«Milan»ning angliyalik himoyachisi Fikayo Tomori mavsumning oxirgi qismida nihoyatda effektli o‘ynab, sara futbolchilar qatoriga qo‘shilganini isbatladi.
Yo‘q, u butun mavsumni yaxshi o‘tkazdi, lekin aynan finish marrasi yaqinlashgan sari faollikni oshirib, skudetto yutilishida katta rol bajardi. Xullas, Tomori - barqaror ravishda o‘sayotgan va allaqachon Yevropaning eng kuchli markaziy himoyachilaridan biriga aylangan futbolchi. U yakunda «Milan»ning barcha a’zolari qatori uzoq kutilgan chempionlikni 48 soat to‘xtovsiz nishonladi, muxlislarning ko‘chalarni to‘ldirishgani barchasiga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Bunday bayramga jamoada faqat Zlatan Ibragimovich tayyor edi. U klubdoshlariga oldinroq alohida yuzlandi: «Yigitlar, g‘alaba qozondik, endi tayyor turinglar, sizlarni chinakam telbalik o‘rab oladi». Fik The Guardian nashri muxbiriga bergan intervyusida shu va boshqa holatlar haqida so‘zlab berdi.
- Usti ochiq avtobuslar paradi. Bu qanday ekan?
- Ochig‘i, hech qachon bunchalik ko‘p olomonni ko‘rmagandim. Odamlar qatori 3-4, balki 5 kilometrga cho‘zildi. Masofani bosib o‘tish uchun esa bir necha soat sarflandi. Hammani ko‘chada baxtiyor ko‘rish... Yo‘q, manzarani to‘liq tasvirlab berolmayman.
- Umuman, skudettoga ega chiqishinglarga ishonganmidingiz?
- «Milan»dan hech kim bunday natija kutmagandi. Shuning uchun ham g‘alaba ikki hissa zavq ulashdi. Savolingizga kelsak, odamlar taxminda adashishganini isbotladik - bu barchamiz uchun ajoyib ish. Qisqasi, o‘zimiz yuqori marrani zabt etish missiyasini uddalay olishimizga ishongandik, buni bilardik.
- Mana, nihoyat Angliya milliy jamoasiga ham chaqirildingiz...
- Agar bu safar ham chaqirishmaganida «Nimalar bo‘lyapti...?» qabilidagi savol bilan boshimni qotirmasdim. Shu kunga qadar ham chetda qolganimdan vahima ko‘tarmadim, aksincha, bor e’tiborni o‘yinimni kuchaytirish va «Milan»ga ko‘proq yordam berishga qaratdim. Binobarin, milliy jamoaga kirishdan oldin barqaror o‘ynashing va ishonchni oqlashingga to‘liq ishonch hosil qilishing kerak.
- Italiya futboli himoya san’ati o‘sishingizda nechog‘li yordam bermoqda?
- Final o‘yini, ya’ni oxirgisidan keyin Barezini ko‘rdim - yoqimli holat. Umuman, qaysi tomonga boqmang, afsonalarga ko‘zingiz tushadi. Italiyalik himoyachilarda o‘z kuchlariga nisbatan shubha yo‘q. Bunda alohida biror futbolchini nazarda tutayotganim yo‘q, balki umumiy holda gapiryapman. «Maydonda hammasini bajara olaman, zimmamdagi vazifalarni mukammal bajaraman, har qanday holatda raqib mendan o‘tib ketolmaydi» - italiyalik himoyachilar xuddi shunday aqida bilan o‘ynashadi har doim. Xullas, «A» seriya o‘yinlari, shunday yondashuv o‘laroq, ancha kuchaydim, mislsiz tajriba to‘pladim. Italyanlarda yana g‘urur kuchli. Murabbiy ko‘rsatmalaridan bir parcha: «Qochishga urinayotgan raqibni to‘sib qo‘yishingga aslo shubhalanma, xavfli vaziyat yuzaga kelishiga yo‘l qo‘yma, jarima maydonida to‘qnashuvdan qoch...». Shunga o‘xshash kichik nyuanslar yetarli. Bonuchchi yoki Kyelliniga qarang... Ular nihoyatda kuchli, vaqtida televizorda o‘yinlarini ko‘rib, har ikkisidan nimadir olishga harakat qilganman. Hozir ham shunday. Italiyada hakamlar ozgina to‘qnashuvga ham hushtak chalaverishadi, shuning uchun ko‘p tashlanolmaysiz. Faqat boshqa chora qolmasa, ehtiyotkorlik bilan «podkat» usulini qo‘llashingiz mumkin. Oddiy aytganda, to‘pga egalik qilish uchun to‘g‘ri pozisiya tanlash va qo‘pollik ishlatmaslik muhim.
Yevro-2020 finalini qanday eslaysiz?
- Italiyaliklar hisobni tenglashtirganlarida ham, xotirjamlikni saqlab qolishga harakat qildim, yerga qarashni xohlamadim. Ammo penaltilar seriyasi boshlangach, davomini kuzatish qiyinlashdi. O‘sha vaqt Duomo maydoni yaqinida edim va italyanlar g‘alabani qanday nishonlashganini ko‘rdim. Esimda, tirbandlik tufayli u yerdan tezda chiqib ketolmadim. O‘sha lahzada Angliyada qanday alamli holat yuzaga kelganini ko‘z oldimga keltirdim. Axir finalda yutqazish... Shuning barobarida Italiyadagi g‘alaba shukuhi meni o‘zgacha ruhlantirdi ham.
- Italiya termasi mundialga chiqolmadi. Bu masala «Milan» kiyinish xonasida ham muhokama qilindimi?
- «Pley-off» o‘yiniga bizdan Tonali va Florensini chaqirishdi. Yigitlar klub mashg‘ulotlar bazasiga «Makedoniya» nomli italyancha mevali salat olib kelishdi. Gazetalarda ayyuhannos solishgani o‘z-o‘zidan tushunarli. Klubda esa Tonali va Florensiga dalda berdik: «Mayli, mevali salatga yutqazdinglar». Ha, Makedoniya termasi noqulay raqib bo‘lib chiqdi. Italiyada na futbolchilar va na muxlislar mag‘lubiyatni o‘ylashgandi. Salbiy natija xayollarining bir chetiga ham kelmagandi.
M.PO‘LATOV tayyorladi