«Barselona» «Gamburg»ning 16 yoshli markaziy himoyachisi Mikael Bazani transfer qilishga yaqin turibdi. Sky Sport Germany ma’lumotiga ko‘ra, kataloniyaliklar va Germaniya klubi futbolchining o‘tishi bo‘yicha to‘liq kelishuvga erishgan. Rejaga ko‘ra, Baza seshanba kuni tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va shundan keyin 2029 yilgacha mo‘ljallangan shartnomani imzolaydi.
16 yoshli himoyachi hozir «Gamburg»ning U-19 jamoasi safida to‘p tepmoqda. U chap oyoqda o‘ynaydigan markaziy himoyachi bo‘lib, bo‘yi 1,93 metr. Mundo Deportivo ma’lumotiga ko‘ra, Hansi Flik futbolchining salohiyatini yuqori baholagan va uning transferini shaxsan qo‘llab-quvvatlagan. Nemis klubi muzokaralar davomida taxminan 250 ming yevro va bonuslar talab qilgan.
Transfermarkt ma’lumotlarida Bazaning «Gamburg» bilan amaldagi shartnomasi 2027 yil yozigacha ekani qayd etilgan. Portal hozircha futbolchining bozor qiymatini belgilamagan. U 2024 yilda «Gamburg» akademiyasiga qo‘shilgan, o‘smirlar jamoalarida o‘ynagan va joriy mavsumda klubning ikkinchi jamoasi safida Regionalliga Nord turnirida ham debyut qilishga ulgurgan.
«Barselona» Bazani darhol asosiy jamoaga jalb qilmoqchi emas. Dastlab u klubning U-19 tarkibi va «Barsa Atletik»da rivojlantiriladi, keyin esa bosqichma-bosqich Hansi Flik jamoasiga yaqinlashtiriladi.
Baza Germaniyaning yoshlar terma jamoalarida ham muntazam qatnashib kelgan. Qizig‘i, u «Bavariya» va Germaniya milliy jamoasi himoyachisi Jonatan Taning amakivachchasi hisoblanadi. Ikki futbolchining manfaatlarini taniqli agent Pini Zaxavi boshqaradi.













