«Manchester Yunayted» transferlar va maoshlarga pul sarflashga ko‘nikkan - endi esa xarajatlarni tartibga keltirishga to‘g‘ri keladi.
Mavsum-2016|2017da jamoa Deloitte Football Money League reytingida birinchi o‘rinni egallagandi (676,3 mln. yevro daromad) - 2020|2021 yakunlariga ko‘ra, 5-pog‘onaga sho‘ng‘idi (558 mln.).
Mabodo, «Yunayted» yangi moliyaviy yilda pozisiyasini yo‘qotmasa, keyingisida aniq «cho‘kishi» aniq - klub Chempionlar Ligasi orqali keladigan yog‘likkina mukofotlardan mosuvo.
Joriy mavsum «MYU» CHLda minimum 52 mln. funt ishladi. Solishtirish uchun: Yevropa Ligasi g‘olibi «Ayntraxt»ning mukofot puli 21,7 mln. yevro (18,4 mln. funt)ni tashkil etdi. To‘liq moliyaviy taqsimot yo‘q, ammo biz klubning joriy va o‘tgan mavsum o‘rtasi - 1 iyuldan 31 dekabrgacha bo‘lgan davrdagi rasmiy hisobotlarini solishtirishimiz mumkin. Ular ichida ikki jihat alohida e’tiborga molik:
*** Ronalduning futbolkasi sotuvidan 400 trilliard (istalgan summani yozing) ishlangani - safsata. Bu - yulduzlarning familiyasi ularning transferi va maoshi uchun sarflangan pullarni oqlash uchun yetarli emasligiga yana bir misol.
*** 2021 yilning ikkinchi yarmidagi «matchdey» va klubning umumiy daromadi oshgan, lekin bu «MYU»ning xarajatlaridan daromadlari ortiqligini anglatmaydi.
Sabab - transferlar va maosh fondining kengaygani. Kvartallar o‘rtasidagi solishtiruvlar ko‘rsatmoqdaki, yilning birinchi choragidagi maoshlar xarajati 71,9 (yiliga 287,6) mln.dan 88,5 (yiliga 354) mln.gacha - bir yilda 23,1 foizga oshgan! Klub endi Chempionlar Ligasi o‘rnini qoplash uchun shu bilangina cheklanadi.
Daily Mail xabariga ko‘ra, «Brayton»ga 0:4 hisobida imkoniyat boy berilgach (shu uchrashuvdan keyin «MYU» YECHLga chiqishdan batamom mahrum bo‘lgandi), ayrim yulduzlarning shartnomalaridagi bandlar faollashdi - De Xea va Ronaldu bilan bog‘liqlari ma’lum: ispaniyalik kiper va portugaliyalik hujumchining maoshi 25 foizga qisqaradi. Ya’ni, klub ikki yulduzdan 11 mln. funt tejaydi. Bunaqasi mavsum-2018|2019 yakunida («Manchester Yunayted» 6-o‘rinni egallaganda) ham kuzatilgan: maoshlar qisqarib, kelgusi yil yana avvalgi holiga qaytgandi.
Eng ko‘p pul oladigan futbolchilar maoshini qisqartirish - xarajatlarni kamaytirishning yagona chorasi emas. Yakunlangan mavsumda deyarli maydonga tushmagan 6 futbolchi yozda «MYU»ni erkin agent maqomida tark etishadi. Yetakchilar maoshining qisqarishi va Pogbaning ketishi orqali jamoa qariyb 60 mln. funtni tejaydi - bu «qizil iblislar»ning yevrokuboklar joriy mavsumida ishlab topgan pulidan ko‘proq demakdir.
«MYU»dagi maoshlar bo‘yicha top-o‘nlikda kelgusi mavsum sezilarli o‘zgarishlar kuzatiladi. Jamoani tark etadigan Xuan Mata ham shular jumlasidan: ispaniyalik futbolchi haftasiga 160 ming yoki yiliga 8,3 mln. funt ishlab topardi. Shuningdek, sotilishi deyarli aniq bo‘lib ulgurganlar ham yo‘q emas - ular orasida haftasiga 250 ming funt oladigan Antoni Marsyal bor. Ro‘yxatdagilardan yaxshigina jamoa tuzsa bo‘ladi.
«MYU»ning ortiqcha yuklardan qutulishi aniq. Endi oldinda eng qiyini bor - yangi daxmazalar bilan shartnoma imzolamaslik.