» jamoasida o‘tkazgan yarim himoyachi Shohruh Abdurahmonov endilikda faoliyatini Belorussiyada davom ettiradi. U «Energetik-BGU» jamoasi bilan shartnoma imzoladi. Maxsus muxbirimiz samarqandliklarning Superligaga chiqishiga katta hissa qo‘shgan va klubning eng yaxshi futbolchisi nomiga sazovor bo‘lgan futbolchi bilan bog‘lanib, suhbatlashdi.

- Shohruh, yangi jamoangiz safida ilk uchrashuvda maydonga tushdingiz. Deb­yutingiz chakki emas. O‘yindan olingan taassurotlar qanday?

- Yangi jamoam bilan mavsumga juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. To‘g‘ri, chempionlik yoki sovrinli o‘rinlar uchun kurashamiz, deya olmayman. Bu klubning o‘z rejalari bor. Dastlabki o‘yin har doim qiyin bo‘ladi. Xayriyatki, mazkur bahsga yaxshi tayyorlana oldik va murabbiy ko‘rsatmalariga amal qilgan holda muvaffaqiyat qozondik.

- «Energetik-BGU» o‘zbekistonlik futbolchilarga doimo qiziqish bildirgan. Bu jamoaga o‘tishingiz qay tariqa amalga oshdi?

- Barchasini agentlar bajarishdi. Umuman, oldimda bir nechta jamoalardan aniq takliflar bo‘lgandi, O‘zbekistonning bir nechta klublari o‘z saflariga chorlashdi. Shu orada vakillarim «Energetik-BGU» ham jiddiy qiziqish bildirayotganini ma’lum qilishdi. Keyinchalik oilam a’zolarim va futbol ichidagi tanishlarim bilan maslahatlashdim. Hammalari shu jamoaga o‘tishim ma’qul bo‘lishini ta’kidlashdi.

- Jamoaga moslashishda qiyinchilik bo‘lmadimi?

- Aytarli muammo yuzaga kelgani yo‘q. Adaptasiya jarayonida klubdoshlarimning yordami ham asqotdi. Dastlabki kundan boshlab barcha bilan mashg‘ulotlarda til topishib ketdik va birgalikda o‘ynay boshladik. Meni ajablantirgani shuki, «Energetik-BGU»dagi futbolchilarning hammasi juda mehnatkash va o‘z ustida tinimsiz mehnat qiladigan yigitlar ekan. Sharoit qanaqa bo‘lishidan qat’iy nazar, mashqlar davomida o‘zlarini namoyon etishga katta ahamiyat qaratisharkan.

- «Dinamo» sizni tarkibda saqlab qolishga harakat qilmadimi?

- Ketishimni xohlashmadi. Bilasiz, bu jamoa men uchun qadrli hisoblanadi. Yangi shartnoma ham taklif qilishdi. Yuqorida aytganimdek, faoliyatimni xorijda davom ettirish istagi sababli ham rahbariyatga qarorimni aytdim. Ularga minnatdorchilik bildiraman. Chunki xohishimga qarshi borishmadi, menga omad tilashdi.

- «Dinamo»ning Superligaga chiqishiga katta hissa qo‘shdingiz. Shunday ekan, bir mavsum Superligada qolsangiz bo‘lmasdimi?

- Legioner sifatida o‘ynash istagi kuchlilik qildi. Shu orzuim bor edi. Superliganing boshqa jamoalaridan ham taklif bo‘ldi, biroq «Energetik-BGU»ning chorlovi meni ko‘proq qiziqtirdi. Yevropada o‘ynash istagi bor. Birinchi qadamni tashlamasam bo‘lmasdi.

- Nima deb o‘ylaysiz, samarqandliklar Superligada qolish vazifasini uddalay olishadimi?

- O‘ylashimcha, ha. To‘g‘ri, chempionat bahslari ancha murosasiz kechmoqda, ishtirokchilar o‘z tarkiblarini sezilarli darajada kuchaytirishgan. Har bir o‘rin uchun jiddiy bahs kechishi o‘z-o‘zidan ma’lum. Ishonamanki, «Dinamo» elitada o‘z maqsadi yo‘lida dadil intilib, munosib qatnashadi.

- Keyingi rejalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

- O‘z oldimga qo‘ygan maqsadlarim ko‘p. Xudoga shukr, niyatlarimga sekin-asta erish­yapman. Legioner sifatida o‘ynashni orzu qilayotgandim, bunga ham yetishdim. Keyingi rejalarim - Belarus chempionatida ham yaxshi to‘p surish orqali tajriba oshirgan holda, kelgusida yanada kuchliroq jamoalar safiga yo‘l olish.

IZZATBEK suhbatlashdi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 22:00, 03.04.2022.
O'qildi: 2028 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.