Kirish Ro'yxatdan o'tish
15/11 02:00 Venesuela 1-1 Braziliya
15/11 04:30 Paragvay 2-1 Argentina
15/11 05:00 Ekvador 4-0 Boliviya
15/11 17:00 Indoneziya 0-4 Yaponiya

Luka Modrichdan intervyu: Mbappe, Benzema, YECHL, Anchelotti va “Bernabeu sehri” haqida

Luka Modrichdan intervyu: Mbappe, Benzema, YECHL, Anchelotti va “Bernabeu sehri” haqida

Baho:
+ | -1

“Real Madrid” yarim himoyachisi va 2018 yilgi “Oltin to‘p” sohibi Luka Modrich Marca nashriga intervyu berdi. Suhbat asosan Benzema, Mbappe, YECHL g‘olibligi, Anchelotti effekti va futbolchining kelajagi haqida bo‘lib o‘tdi.

Karim haqida

Benzema – bir vaqtning o‘zida o‘nlab iste’dod va kuch uyg‘unlashgan futbolchi! Men o‘ynagan eng buyuk futbolchilardan biri. Albatta, u “Oltin to‘p”ga loyiq, lekin men uchun u bu sovrinni ancha oldin qo‘lga kiritib bo‘lgan.

Birinchi kundanoq u bilan o‘ynash menga zavq bag‘ishladi va vaqt o‘tishi bilan Karim menga yanada qadrdon bo‘lib qoldi. Men u uchun xursandman, Karim bunga loyiq.

Ramos haqida

Mashg‘ulotlarga kelib, Serxio yo‘qligini tushunish qiyin edi. U menga birinchi kundanoq jamoaga moslashishga yordam berdi. U har doim mening salohiyatimga ishongan va qo‘llab-quvvatlagan. Biz ajoyib do‘st bo‘ldik.

Endi biz deyarli har kuni qo‘ng‘iroqlashamiz. Men u bilan o‘tkazgan vaqtlarimni sog‘inaman, lekin bu futbol – nima bo‘lishini hech kim bilmaydi.

“PSJ” bilan o‘yindagi “kambek” haqida

“PSJ” maydonidagi o‘yinda Karvaxal bilan almashtirilgandan so‘ng, men unga aytdim: “Karva, ko‘rasan, biz ularni “Bernabeu”da taslim qilamiz ko‘rasan”.

“PSJ”ni mag‘lub etishimizni bilardim – bu haqda hammaga aytdim. PSJdan keyingi bayram? Nega bunday qilganimni o‘zim ham bilmayman (kuladi).

“Parij” ustidan qozonilgan g‘alaba eng yaxshisi bo‘ldi, chunki Chempionlar ligasida g‘alaba qozonish uchun yaratilgan bu mega-jamoani qanday mag‘lub etishimiz mumkinligiga shubhalar ko‘p edi. “Tahlilchilar” bizni hisobdan chiqarishdi va shunga qaramay, biz daqiqalar sayin hamma narsani o‘zgartirdik.

Lekin Messini “El-klasiko”dan keyin boshqa rangli formada ko‘rish g‘alati edi. Neymar va Mbappe birlashganidan so‘ng dunyoning eng qimmat hujumi ushbu klubga tegishli bo‘lib turibdi.

Mbappe haqida

Hammamiz Mbappeni keladi, deb o‘ylagandik, lekin unday bo‘lmadi. Men har doim har qanday kontekstda hech bir futbolchi klubdan ustun emasligiga ishonganman. “Real Madrid” har qanday o‘yinchidan ustun turadigan buyuk klub va har doim shunday bo‘ladi

“Real Madrid” tarkibi haqida

Faxriylar va yoshlarning qorishmasi bu mavsumda g‘alaba qozonishimizning eng muhim sabablaridan biri. Valverde, Kamavinga, Rodrigo va Vinisius faxriylarga yangi hayot baxsh etdi. Alaba jamoamizga mukammal tarzda mos keldi va tajribani namoyish etdi.

“Keksalar” ketsa, yoshlar shu yerda qoladi va g‘alaba qozonishda davom etadi. Buning sababi, “Real Madrid” abadiydir.

“Don Karlo” haqida

Anchelotti futbolchilarga o‘ziga xos yondashuvni namoyish etdi. Uning harakatlari ijobiy va kamtarin, to‘g‘ri va xayrixoh. Hamma u bilan birga jangga borishga rozi.

Anchelotti ko‘plab o‘yinchilarning imkoniyatlarini to‘g‘ri baholadi, ularga xotirjamlikni singdirdi va muvaffaqiyatga olib keladigan o‘zaro muhit yaratdi.

Hamma biladigan narsani aytishga hojat yo‘q: Anchelotti va Zidan – bu kasbning cho‘qqisi! Natijalar o‘zlari uchun gapiradi.

Zidan ketganidan keyin aynan Anchelotti kerak edi. Ularning jamoaviy ish, bir xillik haqida qarashlari o‘xshash.

Anchelotti elita futbolidagi keskinlik, bosim va stressda xotirjamlik keltiradigan hamda jamoadagi munosabatlar muhimligini ta’kidlaydigan murabbiy. Shuning uchun hamma uni juda qattiq hurmat qiladi.

Chempionlar ligasi haqida

Menimcha, Chempionlar ligasidagi bu g‘alaba o‘zgacha bo‘ldi, chunki men har kuni o‘zimga “voy” deyman. Biz Fransiya chempionini, keyin Yevropa chempionini chiqarib yuboramiz. Keyin Angliya chempioni. Bizga omad kulib boqayotgani haqida aytishdi. Men nega bunday deyishganiga tushunmadim. Ammo “La Decima” tarixiy natija bo‘ldi (tabassum).

Qo‘lga kiritilgan kuboklar haqida

2012-yilda jamoaga qo‘shilganimda g‘alabalarga chanqoq edim, chunki men “Tottenxem”dan kelganman, u yerda to‘rt yil ichida katta muvaffaqiyatlarga erishdik, lekin “taqachilar” bilan sovrin yutish menga nasib etmadi.

Parijda Chempionlar ligasida g‘alaba qozonganimizdan so‘ng: “Ertadan boshlab biz Chempionlar ligasining 15-kubogi ustida ishlay boshlaymiz”, dedik. Bu “Real Madrid”. “Qirollik klubi”da “o‘tish” mavsumi yo‘q. Siz har yili g‘alaba qozonishingiz kerak.

“Santyago Bernabeu” haqida

“Santyago Bernabeu”dagi olqishlar? Bu o‘zgacha tuyg‘u, men ularni har kuni eshitaman. Muxlislar meni juda yaxshi ko‘rishlarini his qilaman. Oramizdagi mehr tobora kuchayib bormoqda va bu menga juda yoqadi.

Matbuot bosimi ostida

Mening shikoyat qiladigan hech narsam yo‘q. Ommaviy axborot vositalari hamon meni hurmat qilishini his qilyapman.

Kelajak haqida

Men bilan hisoblashishyaptimi, demak hali o‘ynayman. “Real Madrid”ning muvaffaqiyatiga hissa qo‘shganman va bu meni juda xursand qiladi. Orzuyimga erishdim.

Luka Modrich bu yil 37 yoshga to‘ladi. Maydon markazida to‘p tepadigan futbolchilar bu yoshda allaqachon faoliyatini yakunlagan yoki kuchli beshlik chempionatlaridan tashqarida bo‘ladi. Biroq Modrich hamon yuqori sport formasini saqlab qolgan. Aynan u Ronaldu-Messi davrida “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritdi. Shuning o‘zi Lukaning darajasini belgilab beradi. JCH-2022 da Xorvatiya terma jamoasi sardori sifatida ishtirok etadi. Katta ehtimol bilan, bu uning uchun so‘nggi mundial bo‘ladi.

Manba: www.sports.ru
Kiritildi: 12:46, 03.07.2022.
O'qildi: 2781 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.