La Liganing 2021/22 yilgi mavsumi ham yakunlandi. Ispaniyada chempionlik poygasi oxirgi turlargacha davom etmadi. "Real Madrid" ancha erta, aniqrog‘i 34-turga keliboq, chempionlikni rasmiylashtirdi. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham La Ligada har doimgidek qiziqarli bo‘ldi. Shu sabab bugun yakuniga yetgan Ispaniya chempionatiga batafsil to‘xtalmoqchimiz.
Chempion: “Real Madrid”
Chempionlar ligasi: “Real Madrid”, “Barselona”, “Atletiko Madrid”, Sevilya”
Yevropa ligasi: “Betis”, “Real Sosyedad”
Konferensiyalar ligasi: “Vilyarreal”
Elitani tark etganlar: “Granada”, “Levante”, “Alaves”
La Ligaga chiqqan jamoalar: “Almeriya”, “Valyadolid” va pley-off g‘olibi (“Jirona”, “Eybar”, “Tenerife” yoki “Las-Palmas”)
Mavsumning eng yaxshi to‘purari
Mavsum boshida Karim Benzema La Liganing eng yaxshi to‘purariga aylanishini taxmin qilsak, ko‘pchilik ishonmasligi aniq edi. Ammo “Real” hujumchisi 27 ta gol urdi va musobaqaning eng yaxshi “bombardir”iga aylandi. Bu 34 yoshli futbolchining faoliyatidagi eng yaxshi ko‘rsatkichdir. 2-o‘rinni egallagan to‘purarlar Karimdan juda katta farq bilan ortda qoldi. “Selta” a’zosi Yago Aspas 18 ta gol urgan bo‘lsa, kuchli uchlikni “Espanyol” hujumchisi Raul de Tomas va “Real” vingeri Vinisius Junior yakunlashdi. Har ikki futbolchi hisobida 17 tadan gol bor.
Mavsumning eng yaxshi assistenti
Benzema bu sovrinni ham o‘ziniki qilib olishi mumkin edi, ammo Usmon Dembele bunga yo‘l qo‘ymadi. "Barselona" vingeri 13 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan bo‘lsa, “Real” hujumchisi 12 marta sheriklarining gol urishiga imkon yaratib bergan. Shu bilan birga, Dembele Benzemadan 11 o‘yin kam o‘tkazganini unutmaslik kerak. Vinisius (“Real”), Xordi Alba (“Barselona”), Iker Muniain (“Atletik”) va Dani Parexo (“Vilyarreal”) hisobida 10tadan golli bor. Dembelening mahorati keyingi mavsum kataloniyaliklar uchun juda foydali bo‘lardi, ammo uning klub bilan shartnomasi 30 iyunga qadar amal qiladi va hali yangi bitim borasida kelishilmagan. Fransiyalik futbolchining kelajagi noaniqligicha qolmoqda.
“Gol+pas” bo‘yicha eng yaxshi o‘yinchi
Bu borada Benzemaga teng keladigani yo‘q. "Real" forvardi “gol+pas” tizimida 39 ochko to‘pladi (27+12), bu La Ligadagi eng yaxshi natija hisoblanadi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha fransuzdan keyin uning jamoadoshi bormoqda. Vinisius 27 ochko to‘pladi (17+10). Kuchli uchlikni 24 ochko (18+6) bilan “Selta” futbolchisi Yago Aspas yakunladi. Haqiqatdan ham Benzema faoliyatidagi eng yaxshi mavsumni o‘tkazdi. Hujumchi jamoasiga Ispaniya chempionati va Chempionlar ligasida g‘alaba qozonishiga yordam berdi. Fransuz haqli ravishda "Oltin to‘p" uchun asosiy da’vogar sanaladi.
Mavsumning eng yaxshi darvozaboni.
"Real Madrid" darvozaboni Tibo Kurtua yilni ajoyib o‘tkazganiga hech kim shubha qilmaydi. Lekin baribir mavsumning “eng yaxshi darvozaboni” unvoni haqli ravishda Aleks Remiroga berilishi kerak. "Real Sosyedad" posboni 19 marta o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan. O‘yinlarning 54,3 foizida ispaniyalik kiper nolga o‘ynadi. Ikkala ko‘rsatkich bo‘yicha u La Ligadagi eng yaxshi ko‘rsatkichini qayd etgan. U chempionatda basklarga kuchli oltilikda kirishiga va keyingi mavsumda Yevropa ligasiga o‘ynashiga yordam berdi. Bu "Real Sosyedad" uchun yaxshi natija hisoblanadi.
Mavsum omadsizligi
“Barselona” ham, “Atletiko” ham chempionlik uchun kurashda “Real” bilan raqobatlasha olmadi. Kataloniyaliklarda mavsum o‘rtasida murabbiy almashtirdi. Diyego Simeonening so‘zlariga ko‘ra, "matraschilar"ga himoyachilarning jarohatlari xalaqit bergan. Shu sabab, "Real Madrid"ga ko‘proq muammo tug‘dirgan jamoa "Sevilya" bo‘ldi. "Barselona" va "Atletiko" o‘z muammolarini hal qilar ekan, andalusiyaliklarning chempionlik uchun kurashda faqat bitta raqibi bor edi. Ammo, tez-tez bo‘lganidek, "Sevilya" butun mavsum uchun kuchini taqsimlay olmadi. Natijada klub La Ligada kataloniyaliklardan ham, “matraschilar”dan ham ortda qolib, atigi 4-o‘rinni egalladi. Bu mavsumning asosiy omadsizligi bo‘lsa kerak.
Mavsum rekordlari
Florentino Peresning Karlo Anchelottini murabbiylik lavozimiga qaytarish to‘g‘ri qarori bo‘lganiga endi hech kimda shubha yo‘q. "Qaymoqranglilar" La Ligada yaxshi mavsum o‘tkazishdi va muddatidan oldin chempionlikni qo‘lga kiritishdi. Italiyalik mutaxassis Yevropaning kuchli beshlik chempionatlarining hammasida g‘alaba qozongan tarixdagi birinchi murabbiyga aylandi. Ha, Karlo asosan top-klublarda ishlagan, ammo baribir uning yutug‘i zo‘r natija. Bundan tashqari, Anchelotti murabbiylar orasida birinchi bo‘lib Chempionlar ligasida 4 marta g‘alaba mutaxassisga aylandi.
Mavsum kambeki
Noyabr oyida "Barselona" Ronald Kumanni iste’foga chiqardi va Xavi Ernandesni bosh murabbiy etib tayinladi. U o‘z navbatida kataloniyaliklar uchun Qatarning "As-Sadd" klubini tark etdi. Xavining "Barselona"ga qaytishi La Liga eng muhim voqealaridan biri bo‘ldi. "Barselona" qanday natijalarga erishgan bo‘lishidan qat’iy nazar, Xavi har doim futbolchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. O‘tgan mavsum kataloniyaliklar uchun omadsiz keldi. Boshqa tomondan, Xavi hech bo‘lmaganda o‘ziga qo‘yilgan vazifani uddaladi. Jamoani Chempionlar ligasiga olib chiqa oldi.
Jamshidbek Mahmudov tayyorladi