Kirish Ro'yxatdan o'tish
15/11 02:00 Venesuela 1-1 Braziliya
15/11 04:30 Paragvay 2-1 Argentina
15/11 05:00 Ekvador 4-0 Boliviya
15/11 17:00 Indoneziya 0-4 Yaponiya

Yasin Adli: «Murabbiy tanlagan pozisiyaga moslashishga intilaman»

Yasin Adli: «Murabbiy tanlagan pozisiyaga moslashishga intilaman»

Baho:
+ | -

O‘tgan mavsum «Milan» 2017 yilda sayyoramizning eng iqtidorli yosh futbolchilari ro‘yxatidan joy olgan yarim himoyachi Yasin Adlini Fransiyaning «Bordo» klubidan 9 million yevro evaziga sotib olgandi. Lekin futbolchi yana bir yil Bordoda qoladigan bo‘ldi - ijaraga berildi. Mana, asli kelib chiqishi jazoirlik bo‘lgan, lekin Fransiyada tug‘ilgan iqtidor yangi mavsumdan orzulari sari yo‘lga chiqadi. Yasin yangi jamoasiga qo‘shilishi bilan «MilanTV»ga intervyu berdi.

- Yasin, o‘tgan mavsumdagi harakatlaringiz haqida gapirsangiz.

- Albatta, oson bo‘lmadi. To‘g‘risini aytsam, so‘nggi uch yil ancha qiynaldim, chunki men borganimda klub og‘ir davrni boshdan kechirayotgandi. Bu esa, o‘z navbatida, menga shaxs sifatida kuchayish, qiyin vaziyatlarni yengishda asqotdi. O‘ylaymanki, kelajakda shu tajriba har qanday mushkulotlarni yengib, oldinga intilishda yordam beradi.

- Yangi jamoangizda fransuzlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Bu sizga afzalliklar berishi mumkinmi?

- «Milan»dek klubdan taklif tushsa, tarkibda qanday o‘yinchilar bo‘lishi muhim emas - shunchaki bu jamoaga o‘tishni xohlaysiz. Albatta, yonimda hamyurtlarimning ko‘pligi qo‘shimcha rag‘bat hisoblanadi. «Milan» - buyuk klub. Men faqat shu afsonaviy jamoa safiga qo‘shilishni xohladim.

- Ballo-Ture va Menyanlarni oldindan taniysizmi?

- Ular bilan «PSJ» akademiyasida birga tahsil olganmiz. Mayk mendan biroz katta, shuning uchun uning o‘yinlarini tez-tez kuzatardim, ayniqsa, yoshligimda. Fode bilan kamroq o‘ynaganman, shuning uchun yaqin tanish emasmiz. Lekin endi, bu yerda - «Milan»da bir-birimizni chinakamiga bilib olamiz, degan umiddaman. Parijliklar bilan birga o‘ynash ajoyib.

- Ismoil Bennacerni-chi, qanchalik taniysiz?

- Uni juda yaxshi bilaman. Bizning agentimiz bir. Menimcha, u juda yaxshi futbolchi, ehtimol, ayni paytdagi eng kuchli yarim himoyachilardan biridir. Ismoilning harakatlari hayratlanarli va ishonchim komilki, u bundan ham yaxshiroq o‘ynab, o‘z nomini futbol tarixiga yozdira oladi.

- Qaysi pozisiya siz uchun qulay?

- Men futbol o‘ynashni afzal ko‘raman. Murabbiy topshiradigan pozisiyaga moslashishga harakat qilaman. Men uchun alohida qulay rol yo‘q, turli chiziqlarda o‘ynaganman va aynan shu mening afzalliklarimdan biridir. 

- Nihoyat, Chempionlar Ligasi bahslarida maydonga tushasiz...

- Ushbu turnirda qatnashish - bolalikdagi orzuim. Har bir futbolchi faoliyatini boshlaganida YECHLda ishtirok etishni orzu qiladi. Buni amalga oshirishim mumkinligiga aql bovar qilmaydi, lekin hammasiga tayyor turish uchun ham yaxshi tayyorgarlik ko‘rishim kerak.

- Eshitishimizcha, musiqaga qiziqarkansiz?

— Otam men, singlim va ukamni musiqa akademiyasiga o‘qishga yuborganidan beri ushbu sohaning ashaddiy muxlisiman. To‘rt yil davomida skripka chaldim. Singlim pianino chalardi, men esa uning ijrosini miriqib tomosha qilardim. Shuning uchun doimo pianino va musiqaga ishtiyoqim kuchli bo‘lgan.

- Tug‘ilib-o‘sgan shahringiz haqida gapirib bersangiz.

- Viljyuif men uchun juda muhim joy, shu yerda ulg‘aydim. Ona shahrimdagi yosh futbolchilarning o‘zim kabi imkoniyatlarni qo‘lga kiritishlariga yordamlashishga harakat qilaman. Uyushma bilan birgalikda qadriyatlarimizni targ‘ib qilishga intilamiz. Hozir qiyin kunlarni boshdan kechiryapmiz, chunki assosiasiyamiz o‘yinchilaridan biri Zayniddin yaqinda vafot etdi. Fursatdan foydalanib, yana bir bor hamdardlik bildirmoqchiman.

- Sizning o‘yinlaringizdan kelib chiqib, Zidanga ham qiyoslashadi...

- ZiZu - meni chinakamiga hayratlantirgan futbolchi, uning o‘yinini doim kuzatib borganman. O‘z tajribamga kelsak, «Bordo»da uch yil, Liga 1da jami 100ta o‘yin o‘tkazdim, shuning uchun biroz tajriba to‘pladim. Endi fantastik o‘yinchilar guruhiga ega mutlaqo boshqa klubga o‘tdim. Murabbiyga, jamoaga yordam berishga tayyor bo‘lishim va asosiy tarkibdan joy olishga harakat qilishim uchun yangi voqelikka ko‘nikishim kerak.

- Kimga qarshi uchrashishni intiqlik bilan kutyapsiz?

- Bunaqasi yo‘q. Butun jamoa bilan birgalikda tezroq ishga kirishishni orziqib kutyapman.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:14, 26.07.2022.
O'qildi: 1176 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.