Kirish Ro'yxatdan o'tish
04/12 00:30 Ipsvich 0-1 Kristal Pelas
04/12 01:15 Lester 3-1 Vest Xem
05/12 00:30 Nyukasl 3-3 Liverpul
05/12 00:30 Sautgempton 1-5 Chelsi
05/12 00:30 Everton 4-0 Vulverhempton
05/12 00:30 Manchester Siti 3-0 Nottingem Forest
05/12 01:00 Atletik Bilbao 2-1 Real Madrid
05/12 01:15 Aston Villa 3-1 Brentford
05/12 01:15 Arsenal 2-0 Man. Yunayted
06/12 00:30 Fulhem - Brayton
06/12 01:15 Bornmut - Tottenhem
06/12 22:30 Inter - Parma

Murabbiylar: Hayot so‘qmoqlari aro o‘tib...

Murabbiylar: Hayot so‘qmoqlari aro o‘tib...

Baho:
+ | -

Yakunlangan mavsum «Ayntraxt» bilan YELda g‘alaba nashidasini surgan murabbiy Oliver Glasner - og‘ir qismat egasi.

Deylik, u futbolchilik faoliyatini ancha erta yakunlashga majbur bo‘lgan. 2011 yilning 31 iyul kuni «Rapid»ga qarshi kechgan o‘yin Oliver uchun 25-daqiqadayoq yakunladi. O‘shanda bo‘lajak murabbiy raqib bilan to‘qnashib ketgan va boshi qonga belangan holda maydondan chiqib ketgandi. Keyin peshonasi tikildi, baxtiga, suyagi sinmagani ma’lum bo‘ldi. Qisqasi, Oliver 1 kun dam olgach, mashg‘ulotlarga qaytdi. Chunki jamoasini YELdan o‘rin olgan «Brondbyu»ga qarshi javob uchrashuvi kutib turgandi...

***

Safga qaytgan Glasner avvaliga bosh bilan o‘ynashdan ti­yildi, Daniyada olib borilgan mashg‘ulotlarda esa Mixael Angershmid (hozir «Ayn­traxt»da Oliverning assistenti)dan to‘pni aynan yuqorilatib uzatishini so‘radi. Biroq 8 yoki 9-uzatmadan ke­yin to‘pga bosh qo‘ygach, birdan o‘zini noxush his qildi va bosh murabbiy Paul Gludovasga o‘yinda jamoaga yordam berolmasligini aytdi. Ko‘p o‘tmay, boshi aylanib, kuchli og‘riq seza boshladi. Natijada klub shifokori futbolchining hamxonasi Tomas Gebauerga zudlik bilan qo‘ng‘iroq qildi. «O‘zi nima bo‘lganini eslolmayman. Bilganim shuki, rafiqamga Kopengagendan qo‘ng‘iroq qilib, shoshilinch jarrohlik amaliyotiga rozilik berishini so‘rashgan ekan. Shu asnoda uyda o‘yinimizni xotirjam kutib o‘tirgan ayolim qo‘qqisdan hayotim xavf ostida ekanligidan xabar topgan...», - degandi Oliver o‘sha yoqimsiz holat haqida.

*** 

Germaniya chegarasida ul­g‘aygan Glasner - Matteus muxlisi. Gludovas vaqtida «Ridau» klubida mas’uliyati baland libero pozisiyasida ishonchli to‘p surayotgan 15 yoshli Glasnerni Avstriya o‘smirlar termasiga jalb etgandi. «Terma jamoadan mustahkam joy olishni istasang, «Lins» akademiyasiga o‘t» - Oliver murabbiyning ushbu tavsiyasini qat’iyan rad etadi: «Onam meni yolg‘iz tarbiyaladi. U ro‘zg‘or tebratish uchun kun bo‘yi tinim bilmay ishladi, men esa erkin ulg‘aydim. Shunday ekan, oilamni tashlab ketolmayman».

*** 

Oliver 20 yoshda Avstriya Bundesligasiga ko‘tarilgan va dastlabki gollaridan birini Fridel Raush klubi - LASK darvozasiga urgandi. Raush 2ta jasorati bilan tanilgan: 1969 yilgi «Rur derbisi»da polisiyachilar iti oyog‘ini tishlab olganidan keyin ham o‘yinni davom ettirgan va 1980 yili «Ayntraxt» bosh murabbiyi sifatida UYEFA kubogini qo‘lga kiritgan. Glasner esa 18 yil ichida «Rid» bilan 2 marta Avstriya kubogiga sazovor bo‘ldi, jamoa sharafini 500tadan ortiq o‘yinda himoya qildi, sardorlik maqomiga ko‘tarildi. U jumladan, 2008 yili Avstriyaning eng kuchli futbolchilari beshligidan joy oldi. Lekin milliy jamoada ishonchni oqlolmadi, boz ustiga, LASKdagi 1 yillik faoliyat bilan klub miqyosidagi yurishi ham xotima topdi. «Saviyam Germaniyadan taklif oladigan darajada emasdi. Ammo doimo jamoa­viy ijrochi sanalganman», - deydi Oliver futbolchilik davrini esga olib. Boshidan jiddiy jarohatlanganidan keyin ham «Rid»ga yordam berish istagi Glasnerni yana jarrohlik stoliga yetakladi. Shifokorlar uning bosh suya­gi qopqog‘ini ochib, miyasidagi muammo (xavfli qon oqish)ni bartaraf etishdi. «Agar mashg‘ulotlarda bosh bilan zarba yo‘llashni to‘xtatganimda, qon ketishi keyinroq, masalan, uyqu payti yuz berarmidi? Bu holda menga hech kim yordam berolmasdi. Menimcha, bosh bilan bergan zarbalar hayotimni saqlab qolgandi», - deydi Oliver. «Rid»ning o‘sha vaqt Daniyada bo‘lgani - Oliverning baxti. Tibbiyoti rivojlanmagan mamlakatda uning hayotini saqlab qolishning iloji topilmasdi, - bu avstriyalik jurnalist Daniel Mandl xulosasi. Glasnerning hayot aqidasi ham sodda va tushunarli: «Telefonimda saqlanayotgan suratlar menga barchasini eslatib turadi: odam hamisha o‘ziga berilgan iste’dodni qadrlashi va kamroq ming‘irlashi kerak. Afsuski, ko‘pincha buni unutib qo‘yamiz. Vaholanki, barcha ijobiy jihatlar qadriga yetish juda muhim. Misol uchun, 18 yoshda ilk bor samolyotda parvoz qilgandim, hozir charter reys­da uchyapmiz. Yoshligimda bitta eskigina mashinam bo‘lardi, endi zamonaviy «toychoq»qa egaman. Esimda, mash­g‘ulot zaliga borganimizda, klubdoshlarimdan biri u yerdagi shoroitlardan noligandi. Shunda unga buning uchun klub haq to‘lashi, yana bir necha yildan keyin zalda shug‘ullanishni istasak, o‘z cho‘ntagimizdan xarajat qilishimizga to‘g‘ri kelishini aytgandim».

*** 

Glasner keyinchalik «RB Zalsburg» ofisida ish boshladi va rafiqasi hamda Ralf Rangnik tufayli murabbiy bo‘ldi. Vaholanki, «Rid»da faoliyatini yakunlayotgan vaqt ham murabbiylik ishi haqida o‘ylamagandi. Qisqasi, Oliver mashhur adashi Birxoff maslahati bilan iqtisod sohasida tahsil olgach, «RB Zalsburg»da koordinator sifatida ish boshladi. Lekin bu yo‘nalishda uzoq qolgani yo‘q: «4 yoki 5 oy o‘tgach, «RB» o‘zga yo‘nalishda suzayotgan «qayiq»dek tuyuldi. Bunda kasbdoshlarim yordamlariga umid bog‘lay olmasdim. Shuning uchun ketishni lozim topdim, hattoki, ajratilgan xizmat mashinasini ham topshirdim. Biroq klub prezidenti tez orada «Zalsburg» hayotida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishiga ishontirgach, fikrimdan qaytdim». 

*** 

Oliver aynan o‘sha davrda ishsiz zerikib qolmaslik uchun rafiqasi maslahati bilan murabbiylik kursini tamomlagandi. Keyin Ralf Rangnik uni alohida suhbatga chorladi: 

- Xo‘sh, endi nima qilmoqchisan?

- Ofisda ishlash yoqmayapti. Maydon o‘ziga tortayotgandek.

- Hozir bosh murabbiy Shmidtga assistent izlayapmiz. Bir urinib ko‘rasanmi?

Shundan atigi 2 hafta o‘tgach, Shmidt - Glasner juftligi tayyorlagan jamoa YEL saralashida «Dyudelanj»dan yengildi va har ikkisi iste’fo xavfi ostida qoldi. Muhimi, Rangnik yosh mutaxassislarni oxirigacha qo‘llab-quvvatladi va ular 2 yildan so‘ng chempionlikni nishonladilar. 2014 yilga kelib, Shmidt ortidan «Bayer»ga yo‘l olgan Oliver klubda ish boshlashga ulgurmay, Avstriyaga qaytdi. Adi Xyutterni «Zalsburg»ga qo‘yib yuborgan «Rid» hamkorlikka chorlagandi. Futbolchilik davrini asosan «Rid»ga bag‘ishlagani boismi, Glasner klubda uzoq ishlashga umid bog‘lagandi. Lekin 1 yildan keyin uni LASKga chaqirishdi. Yosh mutaxassis avvaliga yangi jamoasini Avs­triya Bundesligasiga qaytardi, 2 yildan keyin 2-o‘ringa olib chiqdi va «Volfsburg»dan taklif oldi. Muhimi, Glasner «bo‘rilar» bilan tezda til topishib oldi. Chunki jamoada barcha legionerlar nemis tilini yaxshi bilishardi. LASKda aksincha, futbolchilarning ko‘proq ing­liz va ispan tilida so‘zlashishgani qiyinchilik tug‘dirgandi. «Volfsburg» yakunda Oliver yordamida CHLga qaytdi, ammo murabbiy klub direktori bilan hech chiqisholmadi. «Men uchun eng muhimi - ertalab ishga borish istagining bor yoki yo‘qligi. Agar alohida ishtiyoq sezmasangiz, boshqa yumush bilan shug‘ullanganingiz ma’qul» - Glasner «Ayntraxt»ga o‘tishini shunday izohlagandi. 

*** 

Andre Silva yetakchiligida bir qator futbolchilardan ayrilgan Frankfurt jamoasini qayta shakllantirgan yangi bosh murabbiy qishki ta’tilga 6-o‘rinda chiqdi. To‘g‘ri, shogirdlarini o‘zining o‘jar tabiatiga moslashtirgan avstriyalik murabbiy jamoasi yakunda 11-o‘ringa tushib qoldi. Lekin ushbu muvaffaqiyatsizlikni YEL bosh sovrini bilan to‘liq yuvdi. Axir «Ayntraxt» ikkinchi darajali yevrokubokdagi g‘alaba tufayli yangi mavsumni CHLda boshlaydigan bo‘ldi. Bu Frankfurt drujinasi uchun chinakam yutuq, albatta.

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 22:31, 13.07.2022.
O'qildi: 1679 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.