Taniqli sport jurnalistlaridan biri Nodirxo‘ja Yo‘ldoshev ayni dam klub tanlashda qiyin ahvolga tushib qolgan Eldor Shomurodov haqida fikr bildirdi. Uning fikricha, hamyurtimiz yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi uchun kuchsizroq jamoa safiga borib qo‘shilishi zarur.
"Shomurodovga oz qolyati, ammo bu uning muammosi emas. Eldor Shomurdovni "Roma" bilan juda uzoq yillarga mo‘ljallangan shartnomasi bor va uni juda kuchli "yurist"lar tuzgan. Bugun Rim va Eldor o‘rtasidagi muammodan Eldor yutqazadigan vaziyat bitta, u ham bo‘lsa o‘yin amaliyoti. Qolgan vaziyatlar uning foydasiga o‘ynaydi. Shomurodovning bu holati shubhasiz terma jamoamizga ham pand berishi mumkin, bu yilku bilinmas, ammo 2023 yilda Osiyo Kubogi bo‘lib o‘tadi. Qo‘l bilan sanoqli saviyada o‘yinchi qolgan MTJ uchun, o‘yin amaliyoti yo‘q Shomurodov tabiiyki katta yordam bera olmasligi mumkin. Shunga biz Shomurodovni "Roma"dan ketishini istaymiz, Angliyadan taklif bo‘layotganligini bildik, biroq bu chempionat uning uchun yangi va qanchalik moslashib olishini bilmaymiz. Italiyani esa allaqachon o‘zlashtirib oldi. Bu borada "Bolonya" eng maqbul variant. O‘tgan mavsumda 13-o‘rinni qo‘lga kiritdi. O‘rtamiyona, ammo Shomurodov uchun ayni muddao. Raqobat "Roma"chalik emas. Jamoaning asosiy hujumchisi Marko Arnautovich. Avvalgi mavsumda "Bolonya" uchun 14ta gol urgan.
Lekin bitta kichik muammo bor, Eldor bolonyaliklar bilan mavsumga tayyorgarlik ko‘rmadi. Klubini o‘zgartirgan holda asosiy tarkibga kirib olish uchun vaqt kerak bo‘ladi. "Roma"da qolishni istasa, "Roma" hech nima qila olmaydi. Ammo ketish kerak, 2021/22 yilgi mavsumda unga Mour deyarli imkoniyat bermadi. Bor yo‘g‘i 778 daqiqa. Agar buni, u o‘ynagan 28ta o‘yinga bo‘lsak, o‘rtacha maydondagi vaqt 28 daqiqaga yetar, yetmas. Bu juda kam. Maydonda kam o‘ynagani sari, yurakka yaqin olib siqilishlar ko‘p bo‘ladi.
Osiyo Kubogi biz uchun JCH-2026 saralash o‘yinlarining qur’asida yaxshiroq holatda bo‘lishi uchun juda kerak. Shomurodov hozir 26ga kirdi. 24-30 yosh hujumchilar uchun gullagan davri bo‘ladi, o‘sha davrni zaxirada o‘tkazib yuborish, O‘zbekiston miqyosidagi TOP hujumchi uchun "uvol" bo‘lardi. U hali arab davlatlariga ketishga ulguradi, Turkiyaga ham. Bugun Turkiyaga borib qo‘yib, ertaga istasa ham kuchli beshlikka qayta olmasligi mumkin, bu tavakkalchilik. Pulga ruju qo‘ymaganligini inobatga olsak, Eldorni "Bolonya"da Italiya ikkinchi marotaba kashf qilishiga ishonamiz, buning uchun avval u o‘zi "Bolonya" foydasiga qaror chiqarishi kerak, "Roma" esa u jamoaga biroz yon berib, so‘rayotgan pullarini kamaytirishi kerak bo‘ladi.
Nima bo‘lgan taqdirda ham, 31 avgustga qadar masala hal bo‘lishini istab qolardik!", — deydi mutaxassis.