Ronaldu abadiy «MYU»ning afsonaviy futbolchisi bo‘lib qoladi. Biroq, uning yorqin faoliyati yakuniga yetmoqda. Aytish mumkinki, «qizil iblislar» usiz yaxshiroq jamoa sifatida shakllanadi. Bunga bir qancha sabablar mavjud.
Portugaliyalik futbolchi qariyb bir yil ilgari «Old Trafford»ga qaytgandi. Garchand mavsum davomida 24 ta gol urishga erishgan bo‘lsa ham, uning bu qaytishi omadli bo‘ldi deya olmaymiz. Bunga sovrinsiz hamda YECHL yo‘llanmasisiz qolgan jamoani misol qilib keltirsa bӯladi. Quyida Erik ten Xag Ronalduni ketkazish borasida ro‘kaj qilishi mumkin bo‘lgan 5 ta sababni ko‘rib chiqamiz.
1. Yosh muammosi
37 yoshli futbolchining faoliyati tugab borayotganini hamma biladi. Hatto uning o‘zi ham! Ha, u hali-hamon istalgan jamoaga bir mavsumda 20 tadan ko‘proq gol taqdim etishi mumkin. Biroq, «MYU» hujumi bugun yoshroq forvardlarga muhtojlik sezmoqda. Kelayotgan mavsumda Ronaldu jamoada qolar. Lekin undan keyin, katta ehtimol bilan boshqa tomonga, balki Portugaliyaga yo‘l oladi. Aslida shunday bo‘lishi ham kerak. Negaki, ten Xag uzoq muddatlik jamoa shakllantirish uchun olib kelindi. Ronalduning ketishi esa «MYU»ning nostalgiyali davriga chek qo‘yadi va qayta qurish davrini boshlab beradi. Bu davr esa o‘tmishdagi shon-shuhratni unutib, faqat kelajakka e’tibor qaratadigan eradir.
2.Tizim qurish muammosi
Kimki ten Xagning «Ayaks»ini kuzatgan bo‘lsa, biladiki – u futbolchilarga nisbatan o‘ta talabchan mutaxassis. Uning jamoasi raqibga katta bosim qilishga moslashgan. Ronalduning jismoniy holati esa bunga ortiq bardosh bermaydi. 37 yoshli hujumchi uchun 90 daqiqa raqibga nisbatan pressingda o‘ynash – deyarli imkonsiz ish. Yana har hafta bu jarayon takrorlanaversa, tasavvur qilavering. Bunday talablarga yosh futbolchilar ham dosh bera olmaydi. Ten Xag buni yaxshi biladi. Shuning bois, keyingi mavsumdan Ronaldu o‘rniga yosh va golga haris hujumchilarni tarbiyalay boshlaydi. Ralf Rangnik bu borada ajoyib gap aytan edi:
«Chala pressing, xuddi chala homilador bo‘lishga o‘xshaydi. Bu esa imkonsiz narsa».
Ronalduning yuqori chiziqda pressingda ishtirok etmasligi, ten Xag g‘oyalariga zid harakat bo‘ladi. Shu sabab, u «Old Trafford»dan talabga javob bermaydigan futbolchilarni ko‘p ehtimol, yo‘qotadi. Hatto, u Ronaldu bo‘lsa ham.
3. Yetakchilik bilan bog‘liq muammo
Xabaringiz bor, Xarri Maguayr bu mavsumda sardor bo‘lgani uchun ham olam-olam tanqidlar ostida qoldi. 29 yoshli himoyachi har safar qizil kiyimni kiyganida, muxlislar undan norozi bo‘lardi. Ronaldu esa «bo‘shashgan» sardor, Maguayr oldida qat’iyatli ko‘rina boshladi. Balki, haqiqatdan ham Maguayr sardorlikka loyiq emasdir, bu borada o‘zgarish qilish keradir. Biroq, sardorlik bog‘ichini Ronaldu taqishi, «MYU» uchun faqat va faqat ortga (o‘tmishga) qaytish bo‘ladi, xolos. Ha, Ronalduda sardorlik borasida barchasi muhayyo. Ammo «MYU» bu ishni yillar davomida (balki o‘n yillar) bajaradigan xarakterli futbolchiga muhtoj. Ronalduda esa bunday imkon yo‘q. U ko‘pi bilan bir yilgina jamoada qoladi. Undan ortiq emas! Ronaldu jamoada ekan, kiyinish xonasida sardorlik borasidagi bahslar davom etaveradi. Bunga eng yaxshi yechim esa – Ronalduga chiqish eshiklarini ko‘rsatish!
4. Yosh hujumchilar bilan bog‘liq muammo
«MYU» bu yozda hujumchilaridan ajralmoqda. Edinson Kavani, Antoni Marsyal ketadi. Shunda, sof hujumchi rolida faqatgina Ronaldu qoladi, xolos. Aynan mana shu omil sabab, ten Xag rahbariyatdan 10 ga yaqin futbolchi, jumladan, hujumchilar xarid qilishni so‘ragan. Bu narsa esa tez orada amalga oshadi. Hujum uchun eng birinchi nomzod bu Darvin Nunyesdir. «Benfika» hujumchisi yuqori darajadagi pressing uchun moslashgan o‘yinchi. Uni xarid qilish, har tomonlama foydali bo‘lardi. Biroq, Ronaldu bundan xursand bo‘lmasligi aniq. Negaki, u mavsum davomida ikkinchi raqamli bo‘lishni istamaydi. Albatta, Ronaldu darajasidagi futbolchi zaxirada o‘tirishga loyiq emas. Erik ten Xagning ustuvor yo‘nalishi esa shuni taqozo etadi. Qarabsizki, yana janjalli vaziyat yuzaga keladi. Shu sabab, Ronaldu ketgani yosh hujumchilar uchun, jamoa uchun foydaliroqdir.
5. Moliyaviy muammo
«MYU» keyingi yilda yana bir asosiy futbolchisini tekinga qo‘yib yuborishga majbur bo‘ladi. 37 yoshli Ronaldu jamoani bir yil ichida erkin agent sifatida tark etadi. Ammo uning transferi muhim narsa emas. Bunda eng muhimi – Ronalduning maoshi. Ayni damda u haftasiga 500 ming funt oladi. Ana shu pullar uzoq muddatli loyihalar uchun sarflansa, maqsadga muvofiqroq bo‘lardi. Masalaning bu tomoni ham yuqoridagilaridan kam ahamiyatga ega emas. To‘g‘ri, Ronaldu klub g‘aznasiga tijoriy soha orqali katta foyda keltirar. Ammo futbol va muxlislar uchun – bu ahamiyatsiz. Shundog‘am, «MYU» o‘tgan o‘n yillik davomida futboldan ko‘ra biznesni ustun qo‘yib kelgan klub sifatida tanqidlarga uchrab kelayotgan edi. Bu yozda esa shu narsaga chek qo‘yish uchun yaxshi imkon mavjud.
Turgan gapki, «Manchester Yunayted» keyingi yil ham chempionlik uchun kurasha olmaydi. Lekin yangi mavsum klub uchun o‘ta muhim. Negaki, Erik ten Xagning nimalarga qodirligi, aynan 2022-23 yilda bo‘y ko‘rsatadi.
ingliz tilidan Jaloliddin ISMATOV tarjimasi