Lissabonning «Benfika» klubi nihoyat, yana yevrokubok sohibiga aylandi. Jamoa tarbiyalanuvchilari yoshlar o‘rtasidagi Yevropa Chempionlar Ligasi-2021|2022 bosh sovriniga ega chiqishdi.
Diqqat qiling, Portugaliya drujinasi tizimidagi jamoalar bunga qadar yevrokuboklar miqyosidagi 11ta finalda mag‘lublikni tan olishgandi. Eng qizig‘i, 60 yil davomida ko‘pchilik «Benfika»ning ushbu omadsizliklarini sobiq murabbiy Bela Guttmann qarg‘ishi bilan bog‘lab keldi.
«Bela Guttmann qarg‘ishi» - bu nazariya haqida ko‘p gapirilgan, yozilgan va aksariyat muxlislar gap qanday la’nat xususida borayotganini bilishsa kerak. Bundan xabari yo‘q yoki unutganlarga eslatma: Guttmann 1962 yili «Benfika» bilan Yevropa Chempionlar kubogi turnirida ikkinchi marta g‘alaba nashidasini suradi va rahbariyatdan maoshini oshirishni so‘raydi. Biroq klub murabbiy talabini qondirmaydi. Natijada Guttmann «Benfika»ni boshqarishdan bosh tortadi, lekin ketishi oldidan keyinchalik o‘ta mashhurlashgan va ko‘p muhokama qilingan gapni aytadi. «Benfika» mensiz 100 yil davomida birorta yevrokubok yutolmaydi» - alamzada Guttmannning alamga yo‘g‘rilgan so‘zlari shunday yangragan edi.
Murabbiyning bu so‘zlari nega qarg‘ish darajasiga chiqdi? Hammasi oddiy, Lissabon jamoasi shundan keyin chindan ham, yevrokuboklarda mislsiz muvaffaqiyatsizliklarni ko‘rdi. Mana, o‘zingiz e’tibor qarating:
** 1963 yil - Yevropa Chempionlar kubogi finalida «Milan»ga qarshi o‘ynadi va avvaliga hisobda oldinga chiqib olgan bo‘lsada, yakunda mag‘lubiyatni tan oldi - 1:2.
** 1965 yil - yana Yevropa Chempionlar kubogi finali, yana Italiya klubiga qarshi o‘yin, yana mag‘lubiyat. Lissabonliklar bu safar «Inter» oldida ojiz qolishdi - 0:1.
** 1968 yil - Yevropa Chempionlar kubogining navbatdagi samarasiz finali. «Benfika» uning asosiy vaqtida durang natija bilan cheklandi, keyin qo‘shimcha bo‘limlarda «MYU» oldida shunchaki, «kuyib» qoldi - 1:4.
** 1983 yil - navbat UYEFA kubogiga. Portugaliyaliklar finalda «Anderlext» bilan kuch sinashishdi va 0:1 hamda 1:1 hisoblaridan keyin yana yevrokuboksiz qolishdi.
** 1988 yil - Yevropa Chempionlar kubogi finalida PSV bilan tengma-teng o‘ynagan Portugaliya jamoasi penaltilar seriyasida omadsizlikka yo‘liqdi.
** 1990 yil - Yevropa klub futbolining bosh turnirida Guttmann qarg‘ishidan keyingi hisob bo‘yicha 5-final. Raqib - «Milan». Natija - 0:1. Izohga til ojiz.
** 2013 yil - Yevropa Ligasi finali. Lissabonliklar «Chelsi»ga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida gol qo‘yib yuborishdi va hisob 1:2 ko‘rinishini oldi.
** 2014 yil - «Benfika» uchun Yevropa Ligasining ikkinchi finali ham omadsiz yakunlandi. «Sevilya» bilan bahs penaltilar seriyasigacha cho‘zildi, ammo yakunda yana mag‘lubiyat.
** 2014 yil - yoshlar o‘rtasidagi CHL finali. Jamoa tarbiyalanuvchilari «Barselona» oldida hech nima qila olishmadi - 0:3.
** 2017 yil - yoshlar o‘rtasidagi CHL finalida bu safar «Zalsburg»ga 1:2 hisobida imkoniyat boy berildi.
** 2020 yil - yoshlar CHLning navbatdagi final. Yosh «burgutlar» «Real» tarbiyalanuvchilariga munosib qarshilik ko‘rsatishdi, ammo yakunda 2:3 hisobini tan olishdi.
Xullas, jami 11ta yevrokubok finali va barchasida mag‘lubiyat. Shu joyda bitta fakt: joriy yilga qadar o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi CHLning 7ta finalidan 3tasida «Benfika» ko‘rinish berdi, faqat natija yo‘q. Mana, lissabonliklar joriy yil yana hal qiluvchi o‘yinga chiqishdi. Ular bu safar «Dinamo» K., «Barselona» va «Bavariya» joy olgan guruhda 1-o‘rinni egallashdi, keyin navbati bilan «Midtyulland» hamda «Spor-ting»ni «nokaut»ga uchratishdi. «Yuventus»ga qarshi kechgan yarim finalda esa deyarli butun vaqt davomida son jihatidan ozchilik bo‘lib to‘p surgan «Benfika» penaltilar seriyasida g‘alabani ilib ketdi. Yakunda «Zalsburg» yoshlariga qarshi final portugaliyaliklar uchun bayramga ulandi - «burgutlar» raqib darvozasiga javobsiz 6ta gol urishdi. Dastlabki 15 daqiqada Netu va Arauxo o‘zlarini ko‘rsatishdi, ikkinchi bo‘limda esa Ndura, Arauxo va Semedu 16 daqiqa ichida 3ta gol yaratishdi. O‘yin oxirida Araujo «xet-trik»ni rasmiylashtirib, yakuniy nuqtani qo‘ydi - 6:0.
Bela Guttmann 1981 yili hayotdan ko‘z yumdi. U Vena shahriga dafn etilgan. «Benfika» afsonasi Eysebio 1990 yili Vena shahrida tashkillashtirilgan Yevropa Chempionlar kubogi finali arafasida qarg‘ishni qaytarib olishini so‘rash uchun Guttmann qabri ustiga kelgan. U 2013 yili ham shu ishini takrorlagan. Biroq iltijo va yolvorishlardan hech qanday naf chiqqani yo‘q. Har holda, «Benfika» kattalar miqyosida 8ta yevrokubok finalida mag‘lubiyatga uchradi. Darvoqe, Guttmann yoshlar o‘rtasidagi CHL haqida hech narsa bilmasdi, chunki bu turnir uning o‘limidan 32 yil o‘tgach, yo‘lga qo‘yildi. Ammo fakt shuki, «Benfika» bu musobaqa tarixidagi 8 mavsumdan yarmida finalga chiqib, atigi bir marta g‘alaba qozondi. Guttmann aytgan so‘zlardan naq 60 yil o‘tib...
R.IBROHIMOV tayyorladi