«Barselona» Markus Reshfordni qaytarish imkoniyatidan butunlay voz kechmagan. TEAMtalk ma’lumotiga ko‘ra, kataloniyaliklar «Manchester Yunayted» hujumchisining vakillari bilan aloqani davom ettirmoqda.
Angliyalik futbolchi o‘tgan mavsumni ijara asosida «Barselona» safida o‘tkazib, barcha musobaqalarda jami 28 ta golli harakatni amalga oshirgan. Shunga qaramay, kataloniyaliklar uni 30 mln yevroga sotib olish huquqini faollashtirmagan va uzoq muddatli variant sifatida Entoni Gordonni tarkibga qo‘shgan.
Reshford «Manchester Yunayted»ga qaytdi va bosh murabbiy Maykl Kerrik uni asosiy jamoa mashg‘ulotlariga jalb qildi. Biroq 29 yoshli hujumchining «Old Trafford»dagi kelajagi hamon noaniq bo‘lib, transferlar oynasi yopilguniga qadar ketishi istisno qilinmayapti.
«Barselona» dastlab futbolchini yana ijaraga olishni istagan. Reshfordning mankunianliklar bilan shartnomasi yana ikki yil amal qilishi sababli «Yunayted» faqat doimiy transferni ko‘rib chiqishga tayyor bo‘lgan. Shuning uchun kataloniyaliklar sotib olish huquqidan foydalanmagan.
Reshfordning o‘zi Ispaniyaga qaytishga qarshi emas. Ammo «Manchester Yunayted» majburiy sotib olish sharti kiritilgan ijara taklifiga rozi bo‘ladimi, hozircha noma’lum.
Robert Levandovski va Ferran Torresning ketishi, Runi Barjining esa jiddiy jarohat olishi natijasida «Barselona»ga yana bir hujumchi zarur bo‘lib qoldi. Gordon va Karim Adeyemi xarid qilingan bo‘lsa-da, klub hujum chizig‘ini kuchaytirish ishlarini yakunlamagan.
Ayni paytda asosiy maqsad Xulian Alvares bo‘lib turibdi. Agar «Atletiko» bilan kelishuvga erishilmasa, Reshford yana «Barselona»ning jiddiy transfer variantiga aylanishi mumkin.













