Qozog‘iston. QPL 7-turi «Tobol» uchun omadsiz keldi - «Atirau» mehmoni bo‘lgan Kostanay klubi ortga 1:2 hisobidagi mag‘lubiyat bilan qaytdi. Jamoaning yagona goliga maydonda to‘liq vaqt harakatlangan Igor Sergeev mualliflik qildi. U 77-daqiqada qanotdan uzatilgan to‘pni boshi bilan raqib darvozasiga joylab qo‘ydi. Shu bilan hamyurtimizning joriy chempionatdagi gollari soni 3taga yetdi. «Tobol»ning oxirgi 4 yil badaliga «Atirau»ga ilk marta yutqazganini ham aytish joiz. «Ordabasi» o‘z maydonida «QizilJar»ga qarshi kechgan uchrashuvni 3:1 hisobidagi g‘alaba bilan yakunladi. Shimkent klubi safida doimgidek to‘liq vaqt to‘p surgan hamyurtimiz Odil Abdumajidov gollardan biri assistenti sifatida qaydnomaga kirdi. «Qayrat» esa Jasur Jaloliddinov bir bo‘lim harakatlangan (45-daqiqagacha) o‘yinda kutilmaganda, «Turan»ga yutqazib qo‘ydi - 0:1. Vaholanki, Qurbon Berdiyev jamoasi o‘z maydonida o‘ynadi.
Italiya. Eldor Shomurodov «Roma»ning «Inter»ga qarshi o‘yinida nihoyat, samarali harakatni amalga oshirdi. To‘g‘ri, «A» seriya 34-turidan o‘rin olgan o‘yinda rimliklar «San Siro» egalariga 1:3 hisobida yutqazishdi. Muhimi, 78-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan hamyurtimiz yakunda Genrix Mxitaryan goliga assistentlik qildi. Shu bilan Shomurodovning joriy mavsum («A» seriyada)dagi samarali uzatmalari soni 4taga yetdi. Milliy jamoamiz hujumchisi bu borada Lorenso Pellegrini, Temmi Abraxam, Duvan Sapata, Yosip Ilichich, Irving Lozano, Matteo Politano va Denzel Dyumfris kabi futbolchilar bilan tenglashib oldi. E’tiborli tomoni, Italiyaning turli nashrlari Eldorning o‘yindagi qisqa harakatiga bir xil baho qo‘ydi - 6 ball. Bu «Roma» vakillari olgan eng yuqori o‘rtacha bahodir.
Belarus. «Energetik-BGU» mamlakat chempionati Oliy ligasi 5-turida «Isloch»ni qabul qilib, 1:2 hisobida yutqazib qo‘ydi. Ushbu omadsiz o‘yinda «talabalar» safidagi himoyachimiz Abduqodir Husanov va hujumchimiz Bobur Abduxoliqov to‘liq 90 daqiqa harakatlanishdi. Yarim himoyachimiz Shohruh Abdurahmonov esa 64-daqiqada o‘z o‘rnini zaxira vakiliga bo‘shatib berdi.
Rossiya. RPL 26-turidan o‘rin olgan «Ural» - «Ufa» o‘yinida mezbon jamoaning qo‘li baland keldi - 2:1. Mehmonlar yarim himoyachisi Oston O‘runov tanaffusdan so‘ng o‘yinga qo‘shilib, ancha faollik ko‘rsatdi, ammo jamoasi yakunda mag‘lubiyatdan qocholmadi, baribir. «Ufa» bosh murabbiyi Aleksey Stukalov o‘yindan so‘ng Ostonni alohida maqtadi: «O‘runov ayni payt 45-60 daqiqa o‘ynashga tayyor. U bugun bir qator vaziyatlar yaratdi, raqibga katta bosim o‘tkazdi. Futbolchidan talabimiz ham shu». «Lokomotiv» - «Nijniy Novgorod» uchrashuvida ham aynan 2:1 hisobi qayd etildi. Afsuski, shu uchrashuvda safga qaytgan «Nijniy Novgorod» himoyachisi Ibrohimxalil Yo‘ldoshev 52-daqiqada yana jarohatlandi va zaxiraga olindi. Aytgancha, «Nijniy Novgorod» Ibrohimxalil bilan o‘rtadagi shartnoma muddati 2025 yilgacha uzaytirilgani rasman tasdiqladi. Hamyurtimizning o‘zi esa kelajakda Ispaniya chempionatida o‘ynashni xohlashini yashirmadi: «Oldindan Ispaniya ligasiga mehrim baland. Ha, ko‘pchilikka Angliya chempionati manzur. Lekin har bir chempionatni o‘ziga yarasha ustun tomonlari va muxlislari bor. O‘ylashimcha, o‘yinim Ispaniya chempionatiga mos tushsa kerak. Har holda, ko‘pchilik shunday fikr bildiradi. Agar bitta klubni tanlash so‘ralsa, «Barselona»da o‘ynashni xohlayman. Bu - orzu».
Legionerlarimizning OCHL guruh raundi
5-turidagi ishtiroklari
Otabek Shukurov: «Sharja» (BAA) safida «Al-Hilol» (S.Arabistoni)ga qarshi o‘yin (2:2)da 90 daqiqa, sariq kartochka
Aziz G‘aniyev: «Shabab Al-Ahli» (BAA) safida «Ahal» (Turkmaniston)ga qarshi o‘yin (2:1)da 86-daqiqa
Muhamamad Isayev: «Istiqlol» (Tojikiston) safida «Al-Rayyan» (Qatar)ga qarshi o‘yin (0:1)da 90 daqiqa
-------------------------------------
Qozog‘iston chempionatidagi legionerlarimiz qaysi yevrokuboklarda ishtirok etishlari mumkin?
Igor Sergeev: «Tobol» bilan CHL saralashida
Jasur Jaloliddinov: «Qayrat» bilan KL saralashida