Devid Bekxemning multimillionerga aylanishida ommaviy Gollivud obrazi yaratilishini ta’minlagan turmush o‘rtog‘i Viktoriyaning hissasi katta bo‘lsa, Jerar Pikening holatida rafiqasi Shakira erining moliyaviy ishlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador emas.
«Barselona» himoyachisi pullarni juda yaxshi ko‘radi. Futbolga qiziqishi so‘ngan ko‘rinadi, lekin boyligini oshirishda faol. Pikening kompaniyasi Grizmann haqida hujjatli film suratga olgani, unda fransuz hech qanaqasiga «ko‘k-anorranglilar» safiga qo‘shilmasligi, «Atletiko»da qolishini aytgani muxlislar yodida.
Shuningdek, Pike Laportaga Messini qo‘yib yuborishni, shu tariqa «Barselona»ning moliyaviy mustaqilligini yangilashni tavsiya qilgani haqida gap-so‘zlar tarqalgandi. Lionel bilan yangi shartnoma klubni «cho‘ktirishi» mumkin edi, ishqibozlar noroziligidan esa bir amallab qutulsa bo‘ladi. Mazkur holatda Jerar barcha vise-sardorlarni maoshlarini kamaytirishga ko‘ndirib, o‘zi ham shunday yo‘l tutgandi. O‘zi Pike muvaffaqiyatli biznesmenmi? Amrimahol. Uning ixtiyorida ko‘plab kompaniyalar bor - ko‘chmas mulk, kibersport, oziq-ovqat va ichimliklar, investisiya idoralari, Devis kubogiga o‘xshash sport turnirlari shular jumlasidan.
Pike birdaniga barcha tarmoqni qamrab olishni istaydi, bir ishi o‘xshamasa, e’tiborini keyingisiga qaratadi. Himoyachining futbol maydoni tashqarisidagi yumushlarga ko‘p vaqt sarflayotgani «Barselona»dagilarga yoqmayapti. Osiyo, Yaqin Sharq va AQSHga biznes bilan bog‘liq masalalar yuzasidan amalga oshiriladigan parvozlarning o‘zi qancha fursatni o‘g‘irlaydi. Jahon va Yevropa chempionining o‘yini ham o‘rtahol bo‘lib qoldi, tez-tez xatolarga yo‘l qo‘ymoqda. Yosh ham o‘z so‘zini aytyapti, qolaversa, chetdagi loyihalar ham xalal bermoqda. Hozircha Pike cheksiz boylik orttirish ilinjida izlanmoqda. Jarohatlar sabab ko‘p o‘yinlarni o‘tkazib yuboryapti.
Ma’lum bo‘lishicha, Ispaniya Superkubogi uchrashuvlarining Yevropadan Saudiya Arabistoniga ko‘chirilishida aynan «Barselona» himoyachisining aloqasi bor ekan. Dastlab bu ma’lumotni yashirishdi, zero, o‘rtada manfaatlar to‘qnashuvi bor - musobaqaning doimiy ishtirokchisi turnirni AQSH yoki Qatarga emas, saudiyalik shayxlarga topshirmoqda. Obro‘ muhim, agar jahonda seni nohaq deb topishsa - ertami-kech buning badalini to‘laysan. Futbol biznesida ham xuddi shunday. Rubialesning qo‘llab-quvvatlashidan foydalangan Pike pul topishning o‘ziga xos yo‘lini o‘ylab topdi.
La Liga rahbari Tebas Primera o‘yinlarini AQSH va Kanadada o‘tkazishga xayrixoh, shu tariqa Ispaniya chempionati ko‘p pul topishidan umidvor. Pike esa Rubialesni mamlakat Superkubogi formatini o‘zgartirishga ko‘ndirdi. Endilikda ikkita o‘yindan iborat final o‘rniga to‘rt ishtirokchidan iborat mini-turnir o‘tkazilmoqda, mazkur holatda final bahslarini chetga olib ketishni xohlayotgan xorijliklar nafaqat Ispaniya futbol federasiyasiga, balki vositachilarga ham pul to‘lashga tayyorliklarini bildirishgan. Buni qarangki, muzokaralarni o‘tkazgan kompaniya Ispaniya fuqarosi va «Barselona» himoyachisi Jerar Pikega tegishli investisiya jamoasi ekanligi oydinlashdi.
Hozir Rubiales va Pike advokatlar maslahatiga ko‘ra, yana o‘sha holatni takrorlashmoqda - ularning telefon so‘zlashmalarini yozib olish qonunga xilof. Ammo matbuot allaqachon kerakli ma’lumotlarga ega bo‘lgan, so‘z erkinligi esa har qanday rivojlangan jamiyat mavjudligining asosidir. Yuristlar Luis va Jerarga kelishuv tafsilotlari haqida gapirmaslikni tavsiya qilishmoqda, zero, barchasi mulozim va biznesmen aytgandek shaffofmi yoki yo‘qmi, noma’lum. Axir, Superkubokni Saudiya Arabistonida o‘tkazish bo‘yicha kelishuv imzolashning nimasi g‘alati? Unchalik mashhur bo‘lmagan mini-turnirni bozorga xos bo‘lmagan narxda sotishdi. Avvallari ikki finaldan keyin arzimagan pul kelardi, endi esa gap bir mavsum uchun to‘lanadigan 40 mln. yevro haqida bormoqda.
Biznesmenlar kulrang hududlarda yurib, omon qolishadi, Jerar hozir aynan shunday rolda. Mulozim esa shubhali kelishuvlar ortidan joyini yo‘qotishi mumkin, ayniqsa, Rubialesning ikki ashaddiy dushmani - Tebas va Peres birgalikda hujum qiladigan bo‘lishsa. Muammo shundaki, Pike muzokaralarga aralashib, ispan futboli taqvimiga javobgar tashkilot rahbarini Ispaniya Superkubogi bahslarini avgustdan yanvarga ko‘chirishga ko‘ndirdi. Bu odatiy mavsum roza qizigan palla, shu paytda Saudiya Arabistoni mehmonlarni kutib olish, «Real» va «Barselona» ijrosidagi katta futbolni kuzatishga tayyor holda bo‘ladi. Tijoriy tomondan manfaatli, futbol nuqtai nazaridan esa - unday emas.
Negadir, kelishuvdan tushadigan summaning 10 foizi Pike kompaniyasiga tegadigan bo‘ldi, nega buncha ko‘p? Boz ustiga, yagona to‘lov ham amalga oshirilgan, shu bois Jerarning firmasi orqali 30 mln. yevro o‘tadi. Vositachilikning tushunarsiz yo‘li, axir Saudiya Arabistonida Suveren fond bor, ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara o‘tkazish mumkin. Shahzoda «Nyukasl»-ni sotib olgan payt bu fond haqida eshitgan bo‘lishingiz turgan gap. Undan chiqqan pullar, jumladan, sport loyihalariga ham sarflanadi. Maqsad - Arabistonning monarxiyaga asoslangan mamlakatida inson huquqlari buzilishi haqida tez-tez qalam tebratadigan yevropaliklarning og‘zini yopish. Biznesda obro‘ muhim va saudiyalik shahzodalarning omma orasida taniqli advokatlarni qidirishayotgani ham bejiz emas.
Agar hujjatlar to‘g‘ri rasmiylashtirilgan bo‘lsa, Pike jabr ko‘rmasa kerak. Ammo fakt shuki, Rubiales suhbatlar jarayonida Jerarga ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorlik bildirdi - himoyachi Messi va boshqa yulduzlarni maxsus videomurojaatni yozishga ko‘ndirdi, rolik esa Superkubokning kerakli sanaga ko‘chirilishida asqotdi. Bu vaqt mobaynida Ispaniya prokuraturasi ishini davom ettirib, vositachilar va mulozimlar o‘rtasida amalga oshirilgan maxfiy to‘lovlarni qidirishi mumkin. Mana shuning o‘zi kriminal deyiladi, agar dalillar jinoyat izlari borligin tasdiqlasa, Rubiales kamida lavozimidan ayriladi, bundan ham yomoni - qamoqqa olinadi.
Kataloniyalik yigitlarning noqonuniy ishlarini tekshirish bo‘yicha Ispaniya hukumatiga ikki marta so‘rov jo‘natishga ehtiyoj yo‘q, «Barselona»ning sobiq prezidenti hibsga olindi, Bartomeu ham erta xursand bo‘lmoqda - uni olib kegani ham kelishlari mumkin. Pike ularning achchiq tajribasini inobatga olganda, Saudiya Arabistoni bilan kelishuvlarni toza amalga oshirardi. Agar telefon so‘zlashuvlari chetga tarqagan bo‘lsa, audioning qolgan qismi huquq-tartibot organi xodimlariga yetib borgan, ehtimol. Mabodo, yozuvlarda Rubialesga to‘lov amalga oshirilganini isbotlaydigan ma’lumotlar bo‘lsa yoki deylik, arab milliarderlarini, to‘lov o‘z vaqtida oshirilmasa, Superkubok turnirini amerikaliklarga berib yuborish bilan shantaj qilingani aniqlansa, bu endi Ispaniya futbol federasiyasiga zarba beradi.
Mulozim va korrupsiya bir-birisiz yasholmaydimi? Bu savolga javobni muhokamalardan keyin topamiz, hozircha esa, Rubiales Ispaniya Superkubogi ishtirokchilaridan biriga turnirni sotish bo‘yicha muzokaralarda qatnashish bo‘yicha iltimos bilan chiqib, manfaatlar to‘qnashuviga aralashib qoldi. «Real» va «Barselona» sukut saqladi, zero har ikki jamoa 8 mln. yevrodan mablag‘ga ega bo‘ldi, Peres ham Mbappeni qo‘lga kiritish yo‘lida har bir millionning ahamiyati yuqoriligini yaxshi biladi. Pike esa ushbu voqealar asnosida «Barselona»ni tark etish muddatini yaqinlashtirmoqda, axir Laporta boshqa yozuvlarda Jerarning u va klub haqida aytganlarini eshitishi mumkin. Futbolchi kelgusida «Barsa» boshqaruvini egallamoqchiligini yashirmadi, demakki, Joan Pike siymosida hamroh emas, raqobatchini ko‘rishi tayin.
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi