Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Zidan murabbiylik ishiga qaytmoqchi

Zidan murabbiylik ishiga qaytmoqchi

Baho:
+ | -

23 iyun kuni 50 yoshlik yubileyini nishonlagan betakror Zayniddin Zidan hafta davomida ko‘plab sport nashrlari muqovasini «egalladi».

Jumladan, L’Equipe ham bosh sahifasini yubilyar surati bilan bezadi va undan eksklyuziv intervyu oldi. Qiziqarli suhbat! Zero, buyuk Zizu suhbat jarayonida futboldagi shonli yo‘lini esga oldi, shuningdek, murabbiylik faoliyatiga bog‘liq ke­yingi rejalariga ham to‘xtaldi.

«PSJ»da ishlash  varianti

- Hech qachon - bu iborani ayniqsa, murabbiy sira ishlatmasligi kerak. Futbolchilik davrida har qanday klubni bemalol tanlash mumkin. Lekin murabbiylikda bosh­qacha. O‘z misolimda aytsam, hozir men borishim mumkin bo‘lgan 50talab klub yo‘q. Atigi 1-2ta real variant bor. Agar klub futboliga qaytsam, faqat g‘alabani ko‘zlayman, albatta. Qisqasi, kamtarlikni unutmagan holda aytaman: to‘g‘ri kelgan klubga borolmayman.


«MYU»da ishlash  varianti

- Ingliz tilida bemalol gapiraman, lekin mukammal bilmayman. To‘g‘ri, ayrim murabbiylar til bilmasdan ham ishlashadi. Lekin men bunday qilolmayman, falsafam boshqacha. Deylik, g‘alaba qozonish uchun mashg‘ulotlarda ko‘plab jihatlarni obdon tushuntirish, futbolchilar bilan to‘liq aloqada bo‘lish talab etiladi. Tilni mukammal bilmasangiz, buning iloji yo‘q. Umuman, qaysi yo‘l g‘alaba sari olib borishini unutmaslik kerak.


Kelajak rejalari

- Albatta, murabbiylik faoliyatini tiklash niyatidaman. Qolaversa, nega endi shaxsan o‘zim biror loyihani mustaqil boshqarmasligim kerak?


Fransiya termasida ishlash varianti

- Yashirmayman, milliy jamoani boshqarish - g‘urur uy­g‘otadigan ish-orzu. Umid qilamanki, kun kelib, bunga erishaman. Qachon? Bilmayman, chunki hammasi faqat o‘zimga bog‘liq emas. Bilganim shuki, terma jamoadagi faoliyatim hali yakunlangan emas. Fransiya termasiga ustozlik qilish men uchun ajoyib imkoniyat bo‘lardi.


CHLdagi ketma-ket g‘alabalar

- Baralla ayta olaman: CHLda hech qachon omad tufayligina g‘alaba qozonolmay-ciz. Qatorasiga 3 marta g‘olib chiqish esa... Bu chindan ham, sehrli, aqlga sig‘mas natija. O‘sha mavsumlar ishga borimni berdim, muhimi, futbolchilar ham g‘oyalarimga to‘liq ishonishdi. O‘z navbatida, ularning salohiyatlariga zarracha shubhalanmadim. Yakunda seriyali g‘alabalardan ortiqcha hayron ham bo‘lmadim. Chunki taxtga ko‘tarilish uchun bor quvvat-salohiyatimni berdim.


Eng yaxshi final 

- «Yuventus»ga qarshi kechgan final va g‘alaba alohida ahamiyat kasb etadi. Shaxsan o‘zim uchun shunday. Birinchidan, futbolchi sifatida «Yuve»da o‘ynagandim. Ikkinchidan, uning safida CHLda g‘alaba nashidasini surish nasib etgan emasdi.


Tanaffus vaqtiga yondashuv

- Kiyinish xonasida futbolchilarni tinch qo‘yish kerak. Chunonchi, ular tanaffusda shunchaki, biroz tin olishga ehtiyoj sezishadi. Qolaversa, 15 daqiqalik suhbat mutlaqo foydasiz. Bu vaqtda futbolchilarga zarur ma’lumotlarni sifatli yetkazish mumkin emas.


Yulduzlar bilan ishlash

- Nomdor futbolchilar bilan bir xil narsalarni boshdan o‘tkazganim katta yordam beradi. Siz yulduzlar bilan ishlashda zinhor ulardan yuqori turishga intilmasligingiz kerak. Yana ularni g‘azablantirish yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Xayriyatki, bu masalada qandaydir «men»ga ega emasman. Umuman, boshqalardan ustun bo‘lishni istagan futbolchilar va murabbiylar bilan bog‘liq salbiy holatlarni ko‘p ko‘rganman. Bulardan tegishli xulosalar ham chiqarganman, albatta.


«Real» bilan munosabati

- Imkon topishim bilan «Bernabeu»ga boraman, u yerda alohida o‘rindiqqa egaman. Farzandlarim va do‘stlarim ham o‘yinlarni bevosita stadionda kuzatishga moyillar. Misol uchun, «Real» va «Liverpul» o‘rtasidagi oxirgi finalni ham «Stad de Frans»da tomosha qildim.


Karim Benzema fenomeni

- Hayotda tug‘ishgan ukam yo‘q, Karim esa men uchun ukadan ham qadrli. Muntazam aloqadamiz. Uning natijalaridan sira hayratlanmayman. Chunki katta ishlar uddasidan chiqishini yaxshi bilaman. Umuman, Karim «Madrid»da hamisha eng yaxshilar qatorida bo‘lgan. Bu yil «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritadimi? Uning nomzodini butun dunyo yoqlaydi, menimcha.


Salfetka voqeasi

- Monakodagi gala-oqshom, kechki ovqat, katta stol atrofida o‘tiribmiz. Florentino Peres birdan menga qaradi va oddiy salfetka uzatdi. Qarasam, yozuvi bor ekan: «O‘tmoqchimisan?»  Shunda o‘sha salfetkaning o‘ziga javob yozdim: Yes. Peres haligacha mendan nega aynan inglizchada javob yozganimni so‘raydi. To‘g‘risi, buni o‘zim ham bilmayman.


«Real»ning 5-raqamli formasi

- Florentino «Real»da faqat «5» raqami bo‘sh ekanligini aytganida, bunda qandaydir muammo yo‘qligini bildirgandim. Mana, bu raqam endi men uchun juda qadr­li bo‘lib qoldi, ko‘p narsalardan guvohlik beradi. Deylik, «Yuventus»da ham, «Madrid»da ham 5 yil o‘ynadim, «Real»ning CHLdagi 5ta zafarida ishtirok etdim.... Sizga aytsam, mehmonxonaga kirib, 5-qavatga o‘rnashsam, faqat g‘alaba qozonamiz.


50 yoshdan keyingi hayot

- Hayot davom etmoqda. Hali ham bolaman, faqat kattaroq. Dunyoda o‘zim yoqtirgan hammasidan boricha zavqlanishni xohlayman. Istagan ishiga qo‘l uradigan, o‘zi xohlagan qadamni bosadiganlar toifasidanman. Tabiatan barchasini chin yurakdan bajarishga odatlanganman. Shuning uchundir ko‘pincha ishlarim yurishadi. Umumiy holatim juda muhim, bunga jiddiy qarayman. Sayrga chiqishni yoqtiraman, muntazam tennis bilan shug‘ullanaman. Bular - hayotimning bir qismi. Turmush o‘rtog‘imda ham xuddi shunday. Biz hayotga bir xil qaraymiz...

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 16:30, 18.07.2022.
O'qildi: 7381 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.