Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Xorvatiya safari «Bunyodkor» uchun mahorat maktabi vazifasini o‘tadi

Xorvatiya safari «Bunyodkor» uchun mahorat maktabi vazifasini o‘tadi

Baho:
+ | -

Xorvatiya futboli haqida ortiqcha ta’rifga hojat bo‘lmasa kerak. Dunyo futboliga Davor Shuker, Luka Modrich kabi superyulduzlarni tarbiyalab bergan yurtda bugungi kunda ham yangidan-yangi nomlar kashf etilmoqda.

E’tiborlisi, xorvatlar hech qachon bugungi kun muvaffaqiyati bilan to‘xtab qolmaydilar va yangidan-yangi marralar sari dadil ildamlashda davom etishyapti. Futboli yil sayin taraqqiy etib borayotgan xorvatlar, tabiiyki, o‘zlari uchun munosib bo‘lgan davlatlar bilan hamkorlik rishtalarini bog‘lashadi.

Ma’lumki, Toshkentning “Bunyodkor” klubi so‘nggi paytda Xorvatiya futboli bilan yaqindan hamkorlik qilishni boshladi. Maqsad har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish.

“Asosiy maqsad, birinchi navbatda, bolalar-o‘smirlar futboli sohasida o‘zaro tajriba almashish, o‘zbekistonlik yosh murabbiylarning Xorvatiyada amaliyot o‘tashlari, yevropalik malakali mutaxassislarning yurtimizga kelib, seminar va treninglar tashkil etishlari, o‘z ish uslubi va tajribalari bilan o‘rtoqlashishlari, O‘zbekistonda va Xorvatiyada tashkil etiladigan musobaqalarda har ikki davlat jamoalarining qatnashishlaridir. Bir so‘z bilan aytganda, “Bunyodkor” futbol klubi Xorvatiya bilan hamkorlikda o‘zbek futboliga yangiliklar tatbiq qilishni maqsad qilgan”, - deydi “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruvi raisi, “Bunyodkor” futbol klubi prezidenti Mehriddin Abdullayev.

O‘zaro hamkorlik rishtalari yo‘lga qo‘yilgach, o‘tgan qisqa vaqt ichida bir nechta amaliy ishlarga ham qo‘l urildi. Bu ham, o‘z navbatida, rejalar nechog‘lik jiddiy ekanligidan dalolat beradi. Yaqinda “Bunyodkor”ning uchta yosh jamoasi Split shahrida tashkil etilgan xalqaro “Dalmatinko” kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etib qaytishgan edi. Mazkur hamkorlikning davomi sifatida “Bunyodkor” U-21 yoshlar jamoasi 18-30 iyul kunlari Zagreb shahrida yozgi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazishdi. Ivan Boshkovich murabbiyligidagi jamoa yig‘in davomida 4ta nazorat-sinov uchrashuvida maydonga tushdi. Raqiblarning uchtasi Xorvatiya chempionatining quyi ligasi ishtirokchilari – “Medimurye”, “Polet” va “Segesta” klublari bo‘lgan bo‘lsa, to‘rtinchisi- mamlakat ichki chempionatining amaldagi g‘olibi,“Dinamo” Zagreb jamoasining o‘rinbosarlari bo‘ldi.

Dastlabki uchrashuvni “qaldirg‘ochlar” “Medimurye” klubiga qarshi o‘tkazishdi. Birinchi bo‘limda garchi har ikki jamoada ham hisobni ochish uchun qator qulay vaziyatlar yuzaga kelgan bo‘lsada, birgina gol kiritildi. Ushbu gol mezbonlar vakili Dorde Magdelinich hisobiga yozildi. Tanaffusdan keyin ham o‘yin qarama-qarshi hujumlar ostida kechgan bo‘lsada, darvozaga bitta gol kiritildi. “Bunyodkor” darvozasiga kiritilgan ikkinchi golga Petar Xavoyich mualliflik qildi.SHu tariqa, qiziqarli kechgan birinchi o‘yin 0:2 hisobida yakun topdi.

Ivan Boshkovich shogirdlari ikkinchi uchrashuvni Xorvatiyaning eng nomdor hisoblangan,yoshlar o‘rtasidagi UYEFA Chempionlar ligasida muntazam tarzda qatnashib keladigan “Dinamo” Zagreb jamoasiga qarshi o‘tkazishdi. Uchrashuvni ko‘tarinki ruhda boshlagan “Bunyodkor” yoshlari dastlabki 45 daqiqalikda sezilarli ustunlikka ega ham bo‘lishdi. 8-daqiqada Abdulloh Omonaliyev tomonidan kiritilgan gol evaziga “qaldirg‘ochlar” birinchi taymni 1:0 hisobida o‘z foydalariga hal qilishdi. Ammo ikkinchi taym boshlarida endi mezbonlar tashabbusni o‘z qo‘llariga olishdi va 47 va 50-daqiqalarda ketma-ket ikkita gol kiritishdi. Har ikki gol ham Lion Shiposh hisobiga yozildi. 2:1 hisobi o‘yin oxiriga qadar o‘zgarmadi.

O‘yindan keyin har ikki jamoa murabbiylari uchrashuv haqidagi fikrlarini quyidagicha izohlashdi.

Ivan Boshkovich, “Bunyodkor” ustozi:
- Raqib juda kuchli edi. Shunga qaramay, shogirdlarim yaxshi o‘yin namoyish etishdi. Ayniqsa, birinchi taymda ustunlikka ega bo‘ldik va birinchi bo‘lib hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldik. Tanaffusda boshqa o‘yinchilarga ham maydonga tushish imkonini berdim va 6 nafar o‘yinchini almashtirdim. Ikkinchi taymni yaxshi boshlay olmadik. To‘rt daqiqa ichida 2ta gol o‘tkazib yubordik. Shundan so‘ng yigitlarimiz o‘zlariga kela boshlashdi. Garchi uchrashuvda imkoniyatni boy bergan bo‘lsakda, jamoamiz o‘yinidan qoniqdim. Fursatdan foydalanib, bizga Xorvatiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘ininio‘tashimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib bergan “O‘zbekneftgaz” AJga va klub rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.

Damir Krznar, “Dinamo” Zagreb ustozi:
- Avvalo,“Bunyodkor” jamoasini ajoyib o‘yin bilan tabriklayman. Bugun imkoniyatlarga boy uchrashuv bo‘ldi. Ikki jamoa futbolchilari yaxshi futbol namoyish etishdi, deb hisoblayman. Raqib jamoa birinchi taymda bizdan yaxshiroq ko‘rindi. Chunki ular birinchi bo‘lib gol kiritishdi va juda yuqori pressingni amalga oshirdilar. Ikkinchi taymda biz ba’zi o‘zgarishlarni qilib, o‘yinni o‘z tomonimizga og‘dirdik. Bizda 20 nafar yaxshi darajadagi futbolchilar bor. “Bunyodkor”da asosiy tarkib va zaxira o‘yinchilari orasida farq bor ekan. Raqibimiz hujumkor va pozision futbol namoyish qildi va bu menga yoqdi. “Bunyodkor” yosh futbolchilar fabrikasi ekanligi shubha qoldirmadi. Boisi, klubda yoshlarga ko‘p e’tibor qaratiladi. Shu orqali ular katta tajriba to‘plashadi. “Bunyodkor” O‘zbekistonning yetakchi jamoalaridan biri va u to‘g‘ri yo‘ldan boryapti. Jamoada yaxshi futbolchilar ko‘p. Menga ko‘proq jamoa sardori Xurshid Ubaydullayev yoqdi. U, himoyachi bo‘lsa ham, hujumda yaxshi o‘ynar ekan.

“Bunyodkor” o‘rinbosarlarining navbatdagi raqibi Xorvatiya chempionati 3-ligasi ishtirokchisi, shimoliy mintaqa g‘olibi - “Polet” klubi bo‘ldi. Ushbu o‘yinda darvozalarga jami yettita gol kiritildi. Shundan uchtasi “qaldirg‘ochlar” hisobiga yozildi. “Bunyodkor” tarkibida kiritilgan gollarga Iskandar Soliyev, Ulug‘bek Kenjayev va Sudaysiy Jo‘raboyev mualliflik qildilar.

So‘nggi o‘yinda yoshlarimiz Xorvatiyaning eng qadimiy klublaridan bo‘lgan, tashkil topgan yili 1906 yil bilan zikr etilgan“Segesta” jamoasiga qarshi bahs olib borishdi. Bu galgi o‘yinda individual xatolar qimmatga tushdi. Va yirik 0:3 hisobida imkoniyat boy berildi.

“Evropa jamoalari bilan o‘ynash bizning tajribamizni oshiradi. Xorvatiyada o‘tkazgan yig‘inimiz sermahsul bo‘ldi. Kuchli jamoalar bilan kuch sinashdik. O‘ylaymanki, bu yerda orttirilgan tajribalarimiz ichki chempionat o‘yinlarida o‘z so‘zini aytadi. Bizga Xorvatiyada yig‘in o‘tkazishimizga sharoit yaratib bergan klub rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman”, - deydi “Bunyodkor” o‘rinbosarlari jamoasi himoyachisi Tohir To‘xtasinov.

Xorvatiya safari haqida xulosa sifatida shuni ta’kidlash joizki, yoshlarimiz garchi barcha o‘yinlarda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsalarda, asosiysi, mazkur uchrashuvlar orqali katta tajriba to‘plandi. Bu esa yaqin kelajakda o‘z so‘zini aytishiga ishonamiz.

Manba: fcbunyodkor.com
Kiritildi: 12:28, 04.08.2022.
O'qildi: 1515 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.