Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Ispaniya taxti uchun kurash. «Sevilya» «Real Madrid»ga qarshi

Ispaniya taxti uchun kurash. «Sevilya» «Real Madrid»ga qarshi

Baho:
+ | -

Bugun tunda Ispaniya chempionatining 32-turida Sevilya shahrida, turning markaziy uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Unda "Sevilya" "Real Madrid" jamoasini mehmon qiladi. Bu uchrashuv tom ma’noda Ispaniya taxt uchun kurashdir. Jamoalarning jadvaldagi joylashuvi va chempionat oxirlab qolganligi shunga dalolat qiladi.

 JamoaO‘yinG‘alabaDurangMag‘-tT-NOchko
1 Real Madrid 31 22 6 3 63-26 72
2 Barselona 30 17 9 4 60-31 60
3 Sevilya 31 16 12 3 44-22 60
4 Atletiko 31 17 6 8 57-38 57
5 Betis 32 17 6 9 56-37 57
6 Real Sosyedad 32 15 10 7 32-30 55
7 Vilyarreal 32 13 10 9 51-31 49
8 Atletik Bilbao 31 11 12 8 36-30 45
9 Osasuna 32 12 8 12 33-41 44
10 Valensiya 32 10 12 10 44-46 42


"Real Madrid" garchi bu o‘yinga mehmon sifatida tashrif buyursa ham, so‘nggi uchrashuvlarda qo‘lga kiritayotgan natijalari  "Qirollik klubi"ni bir pog‘ona ustun qilib ko‘rsatyapti. "Sevilya" esa mavsumning ikkinchi yarmida muxlislarini ranjityapti. Andalusiyaliklar La liga doirasidagi so‘nggi besh uchrashuvining atiga bittasida g‘alaba qozonishgan.

Jamoaning zaxirasi asosiy tarkib bilan raqobat qila olmagani bois, asosiy tarkib futbolchilariga dam berilmasdan muttasil ravishda maydonga tushirildi. Natijada, mavsumning oxiriga kelib jamoaning o‘zagi bo‘lmish Tomas Dileyni, Karim Rekik, Suso va Fernando kabi futbolchilari jarohat oldi. Bu esa jamoa uchun jiddiy yo‘qotishdir.

Lekin "Sevilya" jangdan oldin oq bayroqni ko‘taradiganlardan emas! Jamoa doim istalgan raqib uchun xavf tug‘dira olgan. Lapetegi qo‘l ostida yaxshi bir jamoani shakllantira oldi. Futbolchilar turnir jadvalidagi o‘rnini saqlab qolish uchun tish-tirnoqlari bilan kurashadi.



"Qirollik klubi"da esa hammasi ko‘ngildagidek. Futbolchilarning o‘ziga bo‘lgan ishonchi yuqori darajada. Anchelottining jamoasi bu uchrashuvga Yevropa chempionlar ligasining yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan holda yetib kelyapti. Lekin bu g‘alabalar zamirida, jamoaviy o‘yin yoki murabbiyning sxemasi emas, Karim Benzema, Luka Modrich hamda Toni Kroos kabi katta futbolchilarning mehnati yotibdi. Aynan ularning o‘yini orqali qo‘lga kiritilgan g‘alabalar, jamoaning himoyadagi kamchiliklarini yopib turibdi.

"Real Madrid" tizimli jamoalardan shu futbolchilar vositasida ustundir. Lekin buning salbiy jihati ham bor. Agarda shu katta futbolchilarning birontasi maydonga tushmay qolsa yoki o‘yini chiqmasa, bu - butun jamoaning o‘yiniga salbiy ta’sir qiladi.



Bu o‘yinda madridliklar safida jiddiy yo‘qotishlar mavjud. Kechagina "Real Madrid"ni yarim finalga sudrab olib chiqqan Karim Benzema bu uchrashuvda maydonga tushmasligi mumkin. Benzemasiz "Real Madrid"ning hujum chizig‘i, xuddi Pikesiz "Barselona"ning himoyasiga o‘xshaydi. Bu mavsumda Pike qatnashgan qariyb qirqqa yaqin uchrashuvda darvozasiga penalti belgilanmagan "Barselona" Pikesiz ikkita uchrashuvda to‘rt martta penalti bilan jazolandi. Ha, "top" himoyachidek ko‘ringan Arauxo va Garsiya kabi yosh futbolchilar, shunchaki o‘rtamiyona futbolchilarga aylanib qolishdi. "Real"da ham Vinisius va Rodrigo kabi yosh yulduzlar Benzema yordamida porlayotgan bo‘lishi mumkin.

Himoyada esa muammolar yana ham qo‘rqinchliroq. Chap qanot himoyachilari bo‘lmish Marselo va Mendi jarohat olishgan. Ularning o‘rnini to‘ldirishi mumkin bo‘lgan Nacho ham o‘yinga tushishi so‘roq ostida turibdi. Anchelotti bu bahs oldidan himoya haqida ancha bosh qotirishiga to‘g‘ri keladi.

Jamoalar avvalgi safar Madridda — "Santyago Bernabeu" maydonida to‘qnash kelishgan. Hissiyotlarga boy bo‘lgan uchrashuvda mezbonlar (2:1 hisobida) g‘alaba qozonishgan.

Avazbek Mirsaitov tayyorladi.

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 12:19, 17.04.2022.
O'qildi: 2630 marta.
Fikrlar: 20 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.