Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Ro‘ziqul Berdiyev: «Ushbu mavsumda chempionlik uchun ham, OCHL yo‘llanmalari uchun ham oxirigacha kurash bo‘ladi»

Ro‘ziqul Berdiyev: «Ushbu mavsumda chempionlik uchun ham, OCHL yo‘llanmalari uchun ham oxirigacha kurash bo‘ladi»

Baho:
+ | -

Coca Cola Superliga 14-turidan o‘rin olgan “Nasaf” – “Navbahor” (0:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida “ajdarlar” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi. Ro‘ziqul Sa’dullayevich o‘z so‘zini odatdagidek, yakunlangan bahs haqidagi fikrlari bilan boshladi.

— O‘yinni yomon boshladik. Dastlabki 10 daqiqa biz uchun juda yomon kechdi va o‘z darvozamizdan to‘p o‘tkazib yubordik. Shundan so‘ng, o‘yin “Navbahor”ning rejasi bo‘yicha kechdi. Ikkinchi bo‘limda ancha tashabbusga ega bo‘ldik. Tezlikda ham, hujumda ham faol bo‘ldik. Ammo golga tortadigan vaziyatlar bo‘lmadi. Bunga “Navbahor” jamoasining yaxshi himoyalangani sabab bo‘ldi.

— Legioner o‘yinchilarni nega o‘yin boshidan maydonga tushirmadingiz?
— Ular hali bizning jamoani to‘liq o‘rganganlari yo‘q. Legionerlar mashg‘ulotlarda kerakli yuklamalarni olmoqda. Bundan tashqari, ular jismoniy tarafdan ham hali o‘yinlarga to‘liq tayyor emaslar. Shu sababli ham legionerlarni o‘yin boshida zaxirada qoldirdim.

— Yil boshida “Paxtakor”ga qarshi kechgan bahsda uch nafar  markaziy himoyachi bilan o‘ynagandingiz. Bugun esa to‘rt nafar himoyachi bilan o‘ynadingiz. Sizning nazdingizda hozirgi “Navbahor” mavsum avvalidagi “Paxtakor”dan kuchlimi? Nega tavakkal qilib ko‘rmadingiz?
— Yo‘q, biz ikki sxemada ham o‘ynaymiz. Avvalgi o‘yinlarda uch nafar himoyachi bilan o‘ynashimizga Sherzod Nasrullayevning jarohati sabab bo‘lgandi. Biz vaziyatdan kelib chiqib, uch nafar himoyachi bilan o‘ynaganmiz. Umuman jamoamizning asosiy taktik sxemasi 4-3-3 hisoblanadi. Shu sababli ham bugungi o‘yinga aynan shunday sxema tanlandi.

— Lekin o‘yinni saqlab qolish uchun uchrashuvning so‘nggi 20-25 daqiqasida tavakkal qildingiz. Balki, o‘yin avvalida shunday taktika tanlaganingizda “Navbahor” bu kabi keskin hujumlar tashkil qila olmagan bo‘larmidi?
— Yo‘q, menimcha. O‘yin oxirida tavakkal qildik. Lekin vaziyatlar yaratishda juda oqsadik. Buni o‘zingiz ham ko‘rdingiz. Ammo yigitlarga bu o‘yin uchun rahmat deb qolaman. Ular oxirigacha kurashishdi. Hech bo‘lmasa durang uchun kurashishdi. Lekin kamchiliklar bo‘ldi. Buni bartaraf etish uchun birgalikda harakat qilamiz.

— Oxirgi marta “Nasaf” o‘yinchilarining texnik xatolarga bunchalik ko‘p yo‘l qo‘yganlarini to‘g‘risi eslolmadim. Bu nima bilan bog‘liq? O‘yin davomida shogirdlaringiz ko‘plab texnik xatoliklarga yo‘l qo‘yishdi...
— Bu albatta hayajon bilan bog‘liq. Aynan hayajon sababli, yigitlarning o‘yinga bo‘lgan tayyorgarliklari oshib ketgandir. Shuning uchun bahsni juda asabiy boshladik. Ba’zi yigitlarda bu narsa o‘yinning oxirigacha davom etdi.

— “Navbahor” joriy mavsumda o‘z oldiga oliy maqsad qo‘ygan. Nima deb o‘ylaysiz, “Navbahor” mazkur o‘yini bilan bu yil OCHL yo‘llanmasini qo‘lga kirita oladimi?
— OCHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun chempionat, kubok o‘yinlari bor. Bir narsani aniq ayta olamanki, ushbu mavsum chempionlik uchun ham, OCHL yo‘llanmalari uchun ham oxirigacha kurash bo‘ladi. Sababi, bu yil bir necha jamoalarning saviyasi bir xil darajada. “Navbahor” ham bu ro‘yxatda bor, albatta. Ammo aynan bir jamoani alohida ko‘rsatmayman. Bu yil ko‘pchilik o‘rtasida kurash kechadi.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Manba: www.pfcnavbahor.uz
Kiritildi: 05:40, 03.08.2022.
O'qildi: 2605 marta.
Fikrlar: 16 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.